Shaxmat bo‘yicha o‘zbekistonlik Olimpiada chempioni Nodirbek Yoqubboyev Veyk-an-Zeye shahrida bo‘lib o‘tgan Tata Steel Chess turnirida o‘yin oldidan qo‘l berib ko‘rishmagani uchun jahon kubogi sovrindori, hindistonlik shaxmatchi qiz Rameshbabu Vayshalidan uzr so‘radi.
Yoqubboyev Vayshali, uning ukasi Praggnanandha va ularning onasi Nagalakshmi bilan uchrashib, sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanini bildirdi. U uzr so‘rash belgisi sifatida Vayshaliga gullar va shokoladlar sovg‘a qildi.
ChessBase India e’lon qilgan videoda o‘zbekistonlik sportchi voqea uchun qayta-qayta uzr so‘ragani eshitiladi, biroq Vayshali va uning ukasi Pragg unga nisbatan hech qanday e’tirozi yo‘qligini bir necha bor aytgan.
“Bo‘lgan voqeadan juda afsusdaman. Bu ikkalamiz uchun ham noqulay vaziyat bo‘ldi. O‘sha kuni men juda shoshib turgandim. Bu tushunmovchilik edi va meni kechiring. Men sizni, ukangizni va barcha hind shaxmatchilarini hurmat qilaman. Tushunganingiz uchun tashakkur, sizga omad va eng yaxshi tilaklarimni tilab qolaman”, — dedi Yoqubboyev.
Bunga javoban Vayshali uni “hammasi yaxshi” deb ishontirdi va yigit aslida o‘yindan so‘ng darhol uzr so‘raganini eslatdi.
“Men buni salbiy qabul qilmadim, shuning uchun tashvishlanishga hojat yo‘q. Hammasi yaxshi”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, voqea 21-yanvar kuni Tata Steel Chess’ning g‘olibi kelasi yili barcha yulduzlar ishtirokidagi asosiy to‘rda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadigan chellenjer turnirida yuz bergandi.
To‘rtinchi raundda Yoqubboyev ayollar reytingida dunyoning 19-raqami va 2024-yilgi nomzodlar turniri ishtirokchisi Vayshali o‘tirgan o‘yin stoliga yaqinlashdi. Hindistonlik shaxmatchi raqibiga qo‘lini cho‘zdi, lekin u bosh irg‘ash va qo‘l harakati yordamida qo‘lni siqmasligini ishora qildi. Bu Vayshalini taajjubda qoldirdi, lekin u oxir-oqibat partiyada g‘alaba qozondi.
Hindistonlik Divya Deshmux bilan bo‘lgan ilk o‘yinda ham Yoqubboyev cho‘zilgan qo‘lga darhol javob qaytarmagan, balki musht tegizish orqali salomlashishni taklif qilgandi. Nodirbek unga ham gullar berdi.
Keyinroq o‘zbekistonlik grossmeyster uzr so‘rab, uning xatti-harakati diniy e’tiqodi bilan bog‘liqligi va hurmatsizlik ko‘rsatish maqsadida emasligini tushuntirdi.
Yoqubboyev ChessBase India nashriga bergan intervyusida o‘zining diniy e’tiqodi haqida hakam va raqibiga xabar bermay, xato qilganini aytdi. “Xulq-atvorim uchun uzr so‘rayman”, — dedi u.
O‘zbekistonlik sportchi shaxmatchi Divya Deshmux bilan qo‘l berib ko‘rishgan 2023-yildani Abu Dabi turnirini ham esladi. U o‘sha paytda dinining barcha qoidalariga amal qilmaganini, bu noto‘g‘ri bo‘lganini bildirdi.
“2024-yildan boshlab barcha qoidalarga rioya qilishga va boshqa ayollar bilan qo‘l berib ko‘rishmaslikka harakat qilaman”, — dedi u.
10 turdan so‘ng Vayshali va Yoqubboyev 5 ochkodan to‘plab Challengers turnirida 9−11-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.
Turnir haqida
Veyk-an-Zeye-2025 yoki Tata Steel Chess Tournament — 1937-yildan beri har yili o‘tkazib kelinadigan dunyodagi eng qadimgi va eng kuchli shaxmat turnirlaridan biri, bu yil hisob bo‘yicha 87-si.
Turnir davra bo‘yicha o‘tkaziladi va 13 turdan iborat. Vaqt nazorati: 40 ta yurish uchun 100 daqiqa, keyin o‘yin oxirigacha 50 daqiqa + birinchisidan boshlab har bir yurish uchun 30 soniya. O‘yinlar 18-yanvardan 2-fevralga qadar bo‘lib o‘tmoqda.
Turnir shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju uchun ilk klassik turnir bo‘ladi. U o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov ham o‘ynaydigan Masters bo‘limida ishtirok etadi.
Nodirbek Abdusattorov 7 ochko bilan Gukeshdan (7,5) keyin ikkinchi, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha esa uchinchi bo‘lib turibdi.