Toshkent viloyati Angren shahrida ustaxonada qoldirilgan telefondan o‘zganing pullarini o‘g‘irlagan shaxs aniqlandi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon dasturida xabar berildi.
Angren shahrida yashovchi fuqaro IIBga murojaat qilib bank kartasidan 9 mln so‘m noma’lum tarzda yechib olinganini bildirgan. Tezkor surishtiruvlar davomida bu ishni 31 yoshli shaxs sodir etgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi telefoni nosozligi sabab uni ta’mirlash uchun ustaga topshirgan. Telefon ustasi uni tuzatish paytida mobil ilovalar orqali bank kartasiga kirish imkonini qo‘lga kiritgan va mijozning kartasiga tushgan 9 mln so‘mni o‘zining kartasiga o‘tkazib olgan. So‘ngra pulni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (Qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib o‘g‘rilik qilish) bilan jinoyat ishi ochilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Agar mazkur sudda ayblov o‘z isbotini topsa, gumonlanuvchi sud tomonidan 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.