Ijtimoiy tarmoqlarda MY5 telekanali muxbiri Ruxsora G‘ofurovaning o‘zgalar nomiga kredit olib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumon qilinayotgan bank xodimasi haqidagi materiali va ushbu material efirga berilganidan so‘ng muxbirning ichki ishlar organlariga chaqirtirilib, unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani haqidagi xabarlar atrofidagi muhokama tinmayapti. “Gazeta.uz” muxbiri muhokamalarga sabab bo‘layotgan mazkur holat tafsilotlar va u bo‘yicha bildiralayotgan munosabatlarni bir sahifaga jamladi.

Ruxsora G‘ofurova tayyorlagan material nima haqida edi?

MY5 telekanali muxbiri Ruxsora G‘ofurova Xalq bankining Jizzax viloyati filiali xodimasi B.G. fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, uni o‘zi o‘zlashtirgani haqida material tayyorlagan.

Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda nafaqada bo‘lgan navoiylik Oybek Ochilov 2022-yilgacha Jizzaxda harbiy sohada ishlagan. U 2019-yili Xalq banki Jizzax viloyati filialiga iste’mol krediti olish maqsadida murojaat qilgan. Ammo o‘sha vaqtda bank xodimasi B.G. fuqaroning nomida ipoteka krediti borligi sabab uning arizasi qanoatlantirilmaganini ma’lum qilgan.

Oybek OchilovOybek Ochilov

Oradan uch yil o‘tib, 2022-yilning fevral oyida Oybek Ochilovning sobiq ish joyi, ya’ni harbiy qismga kredit qarzdorligini to‘lash masalasida Xalq bankidan xat kelgan. Shundan so‘ng, u Xalq bankiga borib, kredit olmaganini bildirgan. Lekin bank xodimlari uning nomiga kredit olinganini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatgan. Ma’lum bo‘lishicha, 2019-yilning noyabr oyida Oybek Ochilov nomiga maishiy texnikalar uchun iste’mol krediti rasmiylashtirilgan, ammo uning o‘zi bundan bexabar bo‘lgan. 2023-yil yanvar oyidan boshlab uning plastik kartasidan kredit to‘lovi uchun pul ham yechila boshlagan.

Bundan tashqari, yana bir sobiq harbiy xizmatchi Jamoliddin Boynazarov bian ham shunday holat bo‘lgan. Uning rafiqasi Zebo Boynazarovaning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i 2019-yili iste’mol krediti olish uchun Xalq banki Jizzax filialiga murojaat qilgan. Bank xodimasi B.G. fuqarodan 10−15 kunda xabar olishni so‘ragan. Aytilgan vaqtda bankka borgan Jamoliddin Boynazarovga “yil oxiri bo‘lgani sabab limit yopilgan” degan vaj bilan rad javobini bergan. Bu orada koronavirus pandemiyasi boshlanib, fuqaro bankka qaytib bormagan. 2023-yil yanvar oyidan esa uning plastik kartasidan pul yechila boshlagan.

Advokat Akmal Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, har ikki fuqaro nomiga 2020-yili kredit chiqarilgan va bu kredit bo‘yicha to‘lovlarni bank xodimlari ikki yil o‘zlari to‘lab kelgan. Ular 2023-yili kreditni so‘ndirishni to‘xtatgach, to‘lovlar fuqarolar Oybek Ochilov va Jamoliddin Boynazarovning plastika kartalaridan yechib olina boshlagan. Vaholanki, ular na kreditni, na kredit puliga olingan maishiy texnikani ko‘rgan.

Jurnalist Ruxsora G‘ofurova jabrlangan fuqarolar murojaati bo‘yicha izoh olish maqsadida Xalq bankining Jizzax filialiga borgan. Bank binosi oldida o‘zlarini bank mutasaddilari deb tanishtirgan ikki fuqaro muloqot davomida telekanal tasvirchisiga qarshilik ko‘rsatgan.

Jizzax shahar prokuraturasi katta tergvochisi Rufat Aliyev fuqaro Boynazarov ishi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani, fuqaro Oybek Ochilov ishi yuzasidan harbiy prokuraturada tergov olib borilib, ish tugatilganini ma’lum qilgan. B.G. Toshkentdan advokati bilan prokuraturaga kelgan. U homilador bo‘lib, UTT ma’lumotnomalarigacha prokuraturaga tashlab ketgan. “Uni har hafta chaqira olmaymiz. Chunki bu ruhiyatiga ta’sir qilishi mumkin. Bank siri bo‘yicha xat berganmiz. Bank siri bo‘yicha aylanmani, hammasini ko‘tarib kelsa, plastigidan hamma ma’lumot kelib chiqadi”, — degan prokuror.

Jurnalist Ruxsora G‘ofurovaning ushbu lavhasi 2024-yil 23-dekabrda “Markaziy studiya” informatsion dasturi orqali efirga berilgan. Inson huquqlari bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning ma’lum qilishicha, mazkur jurnalistik surishtiruvdan so‘ng Ruxsora G‘ofurovaga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

“Qonunga muvofiq, ko‘rsatuv efirga uzatilgach, bank xodimiga nisbatan darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozim edi. Chunki O‘zbekiston Jinoyat-protsessual Kodeksi talablariga ko‘ra, ommaviy axborot vositasining jinoyat haqida bergan xabari jinoyat ishi ochilishiga asos bo‘ladi. Ammo teskarisi — bank xodimasining arizasiga ko‘ra, Ruxsoraning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Emishki, jurnalist bank xodimasining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitibdi hamda uning jinoyati haqida xabar berib, qonunbuzarlik sodir etibdi”, — deb yozgan Tashanov.

“Hujjatlardan ko‘rinishicha, bank xodimasining o‘zga shaxslar nomiga olingan kreditining bir qismini uning eri — O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi o‘z plastik kartasi orqali to‘lab kelgan. Sudya, ehtimol, bu qonunbuzarlikdan xabardor bo‘lgan va qonunbuzar ayolini himoya qilgan. Katta ehtimol bilan, jurnalistga hujum ortida ham janobning o‘zlari turibdi”, — deydi huquq faoli.

Munosabatlar

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mas’ullari masalaga oydinlik kiritish maqsadida Ruxsora G‘ofurova bilan muloqotda bo‘lganini qayd etib, mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

“Telekanalga 2024-yilning dekabr oyida fuqarolar Oybek Ochilov, Zebo Boynazarova va uning turmush o‘rtog‘i Jamoliddin Boynazarov tomonidan yozilgan murojaat xati kelgan. Ayni xat asosida „Mening yurtim“ telekanali jurnalisti material tayyorlagan. Ushbu material-lavha efirga uzatilgach, bank xodimasi murojaatiga ko‘ra, poytaxtimizdagi tegishli ichki ishlar bo‘limi R.G‘ofurovadan faqatgina ayni holat yuzasidan tushuntirish xati olgan, xolos. Buni R.G‘ofurovaning advokati Amrullo Ahmedov uyushmaga ma’lum qildi. Advokatning aytishicha, 2025-yil 24-yanvar kungi holatda R.G‘ofurovaga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilmagan. Demak, R.G‘ofurovaga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan qabilida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asossiz”, — deyiladi uyushma axborotida.

Jurnalistlar uyushmasi jurnalist Ruxsora G‘ofurova bilan bog‘liq holat bo‘yicha adolatli qaror qabul qilinishi ta’minlanishiga har jihatdan ko‘maklashishini bildirgan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi MY5 telekanali jurnalisti Ruxsora G‘ofurova atrofidagi vaziyatdan xabardor ekanligini bildirdi.

“Biz ushbu masala bo‘yicha voqealar rivojini kuzatib boramiz hamda so‘z erkinligini himoya qilish, jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash va jurnalistikaning turli janrlarini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deyiladi fond axborotida.

Mazkur holat bo‘yicha Xalq banki axborot xizmati ham munosabat bildirarkan, jurnalist surishtiruvida aytilayotgan bank xodimasi 2023-yili ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan.

“Holat mas’ullar ishtirokida o‘rganilganda, Xalq banki Jizzax shahar universal BXM sobiq xodimi B.G. fuqaro O.O. nomiga 2019-yilda iste’mol krediti rasmiylashtirgani, O.O. murojaatidan so‘ng bankning „Ichki nazorat“ bo‘limi xizmat tekshiruvi o‘tkazib, hujjatlar Jizzax viloyati Harbiy prokuraturasiga taqdim qilinganligi aniqlandi. Shuningdek, sobiq xodim B.G. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2023-yilda Mehnat Kodeksining 161-moddasi (mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish)ga asosan bekor qilingan bo‘lib, o‘z-o‘zidan „Xalq banki xodimi jurnalistni sudga berdi“, degan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi bank axborotida.

Sudyalar oliy kengashi ham holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

“MY5 telekanalining „Markaziy studiya“ dasturida efirga uzatilgan lavhadan so‘ng uning muallifiga nisbatan qo‘zg‘atilgani aytilayotgan ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishga sudyalar hamjamiyati vakilining ehtimoliy aloqadorligiga oid ijtimoiy tarmoqdagi xabarlar Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar odob komissiyasida o‘rganib chiqiladi”, — deyiladi bayonotda.

Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidovning ushbu holatga nisbatan bildirgan munosabatida qayd etilishicha, jurnalistik surishtiruvda ko‘tarilgan masalaga Oliy sud sudyasi Sh. Boliyev va uning turmush o‘rtog‘ini daxli bor-yo‘qligiga tegishli tartibda aniqlik kiritiladi.

“Shuning barobarida, Sh. Boliyevning turmush o‘rtog‘i ichki ishlar organlariga MY5 telekanali jurnalisti R. G‘afurova ustidan shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish yuzasidan ariza bilan murojaat qilgani faqatgina o‘zining konstitutsiyaviy huquqidan foydalanganidan dalolatdir. Bir so‘z bilan aytganda, sudyaning turmush o‘rtog‘i bo‘ladimi yoxud jurnalist — qonun barcha uchun barobar”, — deyiladi Oliy sud munosabatida.

Jizzax viloyati IIB: “Bank va MCHJ mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatidan “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishlaricha, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi fuqaro Jamoliddin Boynazarov 2019-yili Xalq banki Jizzax viloyati filialiga iste’mol krediti olish uchun murojaat qilgan, ammo bank xodimasi B.G. unga kredit ajratilmasligini aytgan. Ammo 2019-yil 20-dekabrda 942-sonli kredit shartnomasi rasmiylashtirilib, Jamoliddin Boynazarov nomiga 3 yil muddatga yillik 36 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 22 mln so‘mlik iste’mol krediti ajratilgan.

“Kredit evaziga ta’minotchi „Fayz Mega Stroy“ MCHJ tomonidan fuqaroga 1 dona 6 mln so‘mlik televizor, 1 dona 6 mln so‘mlik muzlatkich, 1 dona 8 mln so‘mlik havo sovutkichi, 2 mln so‘mlik gaz plitasi berilishi kerak bo‘lsa-da, lekin Jamoliddin Boynazarov ushbu mahsulotlarni olmagan. U holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan”, — deyiladi Jizzax viloyati IIB axborotida.

Qayd etishlaricha, holat yuzasidan 2025-yil 24-yanvar kuni Xalq banki Jizzax viloyat filiali va “Fayz Mega Stroy” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) va 228-moddasi 2-qismi “b” bandi (hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.