Qonunchilik palatasining 31-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Majlisda deputatlar kodeks loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida mas’ul organlarning vakolatlari, vazifa va funksiyalarini aniq belgilash, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlarini soddalashtirish, suvni iste’molchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlari joriy etishga alohida ahamiyat qaratgani qayd etildi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasining 24-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida kodeks loyihasidagi ayrim normalari, ya’ni suv olish tartibini buzganlik uchun jarima sanksiyalari bilan bog‘liq masalalar deputatlarning e’tirozli savollariga sabab bo‘lgani ta’kidlandi va palata vakillari bir qator takliflar bergani aytildi.
“O‘tgan davrda mas’ul qo‘mita tomonidan ushbu takliflar chuqur tahlil qilindi va ular asosida loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilib, maromiga yetkazildi. Deputatlarning fikricha, kodeks loyihasining qabul qilinishi suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya qilishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi”, — deyiladi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabarida.
Majlisda kodeks loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi va Senatga yuborildi.