Surxondaryo, Namangan va Andijonda qo‘shni davlatlardan olib kelingan giyohvand moddalar aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Jumladan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi fuqaro va uning Termiz shahrida istiqomat qiluvchi jinoiy sherigi 3 kg 849 gr opiy moddasini Samarqand viloyatiga sotish maqsadida olib kelgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi muqaddam tojikistonlik narkokurer tomonidan Denov tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan yetkazib berilgan.
Namangan viloyatining Pop tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent-Namangan yo‘nalishida harakatlanayotgan, Chust tumanida yashovchi shaxs boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada uning salon qismiga yashirib qo‘yilgan 2 kg 436 gr gashish moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, u muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududiga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilgan ushbu giyohvandlik vositasini olib, qaytayotgan bo‘lgan.
Boshqa holatda esa Namangan-Andijon yo‘nalishida harakatlangan Cobalt rusumli avtomashina Andijon shahrida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan — Qirg‘iziston fuqarosi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsga tegishli 1 kg 702 gr gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u Qirg‘iziston kontrabanda yo‘li bilan Namangan viloyatiga olib kelgan ushbu narkotik moddani Andijon shahrida sotishni rejalashtirganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.