O‘zbekistonda ayrim turdagi dori-darmonlarni import qilishda bojxona bojlari joriy etilmoqda. Bu prezidentning 28-yanvardagi farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida nazarda tutilgan.
Hujjat (PQ-3818-son) bilan 2018-yil 29-iyundagi import tovarlar uchun bojxona bojlari belgilangan qarorga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, 3004 (tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha kodi) pozitsiyadagi tovarlar uchun boj stavkasi 0 foiz darajasida bo‘lgan bo‘lsa, endi unga 2 foiz miqdorida boj joriy etiladi.
Ushbu toifaga terapevtik yoki profilaktik maqsadlarda foydalanish uchun aralash yoki aralashmagan mahsulotlardan tashkil topgan, dozalangan dori shakli shaklida qadoqlangan (shu jumladan transdermal tizimlar shaklidagi dori vositalari) yoki chakana savdo uchun shakl yoki qadoqlangan dori vositalari (3002, 3005 yoki 3006 tovar pozitsiyalari tovarlaridan tashqari) kiradi.
Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga (HS Code) ko‘ra, 3004 kodiga kiruvchi preparatlarga quyidagilar misol bo‘ladi:
- tayyor shakldagi antibiotiklar (amoksitsillin, azitromitsin, seftriakson);
- og‘riq qoldiruvchi va yallig‘lanishga qarshi dorilar (ibuprofen, paratsetamol, diklofenak);
- virusga qarshi preparatlar (oseltamivir, remdesivir);
- gormonal dori vositalari (insulin, prednizolon, tiroksin);
- kardiologik preparatlar (atenolol, kaptopril, amlodipin);
- qandli diabetga qarshi dorilar (metformin, glibenklamid);
- antigistamin preparatlar (setirizin, loratadin);
- o‘smaga qarshi vositalar (paklitaksel, tamoksifen);
- dori vositasi maqomiga ega vitaminlar va biologik faol qo‘shimchalar.
3004 kodiga kirmaydigan preparatlar:
- Zardob, vaksinalar va qon preparatlari (3002);
- Dori plastirlari va bog‘lov materiallari (3005);
- Kontrast moddalar va diagnostik reaktivlar (3006).
3004 kodi yakuniy iste’molchiga mo‘ljallangan dori vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda qo‘llaniladi (3003 kodi ostida yuritiladigan farmatsevtik substansiyalardan farqli o‘laroq).
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni Tashkent Pharma Park farmatsevtika klasterida farmatsevtika korxonalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. U mamlakatdagi dori vositalarining 80 foizi xorijdan import qilinayotganini tanqid qilib, “ushbu 80 foizni kamaytirish” uchun ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Davlat rahbari sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun bojxona imtiyozlarini 2028-yilgacha uzaytirish, 100 million dollarlik kapitalga ega Ilg‘or farmatsevtika loyihalari investitsiya jamg‘armasini tashkil etish haqida ma’lum qildi. U import ulushini kamaytirish uchun dorilarni mahalliylashtirishni ham muhokama qilgandi.