O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida Janubiy Koreyaga ishga borgach, ish joyini tashlab ketish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi mas’ullari ishtirokida 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Migratsiya agentligi bo‘lim boshlig‘i A’zam Ahmatovning qayd etishicha, o‘zbek migrantlari bilan bog‘liq nolegallik holatlari 2022-yilgacha 3−4 ming oralig‘ida bo‘lgan. Hozirda bu raqamlar 2−3 mingtagacha kamaygan.
“Janubiy Koreyaning har bir ish beruvchisi xorijiy fuqaroni ishga yollaganidan keyin uning hujjatlarini va Janubiy Koreya Adliya vazirligi orqali vizasini rasmiylashtirish, shuningdek, ish va yotoq joylarini tayyorlash kabi jarayonlar uchun xarajat qiladi. Keyingi vaqtlarda Janubiy Koreyaga ishga borgan O‘zbekiston fuqarolari orasida shartnomadagi ish joyida 1−3 oy ishlagach, uni tashlab, biror yaqini, tanishi yoki boshqalarning taklifi bilan ish haqi biroz ko‘proq bo‘lgan boshqa ishga o‘tib ketish holatlari juda ko‘plab uchrayapti. Oqibatda Janubiy Koreyadagi ish beruvchi qilgan xarajatiga kuyib qolyapti. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib Janubiy Koreyadagi ish beruvchilar ko‘proq Senegal yoki Vetnam fuqarosini ishga yollayapti. Chunki ularda ish joyini tashlab ketish holatlari kam kuzatiladi, kamida 1−3 yilgacha muqim ishlaydi. Ish beruvchini hech kim: „Mana bu davlat fuqarolarini tanlab, ishga olasan“, deya majburlay olmaydi”, — deydi Ahmatov.
Foto: AOKA
“Biz fuqarolarimizga Janubiy Koreyaga ketishdan oldingi ko‘niktirish tadbirlarini, targ‘ibot ishlarini kuchaytirganmiz. Shu ishlar doirasida Janubiy Koreyadagi har bir ish beruvchining korxonalariga ham borib, u yerlarda ham targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz. Bu sa’y-harakatlarimiz 2025-yildan o‘z natijasini ko‘rsatadi”, — deya ta’kidladi agentlik vakili.
Agentlik axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Janubiy Koreyada nolegal yurgan O‘zbekiston fuqarolari soni u yerdagi jami o‘zbekistonliklarning 9,6 foiziga yetgan. “Agar bu 10 foizga chiqadigan bo‘lsa, o‘sha davlat biz bilan [migratsion aloqalarni] to‘xtashi ham mumkin. Shu bois biz qattiqroq choralar ko‘rishga majbur bo‘lyapmiz”, — deydi Qalandarov.
Boshqarma boshlig‘i Islomjon Hamroyevning ta’kidlashicha, Janubiy Koreya qonunchiligida noqonuniy migrantlar bilan bog‘liq normalar aniq belgilab qo‘yilgan.
“Janubiy Koreya qonunchiligi bo‘yicha har bir davlatdan kelgan mehnat migrantlari orasida noqonuniylari soni 10 foizdan oshib ketsa, kvota masalasida kamaytirish, qisqartirish, vizani bekor qilish masalalari kun tartibiga qo‘yiladi. Shuning uchun fuqarolarimiz nolegal maqomga o‘tib ketayotganining oldini olish maqsadida Migratsiya agentligi tomonidan uch tomonlama shartnoma tuzilgan. Bu shartnoma bo‘yicha mehnat migranti Janubiy Koreyaga borgandan keyin ish joyini bevosita agentlik bilan kelishmasdan o‘zgartirmasligi yoki nolegal maqomga chiqib ketmasligi bo‘yicha majburiyat oladi. Fuqaroning xatti-harakatlari huquqiy munosabat bo‘yicha shartnoma taraflarning ixtiyoriga asosan amalga oshiriladi. Bunday holatda ketayotgan migrantga majburan imzo qo‘ydirilmaydi. Shartnomani imzolashdan oldin tushuntirish ishlari olib boriladi”, — deydi u.
Hamroyevning ta’kidlashicha, agentlik tomonidan ketayotgan fuqarolarga nolegal maqomda bo‘lishning oqibatlari, salbiy holatlari, javobgarlik, o‘sha davlatning qonunchiligini buzganlik uchun deportatsiya va jarima qo‘llash masalasini tushuntirish bo‘yicha maxsus kurs tashkil etilgan. “Har bir jo‘natilayotgan fuqaroga hozirgi kunda mahalla idoralari bilan kelishgan holda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilyapti, hattoki, ularga sudlarning qarorlarini ham ko‘rsatyapmiz”, — deya izoh berdi agentlik rasmiysi.
Agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanovning qo‘shimcha qilishicha, Koreyaga jo‘nab ketayotgan har bir fuqaroning kafilligi kuchaytirilmoqda.
Foto: AOKA
“„Sen Janubiy Koreyaga borib, ish joyingdan qochsang, boshqalarning ham huquqlarini cheklab qo‘yyapsan, bunday paytda faqat o‘zingni o‘ylama, orqangdagilarni ham o‘yla. O‘zingni o‘ylab, qochib ketganing evaziga ortingdagi minglab odamlar ish beruvchilar tomonidan tanlanmayapti“, degan mazmunda ogohlantirishlar berilyapti. Biz ozchilikni o‘ylab, ko‘pchilikning huquqlarini cheklab qo‘ymasligimiz kerak. Bilasizmi, bir fuqaro Janubiy Koreyadan deportatsiya qilinsa, uning farzandlari ham kelajakda bu mamlakatga bora olmaydi. Oila a’zolari, yaqin qarindoshlarida ham viza masalasida rad javobi chiqaveradi”, — deydi Azimjon Husanov.
Agentlik bo‘lim boshlig‘i Doston Olimjonov ham Janubiy Koreyaga ishga borgan o‘zbekistonliklar orasida ish joylarini tashlab ketish holatlari kuzatilayotganini ta’kidladi.
“Bundan tashqari, Janubiy Koreya iqtisodiyotida ham o‘zgarishlar bo‘lgani sababli ko‘p kompaniyalar o‘zlarini bankrot deb e’lon qilyapti. Shu kabi sabablar ortidan nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham o‘z fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga yuborish bo‘yicha ko‘rsatkichlar pasayib ketyapti”, — dedi agentlik rasmiysi.