Qozog‘istonda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi amaldagi 12 foizdan 20 foizgacha oshirilishi mumkin.
Mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishda hukumatga dunyodagi og‘ir iqtisodiy vaziyat sharoitida to‘liq tejamkorlikka o‘tish topshirig‘ini berdi.
“Qanchalik qiyin bo‘lmasin, hukumat mablag‘ butunlay tejalishini va faqat eng dolzarb muammolarni hal qilishga sarflanishini ta’minlashi kerak. Belni mahkam bog‘lab, imkoniyatga yarasha yashash vaqti keldi”, — dedi u.
Yig‘ilishda Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov mamlakat uchun kutilganidan yomonroq o‘tgan 2024-yil yakunlari bo‘yicha hisobot taqdim etdi. Xususan, 2024-yilda Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti 5,3 foizga o‘sishi rejalashtirilgan, maqsadli ko‘rsatkich 6 foiz bo‘lgani holida amalda 4,8 foizga o‘sdi. Inflyatsiya 8,6 foizni tashkil etdi (bu prognozlarda ko‘zda tutilgan 6−8 foizdan yuqori). O‘tgan yil davomida tengening dollarga nisbatan kursi 15,5 foizga qadrsizlandi. Mamlakat Milliy banki valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi, shuningdek, hokimiyat davlat kompaniyalari uchun valyuta tushumlarining 50 foizini majburiy sotishni qayta joriy qildi.
Bundan tashqari, Qozog‘istonda so‘nggi yillarda muttasil “budjet inqirozi” kuzatilmoqda. Budjet daromadlarining kamayishi fonida davlat xarajatlarining kuchli o‘sishi hisobiga defitsit ortib bormoqda. QMA (Qozog‘iston moliyachilar assotsiatsiyasi) tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilning 9 oyida respublika budjetiga soliq tushumlari bo‘yicha reja atigi 52 foizga bajarilgan. Soliq tushumlaridagi yo‘qotishlar o‘rni Milliy jamg‘armadan mablag‘ olish va yuqori darajada davlat qarzini jalb qilish orqali qoplanmoqda.
Bosh vazir QQS stavkasini oshirish, shuningdek, ish haqi fondiga yuklamani kamaytirish zarurligini ma’lum qildi (bunda ish haqi fondiga yuklama sotuvlar bo‘yicha soliq yuki tomoniga o‘tadi).
“Bunga erishish uchun QQS stavkasini oshirish, ayni vaqtda ish beruvchilar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy va majburiy pensiya to‘lovlarini kamaytirish zarur. Bu korxonalarning raqobatbardoshligini oshiradi, ular uchun zarur moliyaviy zaxiralarni yaratish imkonini beradi. Ish haqi fondiga yuklamani kamaytirish korxonalarga ishchilarning maoshini oshirish imkonini beradi. Qo‘shimcha soliq tushumlari iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, infratuzilmani jadal rivojlantirish, ustuvor tarmoqlarda istiqbolli biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi”, — dedi Bektenov.
Bosh vazir o‘rinbosari Serik Jumangarin yangi Soliq kodeksi loyihasi hozirda parlamentda muhokama qilinayotganini va unda soliq imtiyozlarini kamaytirish, ikkinchi darajali banklar, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, hashamat tovarlari va hokazolar uchun soliqlarni oshirish bilan bog‘liq qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilganini eslatib o‘tdi.
Xususan, QQS stavkasini amaldagi 12 foizdan 20 foizgacha oshirish, shuningdek, QQS bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish yuzasidan aylanma chegarasini yiliga 78 mln tengedan 15 mln tengegacha (1,95 mlrd so‘mdan 376 mln so‘mgacha) kamaytirish taklif etilmoqda.
U bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatga olingan 2,3 milliondan ortiq soliq to‘lovchining atigi 137,7 ming nafari yoki tadbirkorlik subyektlarining 6 foizi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanadi. Shulardan bor-yo‘g‘i 88 ming nafari yoki soliq to‘lovchilarning 4 foizi amalda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘laydi, deya tushuntirdi u chegarani pasaytirish zarurligini.
U mamlakat soliq islohotiga muhtojligini ta’kidlab, Soliq kodeksi loyihasi parlamentda ekanini va tez orada unga o‘zgartirishlar kiritilishini aytdi.
“Biz QQSni ko‘tarmoqchimiz, stavka muhokama qilinmoqda. Parlamentda Soliq kodeksi loyihasi turibdi, unga o‘zgartirishlar kiritamiz. (…) Islohot zarur va davlat rahbari buni qo‘llab-quvvatladi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Ayni vaqtda buning evaziga hukumat ijtimoiy soliqni bekor qilishni taklif qilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Jumangarinning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘lanadigan ish haqi fondiga yuklama 40 foizga yaqinni tashkil etadi, bu esa o‘z navbatida mahsulot tannarxiga ta’sir qiladi.
Qosim-Jomart Toqayev islohotlarni amalga oshirish zarurligini izohladi.
“Bu masalada hech qanday shubha yo‘q. Buni jamiyatga, aholiga tushuntirish kerak. Aytaylik, ijtimoiy soliq: biz uni ma’muriy jihatdan qanday tatbiq etamiz? Bularning barchasini muhokama qilish va bu islohotni qanday amalga oshirishni o‘ylab ko‘rish kerak. Umuman olganda, islohot kerak, men bu islohotni ma’qullayman, lekin uni muhokama qilish, tadqiq qilish kerak. Shu sababdan ayni paytda parlamentda yangi Soliq kodeksi loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu yaxshi natija, lekin 2025-yilda birinchi navbatda soliq va budjet kodekslariga e’tibor qaratish lozim. Shunday ekan, ishlanglar, islohot zarurligini tasdiqlayman, lekin biz hozir Milliy jamg‘armadan ajratiladigan transfertlarni qisqartirishimiz, uning jamg‘arma funksiyasini kuchaytirishimiz kerak, jamg‘armada to‘plangan mablag‘lar yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi mumkin. Shu tariqa biz taraqqiyotni tezlashtiramiz. Lekin baribir, bu jihat, xususan, ijtimoiy soliqni juda chuqur o‘ylab ko‘rish kerak, deb hisoblayman”, — dedi davlat rahbari.
Forbes.kz Qozog‘iston Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, davlat budjeti daromadlari 27,1 trln tengeni tashkil etgan, bu 2023-yilga nisbatan 2,2 trln tengega yoki 8,9 foizga ko‘p. Daromadlarning asosiy qismi soliqlar, biroq beshdan bir qismi Milliy jamg‘armadan transfertlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu budjetning neftdan daromadlarga yuqori darajada bog‘liqligidan dalolat beradi. Bunday bog‘liqlik esa xomashyo tovarlari narxining ehtimoliy pasayishi sharoitida budjet barqarorligi uchun xatarlar tug‘diradi.
Davlat budjeti xarajatlari 30,7 trln tengeni tashkil etgan, bu 2023-yil yakunlariga nisbatan 3 trln tengega yoki 10,8 foizga ko‘p.
Budjet taqchilligi 3,6 trln tengeni tashkil etgan, bu 2023-yilga nisbatan 774,9 mlrd tengega yoki 27,6 foizga ko‘p. Davlat budjetining e’lon qilingan neftsiz taqchilligi tarixiy yuqori darajaga yetib, 10,8 trillion tengeni tashkil etdi.