Toshkent Botanika bog‘ida daraxtlararo sakrab yurgan olmaxonlarni uchratish mumkin. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Murod Yusuf esa tabiat manzaralarini suratga olishni yaxshi ko‘radi. U ikki yildan beri Botanika bog‘idagi olmaxonlar hayotini tasvirga tushiryapti. Buning ham qiziq tarixi bor.

Toshkent Botanika bog‘i. 2025-yil, yanvar. Toshkent Botanika bog‘i. 2025-yil, yanvar.

Murod Botanika bog‘idagi olmaxonlarni birinchi marta 2023-yili bog‘ Instagram sahifasida (ha, bog‘ning o‘zida emas, balki Instagram sahifasida) ko‘rib qolgan. U shu vaqtgacha na Toshkentda va na boshqa joyda tirik olmaxonlarni uchratmagan edi (vaholanki, ma’lumotlarga ko‘ra, ular allaqachon Toshkent chegaralaridan tashqariga chiqib ketgan). Botanika bog‘iga borib, birinchi urinishda ularni topolmaydi.


2024-yil martida Instagram’da Botanika olmaxonlarining yangi suratlarini ko‘rib qolib, yangi fotoobyektivini mitti jonivorlarda sinab ko‘rish ilinjida yana bog‘ga boradi. Bu safar omadi kelib, ikki olmaxonni topadi va ularni bir necha kadrlarga tushirib oladi.


2025-yilning yanvarida uning obyektivida yana olmaxonlar paydo bo‘ldi. Murod bu safar ularning soni ko‘proq ekani, qishda ham ozuqa izlashlari e’tiborini tortganini aytadi. Olmaxonlar bir daraxtdan boshqasiga juda tez sakrab o‘tgani uchun qo‘lda kamera sozlamalarini boshqarish, fokusni to‘g‘rilash biroz qiyin bo‘lganini ham tan oldi.

“Yovvoyi tabiat fotografiyasi sabr talab qiladi: ba’zida kun bo‘yi o‘tirib ham hech qanday surat ololmaysan, ba’zan esa men kutgan kadrlar bir necha soatda tayyor bo‘ladi. Bundagi zavq, tuyg‘uni boshqa hech narsadan topib bo‘lmaydi. Olmaxonlar bilan ham shunday bo‘ldi”, — deydi fotosuratchi.

Botanika bog‘iga olmaxonlar qanday kelib qolgan?

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti umurtqali hayvonlar laboratoriyasi mudiri Nodirjon Азимовнинг so‘zlariga ko‘ra, olmaxon O‘zbekistonga xos mahalliy tur emas. “Bizda olmaxonga o‘xshash, faqat tunda faol bo‘ladigan Turkiston kalamushi degan tur bor. U ham olmaxon kabi yong‘oq bilan oziqlanadi, lekin u kalamushning bir turi”, — deydi u.

Olimning qayd etishicha, Botanika bog‘idagi olmaxonlar ham, Toshkentning boshqa bog‘ va xiyobonlarida ko‘zga tashlanadigan olmaxonlar ham ancha yillar avval, 1970-yillarda Rossiyadan olib kelinib, O‘zbekiston iqlimiga moslashtirilgan kemiruvchilarning avlodlaridir.

Toshkent botanika bog‘i direktori o‘rinbosari, dendrolog Sobitjon Nosirovнинг aytishicha, bog‘dagi olmaxonlar soni hisoblab ko‘rilmagan, hozir ular tabiiy sharoitda, o‘z-o‘zidan ko‘paymoqda. Mutaxassisning fikriga ko‘ra, bog‘da olmaxonlar sonining ko‘payishi yashash va ozuqa sharoitining yaxshilanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.


“Botanika bog‘ida bir vaqtlar yirtqich hayvonlar ko‘payib ketgani uchun olmaxonlar kam bo‘lgan. So‘nggi yillarda bog‘ni agressiv o‘simliklardan tozalash ishlari amalga oshirildi, o‘simliklar alohida-alohida bo‘limlarga ajratilib, ekspozitsiyalar tashkil qilindi. Natijada olmaxonlarni o‘lja sifatida ko‘ruvchi mushuk, it kabi hayvonlarning odamlardan yashirinishi uchun joy qolmay, ular bog‘dan chiqib keta boshladi. Bu esa, o‘z-o‘zidan, olmaxonlarning yashash sikli erkinlashishiga olib keldi va ular o‘zidan ko‘paya boshladi”, — deydi dendrolog.

Zoolog Nodirjon Azimovning tushuntirishicha, olmaxonlarga baland va yong‘oqli daraxtlar kerak. Baland daraxtlar sakrab, xavfsiz yashash sharoitini bersa, yong‘oqlar ozuqa manbaidir. Botanika bog‘ida esa bularning bari mujassam. “Botanika bog‘ining Shimoliy Amerika ekspozitsiyasida 300 dan ortiq yovvoyi yong‘oq daraxti bor. Har pishiqchilik mavsumida olmaxonlar qish uchun ozuqa g‘amlab qo‘yadi”, — deydi dendrolog Sobitjon Nosirov.

Toshkentning daraxtlar ko‘p bo‘lgan boshqa joylarida, masalan, Mustaqillik maydonida ham olmaxonlarni uchratish mumkin, ammo, mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, u yerdagi daraxtlarning aksariyati mevali emas, balki manzarali bo‘lgani uchun olmaxonlar ozuqa masalasida qiynalib, emin-erkin yashay olmaydi.

Olmaxonlar o‘z ko‘rinishi va harakatlari bilan odamlarga estetik zavq berishdan tashqari tabiatdagi barcha mahluqot singari ozuqa zanjirida ham qatnashadi. Masalan, yong‘oqlarni bir yerdan boshqasiga olib borib, ko‘mib qo‘yishi bilan daraxtlar ko‘payishiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, olmaxonlarning o‘zi go‘shtxo‘r hayvonlar uchun ozuqa hisoblanadi.

Toshkent Botanika bog‘ida yana qanday jonivorlarni uchratish mumkin?

Botanika bog‘ining asosiy faoliyati o‘simliklar kolleksiyasini parvarishlash bo‘lgani uchun bu yerda yashashi mumkin bo‘lgan hayvonlarga alohida g‘amxo‘rlik qilinmaydi, ularning hisobi ham yuritilmaydi. Shunga qaramay, bu yerda olmaxonlardan boshqa jonivorlarni ham uchratish mumkin. Masalan, dendrolog Sobitjon Nosirovning o‘zi bog‘da qirg‘ovul, toshbaqa va tipratikanlarni ham ko‘rganini aytadi.

Toshkent botanika bog‘i. 2025-yil, yanvar.Toshkent botanika bog‘i. 2025-yil, yanvar.

Qirg‘ovullar bog‘da 2010-yildan keyin paydo bo‘lgan. Bu tur qushlar akatsiya va yapon soforasi kabi dukkakli o‘simliklar bilan oziqlanadi. Mutaxassisning aytishicha, ular ham — olmaxon singari — ozuqa muhiti shakllangach ko‘paya boshlagan. Umuman, bog‘da xilma-xil qushlarni uchratish mumkin — masalan, yovvoyi kaptarlar ko‘p, bahorda hatto bulbullar ham paydo bo‘lib qoladi.

Yovvoyi kaptar. Toshkent Botanika bog‘i. 2025-yil, yanvar. Yovvoyi kaptar. Toshkent Botanika bog‘i. 2025-yil, yanvar.

Toshbaqalar ko‘p yillik o‘tlar bilan oziqlanadi — bog‘da bu borada ham muammo yo‘q. Tipratikanlar esa juda kam, dendrologning o‘zi ularni butun faoliyati davomida uch yoki to‘rt marta ko‘rganini tan oladi. Chunki bog‘da tipratikanbop ozuqa manbai kam.

“Tipratikanlar asosan sudralib yuruvchilar, hasharotlar bilan oziqlanadi. Bunday jonzotlar esa Botanika bog‘ida o‘simliklarni kasalliklardan himoya qilish maqsadida o‘tkaziladigan mavsumiy tozalash ishlari ta’sirida deyarli yo‘q bo‘lib ketadi”, — deya tushuntiradi mutaxassis.

Zoolog Nodirjon Azimovning ta’kidlashicha, bog‘da ilonlar mutlaqo yo‘q deb ham bo‘lmaydi. Bog‘ hududida suvilon va quruqlikda uchrovchi ilonlardan ikki tur uchrab turadi. Lekin ular zaharli emas, odamlarga ziyoni yo‘q.