Saudiya Arabistonining ikkinchi yirik shahri Jiddada Islom san’ati biyennalesi ochildi. And All That Is In Between (“Va o‘rtadagi hammasi”) shiori ostida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli ko‘rgazma e’tiqod fenomeni, uning ijod va turli madaniyatlarda namoyon bo‘lishini o‘rganishga chorlaydi. Ishtirokchi davlatlar orasida Tunis, Mali, Indoneziya va boshqa davlatlar bor.
Biyennaleda ikkinchi bor O‘zbekistonni namoyish qilayotgan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashrif buyuruvchilarni nodir qo‘lyozma va artefaktlar kolleksiyasi bilan tanishtirmoqda. Ular orasida Kattalangar Qur’oni (VIII asr), muallifi davlat arbobi, mutafakkir va astronom Mirzo Ulug‘bek hisoblanmish XVI asrga oid “Zij-i Ulug‘bek"ning astronomik jadvallari, Al-Beruniyning “At-Tafhim li Ava’il Sino’at at-Tanjim” (“Munajjimlik san’atidan boshlang‘ich tushunchalar”) munajjimlik va samoviy hisoblarga oid fundamental matni (XIII asr), shuningdek, Toshkent sahifalari (XVI asr) mavjud. Jamg‘armaning rasmiy xabarida so‘nggisi “Buxoro durdonasi, davlat va madaniyat taraqqiyotiga oid muhim hujjatlarni o‘z ichiga olgan, davrning badiiy va intellektual yutuqlarini namoyish etuvchi asar” sifatida tilga olinadi. Muzey eksponatlarining bir qismi O‘zbekistondan tashqarida ilk bor namoyish etilmoqda.
“Bizning [Islom san’ati biyennalesida] ishtirok etishimiz O‘zbekistonning islom merosini asrab-avaylash va tarqatishga sodiqligini tasdiqlaydi. Kattalangar Qur’oni, Al-Beruniyning „At-Tafhim“ asari kabi boyliklarni namoyish etish madaniyatlararo muloqotni mustahkamlaydi, badiiy va ilmiy an’analarimiz jahon miqyosida e’tirof etilishiga xizmat qiladi”, — deydi jamg‘arma raisi Gayane Umerova.
Berlinda yashab ijod qilayotgan taniqli rassom Timo Nasserining Echoes of the Skies installyatsiyasida O‘zbekistonning madaniy merosi o‘z ifodasini topgan. Uni tadbirda ishtirok etish uchun tashkilotchilar Diriya biyennalesi fondi (Diriyah Biennale Foundation) taklif qilgan. Haqiqatni abadiy izlash haqidagi ko‘zgu installyatsiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadigan XVI asrga oid Buxoro me’moriy chizmalaridan ilhomlangan.
Jiddadagi Qirol Abdulaziz xalqaro aeroportining Haj terminalida tashkil etilgan Islom san’ati biyennalesi 25-mayga qadar davom etadi.