Prezidentning “Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan hududdagi ayrim universitetlar qayta tashkil etiladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga ko‘ra, Farg‘ona politexnika instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona davlat texnika universiteti tashkil qilinadi.

Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali negizida esa Qo‘qon davlat universiteti ochiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filialini qo‘shib yuborish yo‘li bilan Farg‘ona davlat universiteti tashkil etiladi

Qaror bilan 2025/2026 o‘quv yilidan mazkur universitetlarning malaka talablari va o‘quv dasturlari yuqori 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturlari asosida ishlab chiqiladi. Shuningdek, iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlarda tashkil etiladi.

Farg‘ona davlat texnika universitetida Ilg‘or muhandislik maktabi va “spin-off” korxonalari faoliyati tashkil etiladi hamda yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.

Tugatilayotgan oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangidan tashkil etilgan tegishli universitetlarda davom ettiradi.

Avvalroq Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, TATU Qarshi filiali va TKTI Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etilishi xabar qilingandi.