Qishloq xo‘jaligi vazirligi kartoshka narxining oshishiga yana bir bor izoh berarkan, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va narx qachondan pasayishi mumkinligi haqida ma’lumot berdi.
Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kartoshkaning bir kilogrammi 12 ming so‘mga qimmatlashgani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Ammo Qishloq xo‘jaligi vazirligining monitoring ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi Food City bozorida kartoshkaning o‘rtacha narxi 8500 so‘mni (minimal — 7500 so‘m, maksimal — 9000 so‘m) tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar boshida minimal va maksimal narxlar 3500 va 6500 so‘mni tashkil qilgan, ya’ni oy davomida narxlar 1,4−2,1 barobar oshgan.
Hududlardagi imtiyozli qishloq xo‘jaligi yarmarkalarida kartoshkaning bir kilogrammi 5−6 ming so‘mdan sotilmoqda. Toshkentning yirik bozorlarida narxlar turlicha:
- 9000 so‘m — “Aviasozlar”, “Qo‘yliq”, “Mirobod”, “Yunusobod” bozorlari;
- 10 000 so‘m — “Sergeli”, “Farhod”, “Chilonzor”, “Eski juva”, “Qoraqamish”, “Askiya”, “Oloy” bozorlari.
Nega narxlar ko‘tarilmoqda?
Kartoshka narxi oshishiga kuzda takroriy ekilgan maydonlardan yetarlicha hosil olinmagani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. O‘zbekistonda yiliga ikki marta kartoshka yetishtiriladi:
- yanvar-martda ekilsa — aprel-iyulda hosil beradi;
- iyun-iyulda ekilsa — noyabr-aprelda hosil beradi.
Noyabr-aprel oylaridagi talabni qoplash uchun 1,7 million tonna kartoshka zarur bo‘lsa, amalda atigi 1 million tonna hosil olingan, bu esa talabning atigi 44 foizini qoplaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, shunindek, ishlab chiqarish xarajatlarining oshishini ham qayd etdi. Xususan, urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i va boshqa resurslar narxi o‘sgan.
1 gektar kartoshka yetishtirish 55−60 million so‘mni tashkil etadi, bu boshqa ekinlarnikidan 2−2,5 barobar ko‘p. So‘nggi to‘rt yil ichida kartoshka narxi 173% oshgan. Bu quyidagi resurslarning o‘sishi bilan bog‘liq:
- Azotli o‘g‘it — +173%;
- Kaliyli o‘g‘it — +175%;
- Kimyoviy vositalar — +202%;
- Dizel yoqilg‘isi — +178%;
- Mexanizatsiya xizmatlari — +170%;
- Elektr energiyasi — +180%.
Shuningdek, o‘tgan yildan boshlab suvdan foydalanganlik uchun soliq va QQS qo‘shildi, bu esa kartoshkaning narxini qo‘shimcha oshirdi.
Qo‘shni mamlakatlarda narxlarning ko‘tarilishi
Qozog‘istonda 2024-yilda kartoshka yetishtirish 80 foizga qisqarib, 2,9 million tonnani tashkil etdi.
Rossiyada kartoshka yetishtiriladigan maydonlar 33,9 ming gektarga, hosil esa 1,4 million tonnaga kamaydi. Oktabrda Rossiyada kartoshkaning o‘rtacha narxi 1,5 baravar oshdi (kg uchun 22−23 rubl / 2900−3000 so‘m).
Qanday choralar ko‘rildi?
O‘zbekistonda 245,6 ming tonna kartoshka zaxirasi shakllantirildi. Bozorga 9900 tonnaga yaqin mahsulot arzonlashtirilgan narxlarda (kg uchun 4000−4500 so‘mdan) chiqarildi.
Bundan tashqari, mamlakatga Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Erondan 94,2 ming tonna kartoshka import qilindi.
Transport to‘siqlari ham olib tashlandi, import ko‘paytirildi, yetkazib beruvchilarga kartoshka tashish uchun qo‘shimcha temiryo‘l vagonlari ajratildi.
Eng yirik Korzinka supermarketlar tarmog‘ida Pokiston kartoshkasi 4990 so‘m/kg, mahalliy kartoshka esa 8490 so‘mdan sotilmoqda, deya ta’kidladi vazirlik.
Narxlar qachon tushadi?
Narxlarni barqarorlashtirish uchun hukumat bir qator amaliy chora-tadbirlarni rejalashtirgan. Xususan, 2025-yilda kartoshka ekish uchun 122 ming gektar yer maydoni ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, aprel-may oylarida bozorga yangi hosil kiradi, bu esa narxlarning pasayishiga olib kelishi kerak.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashishini, aprel-may oylarida esa pasayishini kutmoqda.
Prezident huzuridagi Statistika agentligi 2024-yilning yanvaridan noyabrigacha 627 ming tonna kartoshka import qilingani haqida xabar bergan. Bu hajmning 74,2 foizi yoki 465,2 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yanvardan boshlab Qozog‘iston olti oyga kartoshka eksportini taqiqladi.
Prezidentning 30-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston 2027-yildan boshlab kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojni ichki imkoniyat hisobidan qoplamoqchi ekani ma’lum qilingandi. O‘tgan yil davomida mamlakatda kartoshka deyarli 40% qimmatlashdi. 2025-yilda kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Chetdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi.