Bosh vazir Abdulla Aripov 31-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Digital Almaty 2025: Industrial AI forumida O‘zbekistonda sun’iy intellektni (SI) rivojlantirish strategiyasini taqdim etdi (video).
Forum 31-yanvardan 1-fevralga qadar Olmaota shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Bu yil tadbirning asosiy mavzusi — “Industrial AI: yangi davr uchun texnologiyalar”. Unda sun’iy intellekt ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligi va xavfsizligini qanday oshirishi muhokama qilinadi.
Abdulla Aripov 2024-yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan O‘zbekistonda 2030-yilgacha SIni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanganini eslatdi.
Ushbu dastur doirasida mamlakat oldiga quyidagi vazifalar turibdi:
- SIga asoslangan dasturiy ta’minot va raqamli xizmatlarni ishlab chiqish hajmini 1,5 milliard dollargacha oshirish;
- SI sohasidagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan bir qator ilmiy laboratoriyalarni yaratish;
- katta ma’lumotlarni qayta ishlash va SI modellarini o‘rgatish uchun zamonaviy yuqori samarali server infratuzilmasini shakllantirish;
- “Hukumatning SIga tayyorlik indeksi”da top 50 davlatlar qatoriga kirish.
Ushbu maqsadlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun hukumat bir qator asosiy yo‘nalishlarni belgilab olgan. Ular orasida — kadrlar salohiyatini rivojlantirish va SI sohasida mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, SIni iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga jadal joriy etish.
Bundan tashqari, BAA bilan hamkorlikda yoshlarni SIga buyruq berish ko‘nikmalariga o‘rgatish maqsadida “Bir million AI Prompters” loyihasi ishga tushirildi.
Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, allaqachon ma’lum natijalarga erishilgan. Masalan, Toshkent metropolitenining 12 bekatida Palm Pay to‘lov tizimi joriy etilgan.
Banklar, to‘lov tizimlari va bozorlarda qo‘llanadigan My ID va Uz Face raqamli identifikatsiya xizmatlari ham ishlab chiqilgan.
Soliq tizimi va davlat xizmatlari portalida maslahat va elektron xizmatlar olish uchun virtual yordamchilar ishga tushirilgan.
Huquqiy axborotga kirishni soddalashtiruvchi Lex AI platformasi test rejimida ishlamoqda.
Qabul qilingan strategiyaga ko‘ra, SI texnologiyalarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari (bank, soliq va bojxona, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, energetika) belgilandi. Ular asosida asosiy loyihalar portfeli shakllantirildi.
O‘zbekiston SI uchun IT infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi, dedi bosh vazir. Shu sababli katta ma’lumotlar va SI bilan ishlash uchun milliy server infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston SIni tartibga solish standartlarini ishlab chiqish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlar va IT kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda, dedi u.
2025-yildan boshlab mamlakatda ushbu sohadagi startaplar va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Qo‘shma akseleratsiya va venchur investitsiya dasturlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, 2024-yilda O‘zbekiston hukumatning SIga tayyorlik global reytingida 17 pog‘ona yuqorilab, 70-o‘rinni egallagan. Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqasida mamlakat Hindiston va Turkiyani ortda qoldirib, uchinchi o‘rinda turibdi.
Abdulla Aripov SI sohasida xalqaro hamkorlik muhimligini qayd etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2024-yil 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida MDH davlatlarining SI masalalari bo‘yicha navbatdagi ekspertlar yig‘ilishini o‘tkazish taklif qilingan.
2025-yilning 7−8-avgust kunlari Samarqandda SI bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi, unga yetakchi ekspertlar va hukumat vakillari taklif etilgan.
Abdulla Aripovning aytishicha, SIni rivojlantirish ulkan imkoniyatlar eshigini ochib beradi, lekin bu axloq, regulyatsiya va ma’lumotlar himoyasi masalalarini hal qilishni talab qiladi.
“Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning axloqiy tamoyillarini huquqiy himoya qilish va regulyatsiya, shuningdek, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash jarayonlarining shaffofligini ta’minlash asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu jihatlar xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun jiddiy e’tibor va birgalikdagi harakatni talab qiladi”, — dedi u.
Abdulla Aripov O‘zbekiston 2025-yilda SI sohasida axloqiy me’yorlarni integratsiyalashni rejalashtirayotganini aytdi.
“Biz ishonamizki, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, sa’y-harakatlarni birlashtirish va SI sohasida faol tajriba almashish uning to‘liq salohiyatini ochishga yordam beradi”, — deya xulosa qildi bosh vazir.