O‘zbekiston va Afg‘oniston temiryo‘l ma’muriyatlari Hayraton — Mozori Sharif temiryo‘lidan foydalanish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomani uzaytirishga kelishib oldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati shu’ba korxonasi hisoblangan “Sogdiana trans” MCHJ temiryo‘l liniyasiga xizmat ko‘rsatuvchi operator sifatida saqlanib qoladi.

Afg‘oniston Jamoat ishlari vazirligi “O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Xitoy va Afg‘oniston o‘rtasidagi to‘rt tomonlama temiryo‘l-iqtisodiy koridor to‘g‘risidagi bitim” 2025-yilgacha uzaytirilganini ma’lum qildi.

Vazirlik vakili Muhammad Ashraf Haqshenasning xabar qilishicha, jamoat ishlari vazirining o‘rinbosari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mazkur kelishuvni imzolagan. Ushbu koridor Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan o‘tib Hayraton-Mozori Sharif temiryo‘li bilan bog‘lanadi.

Vazirlik vakilining qo‘shimcha qilishicha, 2024-yilda mazkur temiryo‘l koridori orqali Afg‘oniston va Xitoy o‘rtasida 4200 ta konteyner tovar tashilgan. Yangi kelishuvga ko‘ra, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida yuk tashish hajmi oshiriladi.

21−23-yanvar kunlari Toshkentda Afg‘oniston jamoat ishlari vazirining o‘rinbosari Mahmadali Sohibzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv tashkil etildi.

Transport vaziri Ilhom Maxkamov (o‘rtada), “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev (o‘ngda).Transport vaziri Ilhom Maxkamov (o‘rtada), “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev (o‘ngda).

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan uchrashuvda afg‘on tomoni bilan transafg‘on temiryo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.

2022-yilning dekabrida afg‘on nashri TOLOnews Hayraton — Mozori Sharif temiryo‘li uchastkasiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomani qozog‘istonlik Mansour Fatih kompaniyasi qo‘lga kiritganini xabar qilgandi. Biroq O‘zbekiston bu ma’lumotni rad etib, muzokaralar davom etayotganini bildirgan. 2023-yil fevral oyida tomonlar yangi kelishuvni imzolagan.

O‘tgan yilning avgust oyida Afg‘onistonda Naybobod temiryo‘l stansiyasi ochildi. Ushbu stansiya va Hayraton — Naybobod — Mozori Sharif" yo‘nalishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan Afg‘oniston Temiryo‘l boshqarmasi bilan tuzilgan shartnoma asosida tiklangan.

“Sogdiana trans” korxonasi 2011-yil dekabrida Hayraton — Mozori Sharif temiryo‘l yo‘nalishini ekspluatatsiya qilish va unga xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” 129 million dollarlik sarmoya bilan, 75 km uzunlikdagi ushbu yo‘l qurilishini 2010-yil noyabrida yakunlagan.

“Hayraton” stansiyasi orqali Afg‘oniston importining yarmidan ko‘prog‘i hamda katta hajmdagi gumanitar yuklar o‘tadi.