Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi loyiha ko‘rib chiqildi. Konsepsiya loyihasini qonun bilan tasdiqlash nazarda tutilgan.

Konsepsiya loyihasi bilan tanishtirish uchun so‘zga deputat Jahongir Shirinov chiqdi. Ma’ruza avvalida deputat mamlakatda diniy sohada amalga oshirilgan qator ishlarni sanab o‘tdi.

Ma’ruzachi, shuningdek, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, ayrim davlat xizmatchilarining dunyoviy davlatchilik mohiyatini teran anglamasligi, jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur yetkazuvchi qonunga xilof g‘oyalar, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklashga qaratilgan g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchrayotganini qayd etdi.

“Bunday holatlar yagona O‘zbekiston xalqi, jamiyat va davlat hamjihatligiga xatar bo‘lib, qonun hujjatlariga rioya etilmasligiga, boshqa shaxslarning huquqlarini buzilishiga, fuqarolarning huquqiy tartibotga munosabati salbiy tomonga o‘zgarishiga, vatanparvarlik tuyg‘ulari yemirilishiga hamda oilaviy nizolarga olib kelishi mumkin”, — dedi Shirinov.

Ma’ruzachining qayd etishicha, diniy sohadagi davlat siyosatini aniq ko‘rsatilmasligi uning aholi o‘rtasida turlicha tushunilishiga, dunyoviy davlat asoslarining buzib talqin qilinishiga, jamiyatda ziddiyatlarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

“Shuningdek, ilm-fan va texnologik yutuqlar bilan hisoblashmaslik, uning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga e’tiborsizlik, zamon bilan hamqadam bo‘lmaslik, mamlakatning global raqobat maydonidagi munosib o‘rin egallashini murakkablashtiradi”, — dedi deputat.

Tashabbus qilingan hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etildi.

Konsepsiya 7 ta bob, 41 ta banddan iborat. Unda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi va unga xizmat qiluvchi 10 ta vazifa belgilangan. Xususan, O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash va jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.

Diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari esa quyidagilardan iborat:

  • fuqarolarning erkinligi va qonun oldida tengligini ta’minlash va kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali xalqning birdamligi va urf-odatlariga hurmatni mustahkamlash;
  • fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy sharoitlar yaratish;
  • diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda vijdon erkinligi huquqini amalga oshirish uchun sharoit yaratish;
  • davlatning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda konstitutsiya normalariga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
  • davlat xizmati va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida hamda ijtimoiy munosabatlarni dunyoviylik asosida tartibga solish;
  • diniy bag‘rikenglik va dunyoviylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash;
  • davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatida biror bir dinga yoki e’tiqodga ustunlik berishga yoxud ularni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • jahon ilm-fani va madaniyatining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish;
  • radikallashuvga qarshi kurashish, ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Konsepsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining 3 ta ustuvor yo‘nalishi hamda uni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.

Birinchisi — fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini izchil ro‘yobga chiqarish, jamiyatda konfessiyalararo munosabatlarni yanada mustahkamlash. Ushbu yo‘nalishda vijdon erkinligi kafolatini ta’minlash, diniy tashkilotlar bilan hamkorlikni vakolatli davlat o‘rgani orqali muvofiqlashtirish, diniy rasm-rusumlarni xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha davlat organlari bilan hamkorlikni ta’minlash, sohada yuqori malakali xodimlarni tayyorlashga ko‘maklashish, diniy ta’lim muassasalarida qonunchilik hujjatlari o‘qitilishi uchun sharoit yaratish, sohada amalga oshirilgan ishlardan fuqarolarning xabardorligini oshirish mazkur yo‘nalishdagi davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy mexanizmlaridan hisoblanadi.

Ikkinchisi — dinlarning ilmiy-ma’daniy merosini o‘rganish, dinshunoslik va diniy sohadagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish. Ushbu yo‘nalishda dinshunoslik bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, diniy sohadagi ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ilmiy tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, aholining diniy-ijtimoiy jarayonlarga munosabati bo‘yicha sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish va boshqa shu kabilar davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy mexanizmlari sanaladi.

Uchinchisi — fuqarolarning vijdon erkinligiga, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi omillarga qarshi kurashish. Ushbu yo‘nalishda diniy radikallashuvga yo‘l qo‘ymaslik, radikal diniy oqimlar, terroristik tashkilotlarning g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, dinning jamiyat va davlat hayotidagi muhim o‘rnini ochib berish maqsadida media sohadagilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, axborot makonida dindan qonunga xilof ravishda va siyosiy maqsadlarda foydalanish holatlarini oldini olish, vijdon erkinligi sohasida qonunchilik hujjatlarini buzish holatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish, milliy, irqiy va diniy adovat g‘oyalari bilan yug‘rilgan materiallar tarqatishni cheklash, diniy taassublar zamirida sodir etiladigan jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda boshqa shu kabilar mazkur yo‘nalishdagi davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy mexanizmlari hisoblanadi.

Konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qarori bilan parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Konsepsiya loyihasi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Shuningdek, uni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish borasida tegishli qaror qabul qilindi.

Hujjat Qonunchilik palatasi rasmiy saytida e’lon qilinadi.