Sog‘lomlashtiruvchi yoki wellness-turizm bugungi kunda mashhurlikning cho‘qqisiga chiqib ulgurgan: tobora ko‘proq odam ongli hayot tarzi va profilaktik tibbiyotni tanlamoqda. Uning jahon turizmidagi ulushi 2012-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan vaqt ichida 5,8 foizdan 7,8 foizgacha o‘sdi, 2027-yilga borib 8,3 foizgacha o‘sishi taxmin qilinmoqda.

Turizmning barcha turlarida sog‘lomlashtiruvchi turizmning ulushi. Manba: Global sog‘liqni saqlash instituti.Turizmning barcha turlarida sog‘lomlashtiruvchi turizmning ulushi. Manba: Global sog‘liqni saqlash instituti.

ATLAS hududiy rivojlanish byurosining katta tahlilchisi Yelizaveta Klochkovaning yozishicha, wellness-sayohatlarning tibbiy turizmdan asosiy farqi — muolajalarning xususiyatida bo‘lib, u aniq kasalliklarni davolashga emas, balki profilaktik tibbiy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan. Wellness-sayyohlar maxsus sanatoriyalarda dam oladi. Bir qarashda ular oddiy spa-mehmonxonalardek taassurot uyg‘otadi, lekin, ulardan farqli o‘laroq, bu yerda muolajalar bilan birga belgilangan qat’iy kun tartibi mavjud, to‘laqonli shifokorlar jamoasi ishlaydi.

Qizig‘i shundaki, wellness-sayyohlar o‘z sayohatlariga odatiy sayyohlarga qaraganda ancha ko‘p mablag‘ sarflaydi. Masalan, 2022-yilda ushbu yo‘nalishni tanlagan xalqaro sayyohlar sayohatga o‘rtacha 1764 dollar sarflagan — bu odatiy sayyohlarning sarflariga nisbatan 41 foiz ko‘p. Ichki sayyohlar bilan xarajatlar o‘rtasidagi farq esa deyarli ikki barobar yuqori — 175 foiz.

O‘zbekistonda wellness-turizm sohasi nima uchun tez rivojlanyapti?

O‘zbekistonda sog‘lomlashtiruvchi turizm jahon tendensiyasi bilan birgalikda rivojlanib, davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2024-yil 23-sentabrda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda tibbiy va sog‘lomlashtiruvchi turizmni faol rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Hujjatda tibbiy turizm klasterlarini tashkil etish va mehmonxona-sanatoriyalarni yulduzli tizim bo‘yicha sertifikatlash nazarda tutilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 590 ga yaqin sanatoriya, dam olish uylari, pansionatlar, oromgohlar faoliyat yuritmoqda va ularning soni ortib bormoqda. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021−2023-yillarda bu ko‘rsatkich 18 foizga oshgan. 2023-yilda O‘zbekistonda dam olish uchun qariyb 887 ming kishi sanatoriya va boshqa ixtisoslashtirilgan muassasalarni tanlagan — bu 2021-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan uchdan bir qismga ko‘p. Ayniqsa, xorijlik mehmonlarda qiziqish sezilarli ortgan. Mamlakatning wellness-maskanlarida MDH davlatlaridan kelgan sayyohlar soni ikki yil ichida 3,5 baravarga ko‘paydi — 2021-yilgi 8,9 ming kishidan 2023-yilda 41,2 ming kishigacha. Uzoq xorijdan kelgan sayyohlar orasida oddiy mehmonxona emas, balki sanatoriy yoki dam olish uyini tanlaganlar soni deyarli 15 barobar oshdi: ularning soni xuddi shu davrda 600 kishidan 8,9 ming kishiga yetdi.

atlas, dam olish, salomatlik, sanatoriya

Sog‘lomlashtiruvchi turizmga qiziqish bir nechta sabablarga ko‘ra jadal o‘sib bormoqda: bu ichki islohotlar, shu bilan birgalikda, jahon tendensiyalarining O‘zbekistonning qulay tabiiy-iqlim sharoitlariga mos kelishi bilan bog‘liq. Mineral buloqlar, shifobaxsh balchiq va ko‘plab hududlarning noyob mikroiqlimi mamlakatning detoks, reabilitatsiya va salomatlik profilaktikasi dasturlari uchun jozibadorligini oshiradi. Tog‘larda va termal suvli zonalarda dam olish uchun mo‘ljallangan maxsus joylar ayniqsa ommalashmoqda.

Nima uchun sanatoriyada davolanish tizimini qayta ko‘rib chiqish zarur?

Sovet davrida sanatoriyalar alohida korxonalar yoki iqtisodiyotning butun boshli tarmoqlari tasarrufida bo‘lgan, yo‘llanmalar esa ishchilar o‘rtasida taqsimlangan. Sanatoriyalarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan joyda dam olish va davolanish o‘zaro uyg‘unlashgan edi. Ta’til davomida ishchi xodim jarohatlar va operatsiyalardan so‘ng sog‘lig‘ini tiklagan, sog‘lom odatlarni shakllantirgan, immunitetni mustahkamlagan va yangi kuch-quvvat bilan ishga qaytgan.

Toshkentdagi TaPOiCh zavodining sanatoriy-profilaktoriysi, hozir — Akfa Medline klinikasi. Manba: Tashkent Retrospective.Toshkentdagi TaPOiCh zavodining sanatoriy-profilaktoriysi, hozir — Akfa Medline klinikasi. Manba: Tashkent Retrospective.

Sog‘lomlashtirishning ichki konsepsiyasi sanatoriyalarda bugungi kunda ham saqlanib qolgan, lekin uni amalga oshirish endi boshqacha kechmoqda. Davlat sanatoriyalari asosiy e’tiborini keksalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarga qaratib, ularga bepul yo‘llanmalar taqdim etyapti. Ishlaydigan fuqarolar uchun Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan mavjud sanatoriyalar faol rivojlantirilyapti va yangi sanatoriyalar qurilmoqda. Bundan tashqari, hozirda tibbiyot xodimlari tomonidan ochilayotgan xususiy sanatoriyalar ham ommalashyapti.

Ayni paytda sanatoriya tizimi bugungi kunda nafaqat katta yoshli, balki zamonaviy megapolis aholisi uchun ham juda dolzarb. MDH mamlakatlari ijtimoiy tarmoqlarida “sanatoring” degan alohida trend paydo bo‘ldi. Unda yoshlar dam olish uchun mehmonxonalar o‘rniga sanatoriyalarni tanlab, buni internetda faol muhokama qilmoqda.

Shuni tushunish muhimki, sanatoriyalar turlicha va har xil auditoriya uchun mo‘ljallangan, shuning uchun infratuzilmaning barcha obyektlarini bir vaqtning o‘zida modernizatsiya qilishga hojat yo‘q. Davlat sanatoriyalarining o‘z ijtimoiy vazifasi mavjud bo‘lib, uni yo‘qotmaslik muhim. Sanatoriyalarning asosiy auditoriyasi bo‘lgan katta yoshli avlod uchun u yerga borish nafaqat sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilish, balki jamiyat va davlat tomonidan o‘ziga bo‘lgan e’tiborni his qilish imkoniyati hisoblanadi.

Bundan tashqari, bu ijtimoiy aloqalar o‘rnatish joyi hamdir. Ko‘plab pensionerlar har yili sanatoriyaga bepul yo‘llanmalar olib, aynan o‘sha yerda uchrashib turadigan do‘stlar orttiradi. Barcha sohalarda konservatizmga moyil bo‘lgan keksa avlod uchun sanatoriyalardagi tibbiy muolajalarda keskin o‘zgarishlar va zamonaviyroq yondashuvlarni qabul qilish ancha mushkul kechadi.

atlas, dam olish, salomatlik, sanatoriya

Shunga qaramay, milleniallarning dolzarb va oshib borayotgan talabiga javob berish uchun bugungi kunda umumiy tashrif tajribasini yangilash zarur. Iste’mol tendensiyalarini aynan shu avlod belgilayapti, aynan ular sog‘lomlashtiruvchi turizmni tobora faol tanlamoqda. Kornel mehmondo‘stlik tadqiqotlari markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilga kelib, milleniallar barcha sayohatchilarning qariyb yarmini tashkil etadi. Yangi avlodning iste’mol odatlari keskin farq qiladi. Masalan, ular xizmat ko‘rsatishda tezkorlik va qulaylikni qadrlaydi, sanatoriyada vaqt o‘tkazishdan esa haqiqiy tajribani kutadi.

2023-yil ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda sanatoriyalar, dam olish uylari va pansionatlarga tashrif buyurgan sayyohlarning taxminan 65 foizi tibbiy muolajalar uchun maqsadli ravishda borgan — qolganlari uchun birinchi navbatda dam olish, yangi taassurotlar, yaqin atrofdagi madaniy yoki diniy obyektlarga tashrif buyurish yoki hatto ishbilarmonlik dasturi muhim bo‘lgan. Hozirda sanatoriyalar faqat birinchi tashrif buyurishda “hayratlanarli taassurot” taklif qilishlari mumkin, biroq yangi avlodni jalb qilish va ularni doimiy mijozlarga aylantirish uchun ko‘proq imkoniyatlar taqdim etish lozim.

Manba: Instagram.Manba: Instagram.

Agar sanatoriyalarni yoshlar uchun sog‘lom odatlarni targ‘ib qilish joyi sifatida, tibbiy xizmatlar nuqtai nazaridan yangilash haqida gap ketsa, avvalo, zamonaviy sog‘lomlashtirish amaliyotlarini joriy etish ancha oson bo‘lgan bolalar sanatoriyalariga e’tibor qaratish lozim. Yangi avlodni sog‘lom turmush tarzi va muntazam profilaktik muolajalarning ahamiyatini qadrlashga o‘rgatish orqali kelajakda sanatoriyalar haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirishga zamin yaratish mumkin.

Futurizm va yovvoyi tabiat: sanatoriyalarning afzalliklari

Sanatoriyalar — shunchaki dam olish maskanlari emas. Ular jamoat joylari, tibbiy uskunalar va xodimlarni o‘z ichiga olgan murakkab infratuzilmaga ega obyektlardir. Ko‘plab sanatoriyalarda futuristik g‘oyalardan ilhomlanib ishlangan arxitektura mavjud bo‘lib, u o‘z atrofida butun jamoalarni shakllantiradi. Sanatoriyalarning zamonaviy spa-mehmonxonalarga nisbatan afzalligi ham shunda, shuning uchun ularni buzib tashlash emas, balki yangilash maqsadga muvofiq. Sanatoriyalarda ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan to‘rtta asosiy element mavjud bo‘lib, bu elementlarsiz ularni tasavvur qilish qiyin.

Zomin sanatoriyasi. Foto: Instagram.Zomin sanatoriyasi. Foto: Instagram.

Hudud. Postsovet makonidagi sanatoriyalar kurort zonalari landshaftining muhim qismini tashkil etadi. Ularning noyob infratuzilmasi ekologik toza va xushmanzara joylarda joylashgan. Ko‘pchiligining hududida sayr yo‘laklari, dendrariylar, suv havzalarini o‘zida jamlagan istirohat bog‘lari haligacha saqlanib qolgan, bu esa dam olish va sog‘lomlashtirish uchun uyg‘un muhitni yaratadi.

Texnologiya va tibbiyot. Tibbiy vositalar va uskunalar yordamida davolanish — sanatoriyada dam olishning ajralmas qismi. Yangilashda sanatoriyani oddiy spa-kurortga aylantirmaslik, uning tibbiy xususiyatini saqlab qolish, shu bilan birga, jismoniy va ruhiy salomatlikka g‘amxo‘rlikning yangi shakllarini qo‘shish muhim ahamiyatga ega.

Turmush tarzi va kun tartibi. Sanatoriyalardagi dam olish an’anaviy ravishda aniq muolajalar jadvali va qat’iy kun tartibi bilan tartibga solingan, bu esa samarali tiklanish va tezda ishlab chiqarishga qaytish imkonini bergan. Zamonaviy dunyoda bu shakl, ayniqsa, ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatga intiladigan yosh avlod orasida ham dolzarb va talabgir.

Toshkent viloyatidagi Nazarbek sanatoriyasi. Foto: sanatoriyanazarbek.uz.Toshkent viloyatidagi Nazarbek sanatoriyasi. Foto: sanatoriyanazarbek.uz.

Kelajakka nazar. Sovet sanatoriyasining konsepsiyasining o‘zi kelajakka qaratilgan edi. Futuristik zamonaviy arxitektura va profilaktik tibbiyot orqali uzoq umr ko‘rishga hissa qo‘shish — ushbu konsepsiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Infratuzilma va inter’erlar, yondashuvlar eskirmoqda va sovet sanatoriyalari asta-sekin bu muhim jihatni yo‘qotib bormoqda. Malakali rekonstruksiya futuristik me’moriy estetikani saqlab qolish va zamonaviy: tibbiy, energotejamkor, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.

Sanatoriyalarni qanday qilib zamonaviylashtirish mumkin?

Zamonaviy sanatoriya o‘z dolzarbligini yo‘qotmaslik uchun o‘tmishning madaniy merosini o‘zida saqlab qolishi va uni yangi yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirishi kerak. Buning bir nechta yo‘llari mavjud.

Biznes modelini yangilash. Sanatoriyalarning daromadlari va tijoriy muvaffaqiyatini oshirish uchun ularning maqsadli auditoriyasini kengaytirish mumkin. Buning uchun davlat sanatoriyalari joylarni sotishning tijoriy modeliga qisman o‘tishi mumkin. Xususiy sanatoriyalar esa yoshlar va bolali oilalarni jalb qilishga qaratilgan shaffof va qulay savdo tizimi hamda marketing strategiyasini rivojlantirishi lozim.

Makonni qayta qurish. Ko‘plab sanatoriyalar o‘z hududlarini kapital ta’mirlash va zamonaviy obodonlashtirishga muhtoj. Ham ichkarida, ham tashqarida dam olish uchun qulay va estetik jihatdan jozibali muhitni yaratish muhim ahamiyatga ega.

Faol mashg‘ulotlarni joriy etish. Zamonaviy avlod uchun nafaqat muolajalarning o‘zi, balki ularning zamiridagi falsafa: mohiyat, estetika va jarayonni idrok etish ham muhim. Yoshlar va o‘rta yoshlilar bunday amaliyotlarda nafaqat tiklanish vositasini, balki ilhom manbaini, yangi taassurotlarni va o‘zlarini muhim bir narsaning qismi sifatida his qilish imkoniyatini ko‘rishni istaydi.

Toshkentdagi Fedorovich sanatoriysi. Foto: Tashkent Retrospective.Toshkentdagi Fedorovich sanatoriysi. Foto: Tashkent Retrospective.

Dam olishni mazmunli rejalashtirish. Klassik “qat'iy” kun tartibi va muolajalar jadvaliga ko‘proq moslashuvchanlik qo‘shish mumkin, shunda har bir kishi tiklanish dasturini o‘zi tuza oladi. Ishga dam olishni tashkil etish bo‘yicha kuratorlarni jalb etish dasturni zamonaviy sayyohlarga moslashtirish imkonini beradi.

An’anaviy mahalliy amaliyotlarni qo‘llash. Sharq tabobatining madaniy va sog‘lomlashtiruvchi fenomeni O‘zbekiston sanatoriyalarining asosiy g‘oyasiga aylanishi mumkin. Qimiz bilan davolash, ot bilan davolash, yoga, ayurveda, kuylovchi kosalar bilan ovoz terapiyasi kabi usullardan foydalanish mahalliy aholini ham, xalqaro sayyohlarni ham o‘ziga jalb qiladigan noyob taklifni yaratish imkonini beradi.

Postsovet hududidagi sanatoriyalar o‘z infratuzilmasi va dasturlarini qanday modernizatsiya qildi?

“Alatau” sanatoriyasi, Olmaota

54 gektarlik maydonda joylashgan, ko‘l va qarag‘ayzor bilan qoplangan sanatoriya 1980-yillarda Olmaota chekkasida partiya va davlat elitasi uchun nufuzli dam olish maskani sifatida qurilgan. 1995-yilda aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgandan so‘ng, sanatoriya keng ko‘lamli diagnostika, davolash va reabilitatsiya muolajalarini taqdim etuvchi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi sifatida faoliyat yuritdi. To‘rt yil davom etgan keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlaridan so‘ng, yangilangan sanatoriya 2021-yilda qayta ishga tushirildi.

“Alatau” sanatoriyasi. Foto: booking.com.“Alatau” sanatoriyasi. Foto: booking.com.

Bugungi kunda “Alatau” — 222 ta xonaga ega zamonaviy besh yulduzli muassasa. Infratuzilma to‘liq yangilandi, lekin sanatoriyaning innovatsion davolash-sog‘lomlashtirish markazi sifatidagi barcha afzalliklari saqlanib qoldi. Bu yerda mehmonlarga tanish va vaqt sinovidan o‘tgan muolajalar taklif etiladi.

Konferensiya zallari, muzokara xonalari va bir nechta restoranlarning qo‘shilishi sanatoriyaga xizmat turlarini kengaytirish va yangi auditoriyani, jumladan, biznes-sayyohlar va professionallar jamoalarini jalb qilish imkonini berdi. Ushbu chora-tadbirlar tufayli sanatoriya o‘z mohiyatini saqlab qoldi, ayni paytda yanada raqobatbardosh bo‘ldi.

Rekonstruksiya paytida binolarning tarixiy tashqi ko‘rinishi saqlanib qoldi, biroq ichki bezaklar asl estetikani saqlamagan holda to‘liq o‘zgartirildi.

“Pushkino” sanatoriyasi, Moskva viloyati

“Pushkino” sanatoriyasi infratuzilma va xizmatlarni muassasani uzoq vaqt yopmagan holda muvaffaqiyatli yangilashning namunasidir. Sanatoriya o‘z hududida yangi kottej posyolkasini qurib, yashash shakllarini kengaytirdi. Bu oilaviy mehmonlarni jalb qilish va daromadni oshirish imkonini berdi. Xonalar va infratuzilma obyektlari bosqichma-bosqich yangilanmoqda, bir vaqtning o‘zida yangi xizmatlar va dam olish imkoniyatlari, masalan, maxsus yangi yil dasturi paydo bo‘lyapti.

“Pushkino” sanatoriysi. Foto: vashkurort.ru.“Pushkino” sanatoriysi. Foto: vashkurort.ru.

Ushbu chora-tadbirlar davolash dasturlarini yangilash bilan birga sanatoriyaning yangi auditoriyani jalb qilishiga va foyda keltirishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Misol uchun, mehmonlarda koviddan keyingi tiklanish dasturi katta qiziqish uyg‘otdi.

2023-yilning birinchi yarmida tashrif buyuruvchilar sonining 23 foizga o‘sishi bosqichma-bosqiq o‘zgarishlar va kengroq auditoriyaga yo‘naltirilgan strategiyaning samaradorligidan dalolat beradi. Bunday yondashuv boshqa sanatoriyalarni modernizatsiya qilishning asosiy modeliga aylanishi mumkin.