O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, imtihonlar o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu Oliy Majlis Senati tomonidan 24-yanvar kuni ma’qullangan qonunda nazarda tutilgan. Hujjat prezidentga imzolash uchun yuborilgan.
Jinoyat kodeksi 228−2-modda (avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti haydovchilarini, shuningdek, traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, imtihonlar o‘tkazish va guvohnomalar berish tartibini buzish) bilan to‘ldirilmoqda.
1-qism:
- Mas’ul shaxs tomonidan o‘quv jurnallari, yo‘nalish varaqalari yoki imtihon komissiyasi bayonnomalariga ta’lim oluvchilarning o‘quv dasturidan o‘tgani yoki imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgani to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar kiritilishi, shuningdek, ushbu yolg‘on ma’lumotlar asosida avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti haydovchilari yoki traktorchi-mashinistlarni o‘qitish yakunlangani to‘g‘risida guvohnoma berilishi. Bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha (18,75 mln so‘mdan 37,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima, 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
2-qism:
- Haydovchilik guvohnomasini yoki traktorchi-mashinist guvohnomasini olish huquqini beruvchi maxsus sertifikatlarni berishda mas’ul shaxs tomonidan nazariy va amaliy imtihonlar natijalari to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlarni imtihon varaqasiga yoki imtihon natijalari bayonnomasiga kiritish. BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (37,5 mln so‘mdan 112,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima, 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
3-qism. Moddaning 1 yoki 2-qismida ko‘rsatilgan harakatlar:
- a) takroran;
- b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
- v) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa;
- g) xizmat mavqeidan foydalangan holda,
- bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha (112,5 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha) miqdorda jarima, 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, JKda yangi 227−1 modda (avtomototransport vositalari va ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ning davlat raqami belgilarini yoki identifikatsion raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, berish, ulardan foydalanish yoki ularni qalbakilashtirish) paydo bo‘ladi.
1-qism:
- Avtomototransport vositalari va ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni qonunga xilof ravishda tayyorlash, berish yoki ulardan foydalanish, shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilari yoki identifikatsiya raqamlarini (kuzov, shassi (rama), dvigatel) qalbakilashtirish: bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima, 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
2-qism:
- Xuddi shunday harakatlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Moddaning 1 yoki 2-qismlarida nazarda tutilgan harakatlar, agar ular:
- a) takroran yoki o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
- b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib,
- 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida hujjatni taqdim etish chog‘ida ushbu jinoyatlar uchun jazolarni joriy etish rejalari e’lon qilingandi. Lekin deputatlar va senatorlarning o‘zlari bu moddalarni muhokama qilishmadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasida davlat raqam belgisi yasama yoki o‘zga usullarda o‘zgartirilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi ayni shu transport vositasiga tegishli bo‘lmagan transport vositasini boshqarganlik uchun BHMning 10 baravari miqdorida jarima nazarda tutilgan.
“Gazeta.uz” avvalroq yozganidek, senatorlar tomonidan ma’qullangan xuddi shu qonun doirasida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun haydovchilarga jarima ballarini hisoblash tizimini yo‘lga qo‘yish, mast holda takroran hamda haydovchilik huquqidan mahrum qilingandan keyin mashinani boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, “yo‘l bezoriligi” uchun ma’muriy javobgarlik, shuningdek, obro‘sizlantirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning fotosurati va videosini e’lon qilganlik uchun jarimalarni joriy etish nazarda tutilgan.