Oq uyda qo‘shimcha stenografistlarni yollash rejalashtirilmoqda, chunki mavjud xodimlar prezident Donald Tramp lavozimga kirishganidan keyin paydo bo‘lgan yuklamaga bardosh bera olmayapti. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Stenografist — yuqori tezlikdagi nutqni maxsus mashinada yoki qog‘ozga qo‘lda yozib oluvchi mutaxassis.
Oq uyga qaytganidan keyingi birinchi haftada Tramp omma oldida jami 7 soat 44 daqiqa nutq so‘zladi va 81 235 ta so‘z aytdi. Jo Bayden to‘rt yil oldin o‘zining birinchi haftasida 24 259 ta so‘z qo‘llagandi. 2017-yilning birinchi haftasida Tramp kamera oldida 33 571 ta so‘z ishlatgandi.
Xususan, Tramp inauguratsiya kunida 22 000 dan ortiq, keyin Shimoliy Karolina va Kaliforniyadagi ofat joylariga tashrif buyurganida yana 17 000 ta so‘z qo‘lladi. Bu hatto eng fidoyi stenografistning ham qulog‘i va barmoqlarini taranglashtirish uchun yetarli, ayniqsa, Jo Baydenning to‘rt yillik nisbatan sokin kechgan davridan so‘ng, deb ta’kidlaydi Associated Press.
Qayd etilishicha, aksariyat prezidentlar o‘z muddatlarini ko‘plab ommaviy nutqlar bilan boshlashga intilsalar-da, Tramp o‘zining chiqishlarga bo‘lgan ishtiyoqi bilan “butunlay boshqa darajada harakat qilmoqda”.