“Gazeta.uz” 2025-yil 1-fevraldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar ro‘yxatini taqdim etadi. Sharh sayt xabarlari, Adliya vazirligi va Lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Toshkent viloyatida issiq suv va isitish ta’minoti narxi oshiriladi
1-fevraldan Toshkent viloyati aholisi uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv tariflari tuman va shaharlarga qarab 9−15 foizga oshiriladi. Tariflar haqida batafsil ma’lumotni materialimizda topishingiz mumkin.
Tezyurar va yotoqli poyezdlar uchun chiptalar narxi oshadi
1-fevraldan boshlab mamlakat ichidagi tezyurar va oddiy (yotoq) poyezdlarning chiptalari narxi oshadi. Xususan, “Afrosiyob” biletlari 20−25 foizga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” biletlari esa 30 foizga ko‘tariladi. Yotoqli poyezdlarniki esa 10,5 foizga oshadi.
Reabilitatsiya tovarlari uchun to‘lovlar ijtimoiy kartalarga o‘tkaziladi
1-fevraldan boshlab reabilitatsiya texnik vositalarini xarid qilish uchun ajratiladigan mablag‘lar, agar ularning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizidan oshmasa, ushbu vositalarga muhtoj bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy kartalariga tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq o‘tkaziladi.
Shuningdek, sinov rejimida 1070 qisqa raqami (“Ishonch telefoni”) tun-u kun xizmat ko‘rsatadigan axborot-ma’lumot markazi ishga tushiriladi. Ushbu xizmat ijtimoiy kartalarni muomalaga kiritish va foydalanish bo‘yicha ma’lumot beradi.
Xorijiy IT-kompaniyalar uchun daromad solig‘idan imtiyozlar beriladi
1-fevraldan 2030-yil 1-yanvargacha mamlakat norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar (bundan O‘zbekiston bilan ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzgan davlatlarning soliq rezidentlari mustasno) eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 mln dollardan oshgan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan (shu jumladan royalti to‘lanadigan) daromadlari qismida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
Bolalar uylarida “Onalar maskani” ochiladi
Og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolgani natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Ularga va ularning farzandlariga (4 yoshga to‘lmagan) 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi.
Oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi
Oilaviy bolalar uylarini tashkil etish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar 1-fevraldan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi. 30 yoshga to‘lgan fuqarolarga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yashash xarajatlari, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani (parvarishlagani) uchun ajratiladigan mablag‘lar tarbiyalanuvchilar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarini tamomlaguniga qadar beriladi.
Ishsiz aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitiladi
1-fevraldan ishsizlar, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalar a’zolari uchun talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish tizimi joriy etiladi. Bu jarayon ish beruvchilarning buyurtmalari va banklarning ehtiyojlari asosida tashkil etiladi. Ta’lim jarayoni Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining kasbiy malaka markazlarida olib boriladi.
Agar o‘quv kursi uch oydan ortiq davom etsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan fuqarolarga stipendiya to‘lanadi.
Avtoturargohlarning kamida 5 foizi elektromobillarni quvvatlantirish stansiyasi bilan jihozlanadi
1-fevraldan boshlab yangi loyihalashtiriladigan davlat organlari, savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llaridagi avtoturargohlarning kamida 5 foizida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatilishi lozim.