Andijon shahrida joylashgan Bobur haykali ko‘chirilib, uning o‘rnida biznes markazi qurilishi, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ining 10,7 gektar qismida turar joy binolari barpo etilishi rejalashtirilayotgani haqida avval xabar berilgan edi. 2024-yilning noyabr oyida Bobur haykalini shahardagi Registon maydoniga ko‘chirish, bo‘shagan 1,2 gektar yer uchastkasida 20 va 16 qavatli turar-joy binolarini barpo etilishi rejalashtirilgani haqidagi xabarlar jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgandi.
2024-yilning kuzida vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan “Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasining 16-bandida viloyat hokimligi taklifi bilan, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ini zamonaviy uslubda rekonstruksiya qilish va uning 10,7 gektar qismida Andijon Sity ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli va 7 ta 28 qavatli turar joy, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgandi. Buning uchun 288 mln dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari kiritilishi ta’kidlangan edi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ining atrofi o‘rab qo‘yilgani aks etgan tasvirlar tarqaldi. Tarmoq foydalanuvchilariga ko‘ra, bog‘da qurilish ishlari boshlanish arafasida.
https://twitter.com/the_bakiroo/status/1884112723384099189?s=46
Urbanist Iskandar Soliyev jamoatchilikni mazkur bog‘ni saqlab qolishga chaqirarkan, “[bog‘ning] atrofi allaqachon to‘silgan. Ular bizni jim turib, unutib yuboramiz, deb o‘ylashyapti. Lekin biz unutmaymiz. Shaharda shundoq ham istirohat bog‘lari yetishmaydi. Shahar aholisi roziligisiz bu hududni yo‘q qilish — Andijon aholisi manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid”, deb yozdi.
U bog‘ hududida amalga oshiriladigan qurilishni darhol to‘xtatish, parkni hozirgi holatida saqlab qolish va ishbilarmonlik markazi qurilishini boshqa joyga ko‘chirishni talab qilish zarurligini ta’kidlagan.
“Biz allaqachon petition.gov.uz saytida ariza topshirganmiz, ammo byurokratiya uni cho‘zib yuborishi mumkin. Shuning uchun Avaaz'dagi arizaga imzo qo‘yishingizni so‘raymiz, bu bizning ovozimiz eshitilishi uchun imkoniyat. Arizaga imzo qo‘ying va bog‘ni saqlab qolishga hissa qo‘shing. Bu xabarni do‘stlaringiz orasida tarqating, toki safimiz kengaysin. Kech bo‘lmasidan tez harakat qilish nihoyatda muhim!”, — deya ta’kidlagan Iskandar Soliyev.
Uning yozishicha, viloyat hokimligi qabulxonasiga murojaatnoma jo‘natilgan, ammo u yerdan javob kelmagan. “Lekin ovozlarni to‘xtatmay yig‘ib turaveramiz. Hozircha 300 taga yaqinlashib qoldik”, — deydi u.
Urbanistning jamoatchilik chaqiruviga Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi matbuot xizmati munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan 46-sonli farmonning 15-b bandiga asosan, Alisher Navoiy bog‘idagi barcha daraxtlar xatlovga olingan.
““2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan bo‘lib, uning 4-bandida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar, qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilgan. Ushbu hududdagi mavjud ko‘p yillik daraxtlar qurilish o‘rniga to‘g‘ri kelib qolsa, qurilish loyihasini o‘zgartirib, daraxtlar saqlab qolinadi”, — deyiladi axborotda.
Ekologiya boshqarmasi matbuot kotibining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, hozirgi paytda Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i hududida 29 turdagi jami 2 ming 545 dona daraxtlar mavjud.
Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Rustamjon Eshonovning “Gazeta.uz” muxbiriga aytishicha, bog‘ hududida ishbilarmonlar markazi, turar joy obektlari qurilmaydi, bog‘ faqat rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi.
“Navoiy bog‘ini rekonstuksiya qilish ishlari boshlanish arafasida. Bog‘dagi ko‘p yillik daraxatlar, tarixiy bo‘lib qolgan obyektlar, choyxonalar, bog‘ga kirishdagi arka… Barchasi saqlab qolinadi. Bog‘ rekonstruksiya loyihasi bo‘yicha taqdimot qilinadi, albatta. Internetda bog‘ buzilishi haqida tarqalayotgan shov-shuvlarning bari noto‘g‘ri. Bog‘ faqat zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi”, — dedi hokimlik matbuot kotibi.
Ayni paytda Alisher Navoiy bog‘ining atrofi bannerlar bilan o‘rab qo‘yilgan. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ning rekonstruksiya loyihasi Sanderson Group tomonidan tayyorlangan. Buyurtmachi — Osiyo Royal MCHJ, bosh pudratchi sifatida esa Sanderson Group hamda Osiyo Royal qayd etilgan.
Rekonstruksiya ishlari 2025-yil 1-aprelda boshlanib, 2026-yilning 21-martgacha davom etishi rejalashtirilgan. Ko‘rsatilishicha, bu loyihaning umumiy qiymati 20 mln dollarni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” 2024-yil noyabr oyida andijonliklarning o‘zi mazkur bog‘ hududida qurilish bo‘lishiga qanday fikrda ekaniga qiziqib, ularga mikrofon tutgandi: