American Airlines samolyoti harbiy vertolyot bilan to‘qnashgan kuni Vashingtonning Ronald Reygan nomidagi aeroportda dispetcherlar yetishmagan, deb xabar berdi New York Times AQSh Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasining (FAA) dastlabki hisobotiga tayanib.
Hisobotda aytilishicha, navbatchi dispetcherlar soni “kun vaqti va trafik hajmiga monand darajada bo‘lmagan”. Aeroport hududida vertolyotlarning harakatlanishi uchun mas’ul bo‘lgan dispetcher, o‘z navbatida, samolyotlar ekipajlariga uchish va qo‘nish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar bergan. Qoidaga ko‘ra, bu ish bir emas, ikki dispetcherga topshiriladi, deya aniqlik kiritdi NYT.
Black Hawk vertolyotining yakuniy joylashuvi ham tasdiqlangan yo‘nalishdan chetga chiqib, yer sathidan yuqoriroqqa uchganini ko‘rsatadi, deb yozadi NYT to‘rtta manbaga tayanib. Vertolyotlarga Reygan aeroporti yaqinida 61 metrdan yuqori bo‘lmagan masofada uchishga ruxsat beriladi, ammo to‘qnashuv paytida u 91 metrdan balandroqda bo‘lgan. Gazetaning ta’kidlashicha, vertolyot uchuvchisi dispetcherga American Airlines samolyotini ko‘rayotganini tasdiqlagan, biroq samolyot ortidan uchish bo‘yicha ko‘rsatmaga qaramay, belgilangan yo‘nalishga amal qilmagan.
- American Airlines aviakompaniyasining Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti va AQSh qurolli kuchlarining Black Hawk vertolyoti 29-yanvar kuni kechqurun Reygan aeroportiga yaqinlashganda to‘qnashdi va Potomak daryosiga quladi. Hodisada hamma, ya’ni 67 kishi halok bo‘ldi: 60 yo‘lovchi va CRJ700 ekipaji, shuningdek, vertolyot ekipajining uch a’zosi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, daryodan 50 dan ortiq jasad olib chiqilgan. Samolyotning qora qutilari topilgan va mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.