O‘zbekistonda har yili yuzlab ayollar oiladagi zo‘ravonlikdan aziyat chekmoqda. Ularning ko‘pchiligi uchun bu shunchaki xo‘rlik va og‘riq emas, balki hayot uchun tahdiddir.
Jinoyat kodeksining 2023-yil aprel oyida kuchga kirgan maishiy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi moddasi uning qurbonlarini himoya qilishi va ayollar huquqlarini himoya qilish sohasida burilish nuqtasi bo‘lishi kerak edi. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning o‘zi Senat huzuridagi ishchi guruhning sa’y-harakatlari bilan vujudga keldi. Ushbu ishchi guruhdan fuqarolik jamiyati faollari, shu jumladan, O‘zbekistondagi zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha Nemolchi.uz loyihasi ishtirokchilari ham o‘rin olgan edi.
Loyiha koordinatori Nigina Xudaybergenova “O‘zbekistonda 2023-yilda oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha jinoiy ishlar: tizimli muammolar va tavsiyalar” deb nomlangan tadqiqotida sudlar tomonidan maishiy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi moddaning qo‘llanilishini o‘rgandi. Faol 139 Documentary Center galereyasida bo‘lib o‘tgan “NeUyat” festivali doirasida ushbu tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Hujjat bir necha oylik izlanishlar natijasi hisoblanadi: mualliflar ushbu modda bo‘yicha sud qarorlarining barcha namunalarini bittama-bitta o‘rganib chiqdi.
“Oiladagi zo‘ravonlik to‘g‘risidagi moddaning paydo bo‘lishi oldinga tashlangan katta qadam edi, biroq oradan bir yil o‘tib, ko‘rib turibmizki, bitta moddaning o‘zi yetarli emas. Qonun ishlashi uchun uni to‘g‘ri qo‘llash kerak”, — deydi Nigina Xudaybergenova.
Tadqiqot mualliflari 2023-yil 11-apreldan 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda Oliy sud bazasida mavjud bo‘lgan 479 ta ishdan 413 tasini o‘rgangan. Qolgan ishlar ma’lumotlar yo‘qligi yoki texnik xatolar tufayli tahlil qilish uchun yaroqsiz bo‘lib chiqdi.
Ushbu tadqiqotdagi har bir raqam ortida haqiqiy odamlar va ularning hikoyalari turibdi. Ularning aksariyati og‘riq va adolatsizlik tarixidir. Masalan, mana bunisi.
Inson salomatligiga o‘rtacha og‘irlikda shikast yetkazgani uchun muqaddam sudlangan erkak xotinining tikuvchilik ustaxonasida unga hujum qilgan. Erkak mast bo‘lgan va darg‘azab holda xotinini urib, qovurg‘asini sindirgan, shuningdek, qaychi bilan jarohat yetkazgan. Sud uni aybdor deb topgan, biroq ikki yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilgan. Jazo nega bunchalik yengil? Bunga erning tavba-tazarrusi va er-xotinning yarashuvi to‘g‘risidagi ariza asos qilib olingan.
Ushbu holat uchta asosiy muammoni yaqqol ko‘rsatadi: yarashuvga yuzaki yondashish, jazolarning yengilligi va jinoyatni o‘ta og‘irlashtiradigan holatlarni e’tiborsiz qoldirish.
Hisobotda aniqlangan asosiy muammolar
Bu muammolar alohida holatlargagina taalluqli emas. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bu ko‘p holatlarda takrorlanadigan tizimli kamchilik.
Yarashuvga rasmiy yondashish
Yarashuv ishlarning to‘xtatilishiga eng keng tarqalgan sabab bo‘lgan — holatlarning 60 foizdan ortig‘i shunday yakunlangan. Biroq ko‘pincha bu yuzaki jarayon bo‘lib, sud yarashuv ixtiyoriy bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirmaydi. Masalan, bir ishda muqaddam zo‘ravonlikda ayblanib sudlangan er xotinini urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Hukmga ko‘ra, sud yarashuvning ixtiyoriy yoki yo‘qligiga kompleks baho bermay, ayol yarashuvga o‘zi rozi bo‘ldimi yoki tazyiq ostidami, deb so‘ramay, ishni to‘xtatgan.
Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarda yarashuv amaliyotining keng tarqalganligi jazolarni liberallashtirish tendensiyasining natijasi bo‘lishi mumkin, deyiladi hisobotda. Yarashuv sudlar tomonidan ishlarni tugatish uchun birlamchi asos sifatida qabul qilinishiga qaramay, ushbu jarayon uning sifati va oqibatlarini batafsil baholashni talab qilishini hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
Masalan, ko‘rib chiqilgan hukmlarning aksariyatida oilada zo‘ravonlik mavjudligi yoki uning tizimli xususiyatga ega ekanini tasdiqlashi mumkin bo‘lgan guvohlar (qo‘shnilar yoki qarindoshlar)ning, ko‘pincha oiladagi nizolar haqida ma’lumotga ega bo‘lgan mahalliy hokimiyat organlari va profilaktika inspektorlarining ko‘rsatmalari mavjud emas.
Bu esa oiladagi vaziyatga kompleks baho berilmayotganidan dalolat beradi — sudyalar oilaviy vaziyatning joriy holati va nizo sabablari haqida ma’lumot so‘ramayapti. Busiz yarashuv vaziyatni hal qilishning yuzaki va samarasiz vositasiga aylanadi.
“Takroriy zo‘ravonlik holati yuzaga kelganda, bunday epizodlar voqealar zanjirining davomi sifatida emas, balki yangi pretsedent sifatida qaraladi. Bu esa oiladagi zo‘ravonlikning tizimli xususiyatini yetarli darajada hisobga olish imkoniyatini kamaytiradi”, — deyiladi hisobotda.
Yarashuv qonunan mumkin bo‘lmagan hukmlarda ko‘pincha jabrlanuvchi tomonning ayblanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilib, suddan yengillik berishni so‘raganligi ko‘rsatiladi. Bu jabrlanganlarning manfaatlarini chinakamiga himoya qilish va ularning o‘z ixtiyoriga ko‘ra qaror qabul qilgan-qilmaganligi borasida savollarni keltirib chiqaradi.
“Tekshirish mexanizmlarining mavjud emasligi ayblanuvchi yoki uning atrofidagilarning bosimi ostida, moddiy va boshqa turdagi qaramlik sabab yoki [jamiyatda] qoralanishdan qo‘rqib, yarashuvga rozilik berish xavfini tug‘diradi”, — deya xulosa qiladi tadqiqot muallifi.
Jazolarning yumshoqligi
Hatto yarashuv amalga oshmagan hollarda ham jazolar ko‘pincha minimal darajada bo‘ladi. Masalan, mast holida xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazganlik uchun erkakka faqat shartli jazo berilgan. Vaholanki, qonunda bunday jinoyatlar uchun qattiqroq jazo choralari nazarda tutilgan.
Jazo sifatida ko‘pincha axloq tuzatish ishlari (166 ta ishdan 55 tasida) va ozodlikni cheklash (51 ta ishda) tayinlangan.
Shunisi diqqatga sazovorki, ozodlikdan mahrum qilish jazosi, hatto badanga og‘ir shikast yetkazilgan holatlarda ham kamdan-kam qo‘llanilgan. Ayblanuvchilarning bir qismi modda sanksiyasida nazarda tutilgan jazolarga muqobil jazolar, shuningdek, sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlik darajasiga mos kelmaydigan shartli jazolar (sinov muddati) olgan.
Bu ham yengillashtiruvchi, ham og‘irlashtiruvchi holatlarni (alkogol yoki giyohvand moddalar ta’sirida mastlik holati, muntazam zo‘ravonlik yoki voyaga yetmaganlar ishtirokida jinoyat sodir etish) hisobga olish yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligidan dalolat beradi.
O‘zini himoya qilishning noto‘g‘ri malakalanishi
Jabrlanuvchilar tajovuzkorlardan himoyalangan holatlarda, ularning harakatlari ko‘pincha Jinoyat kodeksining 107-moddasi bo‘yicha o‘zini himoya qilish emas, balki 126−1-modda doirasida (maishiy zo‘ravonlik sifatida) malakalanib, hukm chiqarilgan. Masalan, ayol erining hujumidan o‘zini himoya qilish maqsadida uni pichoq bilan yaralagan. Sud uni, o‘z hayotini himoya qilganini hisobga olmay, uch yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilgan.
“107-moddaning qo‘llanilishi zaruriy himoyalanish holatlarini tan olishni nazarda tutadi, biroq ko‘rib chiqilgan ishlarning birortasida ham sudyalar sudlanuvchilarning harakatlarini unga muvofiq qayta malakalamagan. Oliy sud Plenumining 1996-yildagi 39-sonli qarori vaziyatlarni zaruriy himoyalanish sifatida e’tirof etish, shuningdek, ishlarni Jinoyat kodeksi 107-moddasi doirasida qayta malakalash imkonini beradi. Biroq bunday huquqni qo‘llash amaliyoti mavjud emas yoki juda cheklangan. Bu sudyalar va tergovchilar o‘zini himoya qilish harakatlari to‘g‘risida yetarli tushunchaga ega emasligidan dalolat”, — deyiladi hisobotda.
Himoya qilinuvchilar doirasining torayishi
2023-yil noyabriga qadar qonun nafaqat er-xotinni, balki ota-onalar, aka-ukalar va opa-singillar kabi oilaning boshqa a’zolarini ham himoya qilgan holda moslashuvchanroq tarzda qo‘llanilgan. Biroq Oliy sudning yangi plenumi qarori himoya qilinadigan shaxslar doirasini faqat er-xotin, sobiq er-xotin va umumiy farzandi bo‘lgan shaxslar bilan cheklab qo‘ydi. Bu qaror oiladagi zo‘ravonlikka duch kelgan ko‘plab odamlarni himoyasiz qoldiradi.
Hisobot tavsiyalari
Ushbu muammolarni hal qilish uchun hisobot mualliflari bir necha aniq yechimlarni taklif qilgan.
1. Yarashuvlarni kompleks baholash. Yarashuv tekshirilishi lozim. Sud uning ixtiyoriyligini, jabrlanuvchiga hech qanday tahdid bo‘lmaganini, mojaro to‘xtatilganligini va takroriy zo‘ravonlik xavfi bor-yo‘qligini hisobga olishi lozim.
2. Og‘irlashtiruvchi holatlar uchun qattiqroq jazolash. Agar jinoyat mastlik holatida, quroldan foydalangan holda yoki o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan bo‘lsa, bu jazoni og‘irlashtirish uchun asos bo‘lishi lozim.
3. Jabrlanuvchilarni advokatlar bilan ta’minlash. Jabrlanuvchilar ko‘pincha o‘z huquqlarini bilmaydi. Ularga sudda o‘zlarini himoya qilishlari uchun advokatlar taqdim etilishi kerak.
4. Himoya qilinuvchilar doirasini kengaytirish. Qonun nafaqat er-xotinlarni, balki oiladagi zo‘ravonlikka duch kelgan barcha shaxslarni qamrab olishi zarur.
5. Tajovuzkorlar uchun dasturlar yaratish. Zo‘ravonlik sodir etganlar uchun majburiy dasturlar takroriy jinoyatlar xavfini kamaytirishga yordam beradi.
6. Sudyalar va tergovchilarni o‘qitish. Sudyalar va tergovchilar oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar bilan qanday ishlash haqida ko‘proq bilimga ega bo‘lishlari lozim. Bunday holatlarda o‘zini himoya qilish holatlarini malakalashga tizimli yondashuvni ishlab chiqish zarur.
Bundan keyin nima bo‘ladi?
Maishiy zo‘ravonlik — bu xususiy ish emas. Bu jamiyatdagi har bir kishiga daxldor muammo va uni faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan hal qilish mumkin.
Ushbu hisobot shuni ko‘rsatadiki, oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy jazo mavjud bo‘lsa ham, bartaraf etilishi lozim bo‘lgan ko‘plab bo‘shliqlar bor. Bunday mustaqil tadqiqotlar nafaqat muammolarni tahlil qilish, balki ularni hal qilish yo‘llarini topishda ham ahamiyatlidir. Ularni davlat va xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.
Hisobotning to‘liq versiyasi loyiha veb-saytida mavjud.
Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” Toshkent davlat yuridik universiteti huquqshunoslarining maishiy zo‘ravonlik bo‘yicha sud amaliyoti sharhini ham e’lon qilgan edi. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, sudlar maishiy zo‘ravonlik moddasidan ba’zi hollarda jabrlanuvchilarni jazolash, shuningdek, ularni yarashuvga majburlash uchun ham foydalanmoqda.
Tadqiqotning xulosalaridan biri shuki, maishiy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ma’muriy ishlarni ko‘rishda sudlar maishiy zo‘ravonlik holatlarida yarashuv munosabati bilan jazodan ozod qilish imkonsizligi sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-moddasi (huquqbuzarlikning ahamiyatsizligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish) orqali ushbu muammoni aylanib o‘tyapti.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)da ushbu moddaga yarashuv va restitutsiya institutini (jabrlanuvchining yo‘qotishlari yoki unga yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash) qo‘llash imkoniyati yo‘q. MJtKning 21−2-moddasi (yarashuv munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod etish)ga ko‘ra, agar huquqbuzar aybini tan olsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va unga yetkazilgan zararni bartaraf etsa, u ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
“Zararni qoplash sharti bilan yarashuv qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan moddalar orasida oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi moddaning yo‘qligi ham sudlar, ham jabrlanuvchilar uchun qiyinchiliklar tug‘diradi. Jabrlanuvchi ayollar o‘z huquqlarini tiklash va yarashuv instituti orqali zararni qoplashni talab qilish imkoniyatidan foydalana olmaydi. Agar tomonlar hech qanday restitutsiyasiz og‘zaki kelishib, bir-biriga da’volari bo‘lmasa, sudlar ishlarni ahamiyatsizlik qoidasiga ko‘ra tugatadi”, — deyilgan tadqiqotda.
2024-yil oktabr oyida O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga maishiy zo‘ravonlik ishlari bo‘yicha yarashuv to‘g‘risidagi arizani faqat sud muhokamasi bosqichida berish mumkinligini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilganini ta’kidlab o‘tish joiz. Tergov bosqichida bunday ariza berish imkoniyati bekor qilindi.