Toshkentdagi Do‘stlik (sobiq Bobur) istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish konsepsiyasi 2024-yil 11-dekabrda prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Uni Moskvaning zamonaviy timsoli — Zaryade istirohat bog‘ini yaratishda ishtirok etgan Rossiyaning CM International kompaniyasi ishlab chiqqan.

Yangi loyihada daraxtlar sonini ko‘paytirish, to‘siqsiz muhit yaratish, bog‘ning asosiy xiyobonini kengaytirish, odamlarga suvga yaqinlashish imkonini berish, noqulay darvozalarni ochiq kirish maydonlariga almashtirish va boshqa yechimlar taklif qilingan.

Rekonstruksiya ishlari bog‘ni hukumat va Toshkent hokimligining yopiq qarorlari asosida 49 yilga boshqaruvga olgan BMP Smart Decision Group kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Avvalroq Toshkentdagi boshqa — G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i rekonstruksiyasi loyihasini amalga oshirgan ushbu kompaniya ayni vaqtda Abdulla Qodiriy bog‘ini ham obodonlashtirmoqda. Do‘stlik bog‘ini investorga berish va uni rekonstruksiya qilish masalasi aholi bilan muhokama qilinmagan.

2024-yil aprel oyida, yashil hududlar tadbirkor boshqaruviga o‘tkazilishi e’lon qilinganidan keyin taqdim etilgan birinchi loyiha bog‘ foydalanuvchilari orasida noroziliklarni keltirib chiqargan edi. Norozilikka chizmalardagi ko‘p sonli attraksionlar, unda “Sietl” parkining ko‘rsatilmaganligi va Seul bog‘ining ko‘chirilishi sabab bo‘lgan edi. Boz ustiga, hudud 2018−2021-yillarda rekonstruksiya qilingan edi. O‘shanda rekonstruksiyani shahar ma’muriyati qilgan va ishlar tugagach, bog‘ni o‘z zimmasiga olishni va’da qilgan edi.

Aholi bog‘ni investorga berish to‘g‘risidagi hukumat qarorini bekor qilishni talab qilib, sudga da’vo arizasi kiritdi, biroq uchta instansiya sudi aholinining talabiga rad javobi berdi.

Nima uchun investor tomonidan taqdim etilgan birinchi loyiha xom edi? Kompaniya attraksionlarni o‘rnatishdan voz kechgani aniqmi? Nima uchun ikkinchi ko‘lni suv bilan to‘ldirish mumkin emas? Rekonstruksiyadan keyin bog‘dagi daraxtlarning saqlanib qolishi borasida aholining xavotirlari asoslimi? Tadbirkor o‘z investitsiyalarini qanday qaytarib olmoqchi? Shu va boshqa savollar bilan “Gazeta.uz” muxbiri Sabina Bakayeva BMP Smart Decision Group kompaniyasi direktori Otabek Mirzajonov va operatsion direktori Zafar Mirzaulukovga murojaat qildi.

— 2021-yilgi rekonstruksiyadan oldin hokimlik aholi bilan gaplashmaguncha bog‘ni yangilash bo‘yicha hech qanday taklif bermagan. Avval odamlardan ularga nima kerakligini so‘rashgan, keyin esa loyiha ishlab chiqib, aholiga ko‘rsatishgan. Hokimlik bog‘ sizga o‘tkazilganini ma’lum qilgan vaqtda, nega siz ham xuddi shunday yo‘l tutmadingiz — loyihani taklif qilishdan oldin odamlar bilan gaplashib ko‘rmadingiz?

Otabek Mirzajonov: 3,5 million aholi yashaydigan shaharda aynan kimdan so‘rash kerak? Barcha istirohat bog‘lariga boshqa shaharlar, mamlakatlardan ham odamlar keladi. Kimdan so‘raymiz?

— Haqsiz, lekin Bobur istirohat bog‘ining eng ko‘p foydalanuvchilari — uning yaqin atrofida yashaydigan odamlar. 2022-yilda CM International Toshkent aglomeratsiyasidagi bir yashil hududning konsepsiyasini ishlab chiqayotgan vaqtda, kompaniya xodimlari menga bergan intervyusida o‘z ish uslublari haqida gapirib berishgan: ular foydalanuvchilar jamoasi bilan suhbatlashadi, odamlar — aynan eng ko‘p tashrif buyuruvchilar bu joydan qanday foydalanishni xohlashini aniqlab olish maqsadida antropologik tadqiqot o‘tkazadi. Kam keladiganlardan ham so‘rash mumkin, chunki doimiy va doimiy bo‘lmagan foydalanuvchilarning ehtiyojlari turlicha bo‘lishi mumkin. Termizdan Toshkentga kelgan odamga ko‘ngilochar bog‘ni tomosha qilish qiziqarli bo‘lishi mumkinligini tushunaman. Lekin bu yerda yashaydigan odamlarga “bayram-bog‘” kerak emas. Umuman olganda, Toshkentdagi boshqa barcha bog‘lar — “bayram-bog‘”. Bobur bog‘i — oxirgi yashil bog‘.

Otabek Mirzajonov: Xo‘sh, “bayram-bog‘"larimiz nechta ekan?

— Keling, sanab ko‘ramiz: “Navro‘z” va “Anhor-Lokomotiv” — bitta istirohat bog‘i, lekin “bayram-bog‘”. Sobiq Telman (Central Park) yashil bog‘, lekin attraksionlari bor, shovqinli. Magic City, “Ashxobod”, Furqat, G‘afur G‘ulom. Sizni ranjitish fikridan yiroqman, yaxshi istirohat bog‘lari bor, lekin bularning barchasi — ko‘ngilochar bog‘lar. 3,5 millionlik shahar uchun bu kamlik qilishini tushunaman. Biroq Bobur bog‘i ham “bayram-bog‘"ga aylansa, shaharda yashil bog‘lar qolmaydi. Faqat o‘zining ilmiy vazifasini amalda yo‘qotgan Botanika bog‘i qoladi, xolos.

Otabek Mirzajonov: Nima uchun Anhor sohilini yashil hudud sifatida hisobga olmayapsiz? Nima uchun aynan istirohat bog‘larini ko‘rib chiqyapsiz?

— Chunki u yer obodonlashtirilmagan. U yerda yoritish, risoladagidek yo‘laklar va panduslar mavjud emas. Anhorbo‘yining boshidan oxirigacha sayr qilish uchun u qirg‘oqdan bu qirg‘oqqa o‘taverishingiz kerak, chunki qayeridadir sohilbo‘yining o‘zi yo‘q, yana bir joyida sohilbo‘yi Prezident administratsiyasining hududi.

Otabek Mirzajonov: Qirg‘oqlar ustida ishlashyapti. Yozgi taqdimotda hokimlikdan aholini jalb qilishni so‘radik. Hokimlik mahalla qo‘mitalariga murojaat qildi, to‘rtta mahalla o‘z odamlarini taklif qildi. 50−60 kishi kelib, bolalar bilan sayr qilish mumkin bo‘lgan bog‘ni xohlashlarini aytishdi. Loyihaga qarshi chiqib, imzo qo‘ygan yuzlab odamlar — bu reprezentativ tanlov, deb kim ayta oladi? Axir, odamlarning ko‘pchiligi uch-to‘rttadan bolali, ular ham bolalar bilan sayr qilishni xohlashadi, bolalarga esa attraksionlar yoqadi.

— Qo‘lingizda Bobur bog‘i o‘rnida bunday istirohat bog‘iga muhtoj odamlar ko‘proq ekanligini ko‘rsatadigan tadqiqot yo‘q-ku, axir.

Otabek Mirzajonov: Birinchi va ikkinchi taqdimotlarni tayyorlayotganimizda tadqiqot o‘tkazishga vaqt yo‘q edi. CM International keyinchalik suhbat o‘tkazdi, ko‘ngilochar funksiyalarni aniqlash bo‘yicha chuqur tadqiqot esa hali oldinda. Lekin kompaniya aholining sokin bog‘ yaratish borasidagi fikrini inobatga oldi.

Biz shovqinsiz tomosha charxpalagidan boshqa karusellarni taklif qilmaymiz. Lekin bu bog‘da attraksionlar bo‘lmaydi, degani emas. Zamonaviy bog‘ qurilishida faqatgina karusellar attraksion hisoblanmaydi. Aviariy (qushlar uchun yirik qafas — tahr.) — bu ham attraksion, bolalar maydonchasi — attraksion. Qarang, G‘afur G‘ulom bog‘ida sirpanchiqlar, arg‘imchoqlar, arqon shaharchasi o‘rnatilgan oddiy bolalar maydonchasi bor. Bular ham attraksion.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

Shahar bog‘larining birlamchi vazifalari interaktiv, ekologik, iqlimiy, muzey-ko‘rgazma, ta’lim amaliyoti hisoblanadi. Bular — jamoat bog‘lari, ko‘cha san’at galereyalari, itlar uchun maydonchalar (bizda, albatta, buni qabul qilishmaydi), mutolaa zonalari, ko‘cha teatrlari, yovvoyi tabiat qo‘riqxonalari, interaktiv suv inshootlari, ko‘cha sporti maydonchalari. Bular karusel emas.

Men attraksionlar ko‘pchilikka kerak, demoqchi emasman. Faqat 10−15 nafar faollardan boshqalarning ham fikrini hisobga olishni taklif qilaman. Agar farzandingiz bo‘lsa, boshqa bog‘ga boring, deyish noto‘g‘ri. Bunday deyishga odamlarning nima haqi bor?

— Chunki siz avvaliga “bayram-bog‘” loyihasini taqdim etgansiz. Agar bu loyiha amalga oshirilsa, shaharda birorta ham yashil bog‘ qolmaydi, odamlarda tanlov bo‘lmaydi. Aynan shu sababli u odamlar orasida norozilikni keltirib chiqardi.

Otabek Mirzajonov: Bobur bog‘i har doim “bayram-bog‘” bo‘lgan. Bu yerda attraksionlar har doim bo‘lgan.

— Lekin siz xorijda ham bo‘lgansiz-ku. U yerlarda ham turli xil ko‘rinishdagi bog‘lar bor. Odatda shaharda bitta markaziy madaniyat va istirohat bog‘i bo‘ladi, qolgani — yashil bog‘lar.

Otabek Mirzajonov: Bu ko‘pincha boshqa iqlimga xos. Moskvada yaxshi yashil bog‘lar bor, lekin u yerda daraxtlarni odamlar ekmagan, balki shahar o‘rmonning ichiga qurilgan. Tegilmagan yashil hududlar — bu kesilmagan o‘rmon.

Lekin biz Losiniy orolida emasmiz-ku, o‘rmon kesayotganimiz yo‘q. Biz madaniyat va istirohat bog‘ini zamonaviylashtirmoqchimiz. Karusellardan voz kechdik. Hech kim G‘afur G‘ulom yoki sobiq Telman bog‘ining xuddi o‘zini yaratmoqchi emas. Biz biznes sifatida auditoriyamiz bo‘linib ketmasligi uchun ham xuddi shunday bog‘ yaratishni istamaymiz. Xuddi o‘sha odamlar xuddi shunday bog‘ga borishi uchun yana 10 mln sarflashdan nima ma’no?

— Chunki bu foyda keltiradi. Bobur bog‘i kabi bog‘ni saqlash shaharning majburiyati, chunki bu ijtimoiy ne’mat. Odamlarga har xil bog‘lar — ham ko‘ngilochar, ham yashil bog‘lar kerak. Bu masala sizga emas, balki shaharga taalluqli ekanini tushunaman. Lekin hozir aholida investitsiyangizni qanday qaytarib olasiz, degan savol tug‘ilyapti.

Otabek Mirzajonov: Nega birovlarning pulini hisob-kitob qilishga odatlanganmiz?

— Chunki siz iqtisodiy taraflarini hisob-kitob qilib, investitsiyangizni qaytarish imkonsizligini ko‘rishingiz, ana shunda u yerda nimadir qurib, karusellar o‘rnatishingiz mumkin, degan xavotir bor.

Otabek Mirzajonov: Biznes jarayonlarini oldindan aytish juda qiyin, lekin ta’sischilarimiz uchun Bobur bog‘ini rekonstruksiya qilish — ko‘proq ijtimoiy loyiha.

Zafar Mirzaulukov: Aviariy, bolalar va oilaviy ko‘ngilochar markazlardagi xizmatlar, qandaydir umumiy ovqatlanish joylari — bularning barchasi daromad keltiradi. Barcha soliqlarni to‘laymiz. G‘afur G‘ulom istirohat bog‘ida yiliga 11,5 mlrd so‘m soliq to‘laymiz va 270 kishini ish bilan ta’minlaganmiz. “Do‘stlik"da, taxminan, 100 ga yaqin ishchi bo‘ladi, chunki bu boshqacha bog‘.

G‘afur G‘ulom bog‘ini olganimizda u yerda 6000 tup daraxt bor edi. Hozir 9500 tup. Biz bog‘ quramiz deyish g‘alati. Quruvchilar ruxsat berishganida, odamlar nima bo‘layotganini ko‘rib turishlari uchun qurilish maydonini ochib qo‘ygan bo‘lardik. Bundan tashqari, biz hududni to‘liq yopish emas, balki bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish tarafdorimiz.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

Bizni daraxtlarni yo‘q qilishda ayblashmoqda. Men o‘zim daraxtlarni yaxshi ko‘raman va bog‘dorchilikka qiziqaman. Kuzda hamma joyga kashtan ekdik, chunki bu juda chiroyli daraxt. 15 yildan keyin ular bo‘y cho‘zadi, bu joy yanada ko‘rkamlashadi. Agar bog‘da daraxtlar bo‘lmasa, u bog‘ bo‘lmaydi.

Jizzax, Guliston hokimliklari bizni o‘zlarining daraxtsiz istirohat bog‘larini rekonstruksiya qilishga taklif qilishdi. Men ularga “Yaxshi, bog‘ni menga bering, hozir daraxtlar ekaman, agronomga, bog‘bonlarga haq to‘layman, 10−15 yildan keyin, daraxtlar o‘sganidan keyin qaytib kelamiz”, dedim.

Qayerda bog‘ qurishning bizga farqi yo‘q. Unda daraxtlar bo‘lishi kerak. Agar daraxtlar bo‘lmasa, biz bu daraxtlar o‘sguncha bir necha o‘n yil davomida kutishga mahkummiz. Buning uchun 30 yil kerak. Va bu vaqtda faqat mablag‘ sarflanadi. Daraxtsiz bog‘ — bog‘ emas. Shuning uchun ularning sonini ko‘paytiramiz.

— Abdulla Qodiriy bog‘ida daraxtlar deyarli yo‘q. Lekin siz uni oldingiz-ku.

Zafar Mirzaulukov: U yerda 2000 tup daraxt bor. Ilgari 5000−6000 tup bo‘lgan. U ham “Do‘stlik” bog‘i kabi ijtimoiy loyiha. Odamlarning fikricha, biz o‘z foydamizni chiqarib olishimiz kerak. G‘afur G‘ulom bog‘i bilan yaqin orada foydaga chiqmaymiz, faqat xarajatlar. Davlat aholi haqida qayg‘uradi. Tashabbus va xayrli ishlar faqat foyda bilan mukofotlanmaydi. Yaxshi ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun boshqa manbalardan daromad olish mumkin. Bog‘lar foyda keltirmaydi. Magic City — daromadli, chunki u yerda do‘konlar bor.

Otabek Mirzajonov: Biz uchun asosiysi, bog‘ o‘zini o‘zi ta’minlashi, uni shunchaki yo‘q qilib qo‘ymaslik, zararga ishlaydigan muassasaga aylantirmaslik. Chunki hamma joyga maysazor yotqizish, daraxtlarni parvarish qilish kerak. Bu katta xarajat. Zaryade bog‘i direktori, mashhur boshlovchi Ivan Demidov bizga shunday degan edi: “Nima qilsangiz ham, bu daromad keltirmagan taqdirda, siz bog‘ni saqlab qololmaysiz. G‘oya zo‘r bo‘lishi mumkin, lekin o‘zini qoplay olmasa, hammasi tez orada yo‘q bo‘lib ketadi”.

Bizga bildirilgan ishonchning o‘zi bu bog‘ni yo‘q qilmaslik majburiyatini yuklaydi. Nafaqat xalq, balki yuqori mansabdor rahbarlar ham hammasini ko‘rib turibdi. G‘afur G‘ulom bog‘iga prezident, bosh vazir tashrif buyurdi. Obro‘-e'tibor — biznesda eng asosiysi.

— Tushunaman, bog‘ taqdirini sizga ishonishgan, shuning uchun ham uni sizga berishdi. Lekin hech narsani muhokama qilmasdan, tushuntirmasdan odamlarni fakt oldida tang qoldirish aholining g‘azabini qo‘zg‘amoqda. Bog‘ning hech qanday moliyalashtirish olmayotganligi, bog‘larning o‘zini o‘zi ta’minlashi to‘g‘risidagi 2010-yilgi hukumat qarori hamon o‘z kuchida ekanligini tushuntirish mumkin edi. Albatta, e’tiroz sizga emas, balki hukumatga, lekin siz aholi bilan ishlashingiz kerak. Nima uchun siz tegishli piar-kampaniya o‘tkazmadingiz, hamma narsani odamlarga tushuntirib bermadingiz?

Otabek Mirzajonov: Davlatimiz ham har qanday tirik organizm kabi endi rivojlanyapti. 10 yil oldin odamlarga go‘yo ular mavjud emasdek qaralgan. To‘siq o‘rnatilardi va uning ortida nima bo‘layotganligini hech kim bilmasdi. Lekin endi shu darajaga yetdikki, agar bitta daraxt arralansa, odamlar shikoyat qiladi, amaldorlar darhol hodisa joyiga yetib keladi.

Bog‘lar bilan ham xuddi shunday: biz odamlar bilan gaplashdik, lekin bizni eshitishni shunchaki xohlashmadi. “Istalgan narsani chizib ko‘rsatish mumkin, keyin esa hammasini yo‘q qilib, qurilish qilasizlar”, deyishdi. Faollar “Biz — xalqmiz”, deyapti. Lekin nimaga 10 kishi chiqib, bu ularning bog‘i ekanligini, nimagadir yo‘l qo‘ymasliklarini aytishyapti?

Shunday ekan, keling, aholi vakillarini qanday to‘g‘ri to‘plash masalasini davlat darajasida hal qilaylik. Biz allaqachon eski loyihadan yangi loyihaga o‘tdik. Biz tinglashga va muloqot qilishga tayyormiz.

— Aprel oyidan beri konsepsiyani ikki marta o‘zgartirdingiz. Birinchi loyihadan ma’lum ediki, u shoshilinch tayyorlangan. Nega uni ishlab chiqishga jiddiyroq yondashmadingiz?

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

Otabek Mirzajonov: Har qanday loyiha boshidanoq tayyor bo‘lavermaydi. Nima uchun biz birinchi loyihani attraksionlar bilan ko‘rsatdik? Chunki bizga shunchaki “G‘oya bering”, deyishdi. Biz hokimlik va Vazirlar Mahkamasi bilan muzokaralar olib borganimizda oddiy madaniyat va istirohat bog‘i qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatdik. Bobur bog‘i hamisha madaniyat va istirohat bog‘i bo‘lgan. Aholi bezovtalanib, yangi Tashkent Cityʼni xohlamasliklarini aytishdi. Ularning tushunchasiga ko‘ra, Tashkent City — bu do‘konlar qatori. Lekin Tashkent Cityʼning orqasida daraxtlar, ko‘l joylashgan Milliy bog‘ bor.

— Ular Magic Cityʼni xohlamasliklarini aytishdi.

Otabek Mirzajonov: Biz Magic Cityʼni taklif qilmadik. Dastlabki loyihada xuddi shunday Do‘stlik bog‘i bor edi, faqat besh-oltita attraksion bilan.

— Loyihada “Sietl” bog‘i, Tinchlik qo‘ng‘irog‘i, Seul bog‘i yo‘q edi.

Otabek Mirzajonov: “Sietl” yo‘q edi, lekin uning binosi — madaniy meros. U har qanday holatda ham saqlanib qolardi. Seul bog‘i bor edi, lekin boshqa joyda — ko‘l yaqinida. Biz bog‘ni hududlarga bo‘lishni o‘ylagandik. Sayr hududini yagona saqlanib qolgan ko‘l atrofiga joylashtirmoqchi edik. Uning atrofida “Sietl”, Seul bog‘i va Tinchlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lardi.

Amfiteatr atrofidagi hududni amfiteatr, shaxmat, ma’ruzaxonalar joylashgan madaniy-ma'rifiy zonaga aylantirmoqchi edik. Hozir Seul bog‘i joylashgan yerda esa faol hudud tashkil etish rejalashtirilgan edi.

Vazirlar Mahkamasi qarorida (VMQ) attraksionlar va boshqa ko‘ngilochar maydonchalarni o‘rnatish haqida so‘z boradi. Biz o‘z tasavvurimizni loyihaga tushirdik. Bizni bog‘ bilan tanishtirishgach, loyihani aholiga taqdim etdik. Hech kim bizni eshitishni istamadi.

Birinchi rekonstruksiya paytida Bobur bog‘idagi daraxtlarni sug‘orishda yordam bergan aholi bilan suhbatlashdik. Sug‘orish ishlari qanday ketayotganini bilmoqchi edim. Ular Pushkin xiyobonidagi sug‘orish tizimini ta’mirlashni so‘rashdi. Ta’mirlab berdik. Bog‘dagi vaziyat ham xuddi shunday: sug‘orish tizimi risoladagidek ishlamaydi. Bizga bog‘ni topshirishganda, ma’lum bo‘ldiki, bog‘ shtatida bitta xodim bor. Aholining aytishicha, bog‘ni ular o‘zlari tozalashadi yoki tozalash uchun pul yig‘ishadi. Lekin bu muntazam parvarish emas, yig‘ilgan pulni hech kim ko‘rsata olmaydi.

G‘afur G‘ulom bog‘ida 17 ta bog‘bon ishlaydi. “Do‘stlik” uchun taxminan 10 nafar bog‘bon kerak. Maoshi 4 million so‘mdan bo‘lgan taqdirda, oyiga 40 million so‘m. Hech kim bog‘ uchun shuncha pul yig‘ib bermaydi. U yerda puli bor minglab faollar yo‘q.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

Aholi “Bu bizning bog‘imiz. Uni qanday bo‘lsa shundayligicha o‘zimizga qoldiring”, deydi. Lekin davlatda bog‘larni saqlash uchun mablag‘ yo‘q. Shunday ekan, eng maqbul yo‘l — davlat-xususiy sheriklik. Yuqoridagi VMQda “bog‘ni modernizatsiya qilish va boshqarish uchun topshirish” nazarda tutilgan. Egalik qilish uchun berilmayapti.

Nima uchun bog‘ 49 yilga berilyapti? Xususiy sherik har bir kvadrat metr yerdan foyda olishga urinmasligi va shu muddat ichida sarflangan pulni qaytarib olishi uchun. Bu biz 10 million dollar investitsiya kiritgan bo‘lsak, bog‘dan 49 yil “foydalanamiz” degani emas. Bog‘ga har kuni pul sarflanadi. G‘afur G‘ulomda doimiy ravishda yangi daraxtlar ekamiz. O‘rtacha manzarali daraxt 2 million so‘mdan boshlanadi, parvarishlash, davolash talab etiladi.

Daraxtlar ham xuddi bog‘ kabi tirik organizm. Har birining, xuddi odamlar singari, o‘z umri bor. G‘afur G‘ulom bog‘i 1967-yilda barpo etila boshlagan. Ko‘rib turibmizki, undagi daraxtlar o‘lmayapti, biroq asta-sekin so‘lib boryapti. Shu sababli hozirdan ko‘chatxonalardan balandligi ikki-uch metr bo‘lgan ko‘chatlarni sotib olamiz va ekamiz. Toki keksa daraxtlar nobud bo‘la boshlaganda, yosh nihollar past bo‘yli emas, balki baquvvat va voyaga yetgan bo‘lsin.

Bundan tashqari, bizda po‘stloqxo‘r kabi zararkunandalar keng tarqalgan. Ularni yo‘qotish juda mushkul. Mutaxassislar keskin choralar ko‘rishni taklif qilmoqda: daraxtga elektr toki yuborish. Go‘yoki po‘stloqxo‘r tuxumlari bundan halok bo‘larmish. Lekin bundan daraxt ham zarar ko‘radi-ku. Shuning uchun biz daraxtlarni karantin qilish xizmatidan po‘stloqxo‘r tuxumlarini yeydigan maxsus qo‘ng‘izlarni xarid qildik. Bundan tashqari, preparatlardan ham foydalanamiz. Bularning barchasi mablag‘ talab qiladi.

— Nima uchun sud jarayonlarini yoritishga qarshilik qildingiz?

Otabek Mirzajonov: Buni Vazirlar Mahkamasi xohladi.

— Vazirlar Mahkamasi majlis yopiq tarzda o‘tkazilishini istadi.

Otabek Mirzajonov: Biz bu taklifni qo‘llab-quvvatladik, chunki Vazirlar Mahkamasining bunday ishlarda tajribasi katta. Biz esa turlicha talqinlardan cho‘chiymiz. Sizga majlislarni yoritishga qanday ruxsat berishdi?

— Ochiq sud jarayonini yoritishga taqiq bo‘lmaydi. Shahar sudining javobida ham biz sud qaroriga hech qanday shaklda ta’sir ko‘rsatmasligimiz kerakligi aytilgan. Shu bois biz bayonnoma xarakteridagi batafsil materiallarni e’lon qildik. Va, ko‘rib turganingizdek, sud qaroriga ta’sir ko‘rsatmadik.

Prezidentga taqdim etilgan konsepsiya yozgi konsepsiyadan nimasi bilan farq qiladi?

Otabek Mirzajonov: Bu yozgi takliflarning takomillashtirilgan loyihasi. CM International bilan allaqachon yozgi loyiha ustida ishlaganmiz.

Basseynni qoldiramiz, lekin uni rekonstruksiya qilish sharti bilan, chunki uning hozirgi holati unchalik yaxshi emas. Biz basseynning shaklini o‘zgartirib, bolalar hovuzchasini qo‘shmoqchimiz, chunki umumiy basseyn kichkintoylar uchun juda chuqurlik qiladi. Shuningdek, sun’iy to‘lqinlar hosil qiluvchi syorfing uskunalarini o‘rnatish imkoniyatini ham ko‘rib chiqyapmiz. Bizda bunday ko‘ngilochar inshootlarga talab bor.

Basseynning batafsil loyihasi hali tayyor emas. Lekin basseyn va uning atrofidagi binolar albatta rekonstruksiya qilinishi lozim. Bu binolarning vazifasini ham qayta ko‘rib chiqamiz — buning uchun CM International tadqiqot ham o‘tkazadi. Yozda ularga bog‘ ma’muriyatini joylashtirish variantini ko‘rib chiqqan edik, lekin agar ularga bolalar markazi yoki boshqa funksiyalarni joylashtirish maqsadga muvofiq bo‘lsa, ma’muriyat uchun boshqa joy tanlaymiz.

Bog‘ ma’muriyatining hozirgi binosi ham madaniy meros obyekti hisoblanadi, shuning uchun uni buzib bo‘lmaydi. Lekin uning vazifasini aniqlab olish kerak.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

“Tabassum” restorani tarafda kichik futbol va voleybol maydonlari joylashgan faol zona yaratishni taklif qilamiz, vorkaut-maydonchasini yaxshilaymiz. Asosiy darvozaning o‘ng tomonidagi katta futbol maydonidan voz kechishga qaror qildik. U kuniga atigi uch soat ishlaydi. Yoz mavsumida kunduz kunlari u yerda o‘ynash imkonsiz: daraxtlar yo‘q, sun’iy maysa ostidagi qipiq qizib, hid chiqaradi. Uning o‘rniga yerosti oilaviy markazini quramiz, uning ustida sayr qilish zonasi bo‘ladi — Moskvadagi Zaryade bog‘i xuddi shu tamoyil asosida qurilgan.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

— Agar katta futbol maydonidagi sun’iy maysa qizib ketayotgan bo‘lsa, faol zonadagi maydonchalarda qanday qoplama bo‘ladi?

Otabek Mirzajonov: Rezina qoplama qilmoqchimiz.

— U ham qiziydi va hid chiqaradi.

Otabek Mirzajonov: U yerda soya bor. Katta maydon ustida hech qanday soyabon yo‘q.

— 2021-yilda Yakkasaroy tumanining o‘sha paytdagi hokimi Anvar Sayfutdinov bog‘ hududidagi basseyn ham 49 yil muddatga tadbirkorga berilganini aytgan edi.

Otabek Mirzajonov: Bunday hujjat yo‘q.

— Seul bog‘i hududida faoliyat yuritayotgan yozgi kinoteatrning taqdiri nima bo‘ladi?

Otabek Mirzajonov: Bizning fikrimizcha, Janubiy Koreya sovg‘asidan tijoriy maqsadlarda foydalanish noto‘g‘ri. Kinoteatr amfiteatr bilan uyg‘unlashtirilishi mumkin. Amfiteatr sig‘imini 150 dan 300 kishiga oshirish uchun uni biroz pastroqqa joylashtiramiz.

— Ikkinchi ko‘l o‘rnida skeyt-maydoncha qurishni taklif qilyapsiz. Ko‘l sifatida foydalanishda davom etaversa bo‘lmaydimi?

Otabek Mirzajonov: Tegishli xizmatlar bizni uning gidroizolyatsiyasi o‘n yillar oldin ishdan chiqqani va to‘plangan suvning hammasi shunchaki yer ostiga singib ketishi haqida ogohlantirdi. Bundan tashqari, bu katta suv sarfi. Bobur bog‘i yonida hech qanday suv manbalari yo‘q, masalan, G‘afur G‘ulom yaqinidagi yoki Milliy bog‘dagi tubi shunchaki qumdan iborat Komsomol ko‘li kabi. U yerga suv Anhordan yig‘ilardi.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

Kapalak ko‘lining tubi ham beton, lekin beton o‘z-o‘zidan suvni ushlab tura olmaydi, shuning uchun biz gidroizolyatsiya qilamiz. Barcha rekonstruksiya qilingan bog‘larda shunday qilingan. G‘afur G‘ulomda bunday qilmadik, chunki u yerdagi ko‘llar chuqurroq va undan daraxtlar suv ichadi.

— Bobur bog‘ida ham daraxtlar bor-ku.

Otabek Mirzajonov: Agar betonni olib tashlasak, tabiiy filtratsiya yuz beradi, hamma suv chiqib ketadi. G‘afur G‘ulom bog‘ida suvning kirishini to‘xtatsak, u uch-to‘rt kunda tuproqqa singib ketadi. Kapalak ko‘li tezroq bo‘shaydi, chunki u kichikroq. Daraxtlarni ko‘l suvi bilan sug‘orishning boshqa yo‘li bor. Gidroizolyatsiya va ko‘ldan suv olib sug‘orish tizimini yaratamiz. Shunday qilib, suv sarfi kamayadi. Sirkulyatsion nasoslar o‘rnatilgach, ko‘l suvini favvoralarga ham yo‘naltirish mumkin bo‘ladi. Shunda biz kamroq suv isrof qilamiz va suvda yashil suvo‘tlari gullashining oldini olamiz.

Asosiy xiyobon kengaytirilayotganligi sababli undagi favvoralardan voz kechdik. Ular yilda bir necha oy ishlaydi, chunki sovuq mavsumda odamlarimiz suvli zonalarda sayr qilmaydi, bolalarga ruxsat berilmaydi. Buning ustiga, favvora hovuzchalari joy egallab turadi.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

Asosiy xiyobondagi favvoralar o‘rnini zamonaviy suvli attraksionlar va yangi favvora hovuzchalari bilan to‘ldiramiz. Masalan, kapalak ko‘lining narigi tomonida chiroyli favvoralar kaskadi bor. Lekin u ishlamaydi. Uni ta’mirlaymiz.

— Asosiy xiyobondagi favvoralar qachon qurilgan?

Otabek Mirzajonov: Bog‘larimizdagi bunday narsalarning hisobi umuman yuritilmaydi. Bizga kadastrdan boshqa hech narsa berilmaydi va faqat madaniy meros obyektlari: Amerika Toshkent-Sietl do‘stlik uyi, Kaufman kutubxonasi va bog‘ ma’muriyati binosi haqida bildirgi berilgan.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

Faollar ana shu obyektlarning taqdiridan tashvishda edi. Ko‘pchilik ularni asrab-avaylanishini aytdi. Lekin bu binolarning barchasi to‘lig‘icha travertin, suvoq bilan bezatilgan, alyuminiy romlar o‘rnatilgan. U yerda madaniy merosdan faqat soyabon ostidagi yog‘och bezak qolgan.

— Nima, siz yog‘och romlar o‘rnatasizmi?

Otabek Mirzajonov: Mutaxassislar bilan gaplashib, tarixiy materiallarni o‘rganib, binolarning asl qiyofasi qanday bo‘lganini aniqlash va shu asosda restavratsiya qilish kerak. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bu borada bizga yordam berish istagini bildirdi. Biz ushbu binolar va ularning intererining asl ko‘rinishidagi fotosuratlarni izlayapmiz. Hozircha yaqin o‘tmishdagi suratlarini topdik.

— Siz skeyt-maydoncha qurishni taklif qilayotgan ikkinchi ko‘ldagi orolda kafe bor. U qoladimi?

Otabek Mirzajonov: Kafe xususiy shaxsga tegishli. Kafe egasi o‘sha kafe uchun 800 ming dollar so‘rayapti. Agar narxni maqbul darajagacha pasaytira olmasak, kafeni qoldiramiz.

Ko‘l “kosacha"sida skeyt-maydonchasi qurishni dolzarb deb o‘yladik. Bunaqasini Moskva va Qozonda ko‘rganmiz. U bizga juda ma’qul kelgandi. Shaharda skeytbordchilar uchun yaxshi maydonchalar yo‘q.

Umuman olganda, skeytbordchilarni jamiyatdan chetlashganlar deb hisoblashadi. Aslida ular ham bizning bolalarimizga o‘xshagan bolalar. [Maydonchani qurganimizda] men o‘zimning o‘g‘illarimni olib kelaman, chunki har qanday sport shaxsni rivojlantiradi, iroda kuchini chiniqtiradi, maqsad qo‘yish va unga erishishga o‘rgatadi.

— Kapalak ko‘ldagi favvora musiqali bo‘ladimi?

Otabek Mirzajonov: Ha, bir qanotida musiqali favvora bo‘ladi. Lekin musiqani istalgan payt o‘chirib qo‘yish mumkin. Agar qandaydir tadbirlar, bayramlar — Navro‘z, 1-iyun, Mustaqillik kuni — bo‘lsa, musiqa kerak. Har kuni musiqa qo‘yiladi, degan gap yo‘q.

— Bog‘ga kirish joylarining nechtasi ishlaydi?

Otabek Mirzajonov: Taxminan beshta. Bratislava va Bobur ko‘chalaridan — asosiy darvozalar, ikkita avtoturargohdan. Yana Seul bog‘i ortidagi bolalar maydonchasi tomonidan ham.

— Sietl bog‘i joylashgan Shota Rustaveli ko‘chasidan kirish bo‘lmaydimi?

Otabek Mirzajonov: U hech qachon ishlamagan.

— Ehtimol, u ancha vaqt oldin ishlagandir. 2021-yilda hokimiyat yettita kirish joyini ochishga va’da bergan edi. Aytishlaricha, Bratislava ko‘chasida yana bitta kirish bor ekan.

Otabek Mirzajonov: Ha, jami yettita kirish joyi bor.

— Hamma joyga maysazor yotqizish kerak, dedingiz. Nima uchun u yerda tabiiy ravishda o‘sadigan o‘simliklar o‘sishi mumkin emas?

Zafar Mirzaulukov: U yerda maysazorning o‘zi yo‘q, hammayoqda yovvoyi o‘tlar o‘sib yotibdi.

— CM International mutaxassislari menga bergan intervyusida o‘z-o‘zidan o‘sadigan o‘simliklarni ekish muhim ekanligini aytishgan. Lekin yovvoyi o‘tlar ekotizimning tiklanishidan darak emasmi? Maysazor — bu qimmat va tabiat uchun begona.

Zafar Mirzaulukov: Yo‘q, bu yaxshi emas. Bunday holda yovvoyi va begona o‘tlar yaxshi maysazordan ustun keladi.

— Yaxshi maysazor nimaga kerak? Baribir undan yurish mumkin emas-ku.

Zafar Mirzaulukov: Mumkin. Shunchaki bir-ikki yil sabr qilish kerak, shunda u o‘zini o‘nglab oladi. Biz G‘afur G‘ulom bog‘ida maysalarni noldan o‘stirdik. Shuning uchun undan yurish mumkin emasdi. Chunki boshlanishida ildiz tizimi hali mustahkamlanmagan bo‘ladi.

bobur bog‘i, do‘stlik bog‘i

Otabek Mirzajonov: Tabiiy o‘tlar juda tez sarg‘ayadi, sug‘orasizmi, yo‘qmi, baribir qurib qoladi. Shunchaki iqlimimiz shunaqa. Hatto sug‘orilgan taqdirda ham. Keyin u dag‘allashadi. O‘t o‘rgich bilan unga shakl berish qiyin. Natijada manzara buziladi. Bundan tashqari, unda allergiya va kasalliklarni keltirib chiqaradigan hasharotlar ko‘payadi. Begona o‘tlar ham bor. Ular bilan kurashyapmiz.

— Ehtimol, bizning sharoitimizda shunday o‘simliklar kerakdir. Hasharotlar ham sog‘lom ekotizimning belgisi. Bu haqda ekologlar bilan maslahatlashish kerak.

Otabek Mirzajonov: Bizda o‘z-o‘zidan o‘sadigan o‘simliklar yo‘q. Hammasi parvarishga muhtoj. Chinorlar ko‘chada o‘sadi. Ularni kimdir sug‘oryapti, parvarish qilyapti deb o‘ylaysizmi?

— Katta daraxtlar yerosti suvini so‘rib oladi… Milliy madaniy markazlarning pavilonlarini qayerda joylashtirasiz?

Otabek Mirzajonov: Bog‘ va Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosi o‘rtasida 21 ta pavilon quriladi. Hozir biz pavilonlar va bog‘ o‘rtasida to‘siq bo‘lmasligi uchun shu joydagi devorni olib tashlash variantini ko‘rib chiqmoqdamiz.

Fevral oyida “Gazeta.uz” “Do‘stlik” va Abdulla Qodiriy bog‘larini rekonstruksiya qilish konsepsiyasi mualliflari, CM International mutaxassislari bilan intervyularni e’lon qiladi.