2022-yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Markaziy Osiyo davlatlarining 30 ga yaqin fuqarosi Ukraina harbiylari tomonidan asirga olingan. Bu haqda Ozodlik radiosining “Novosti Priazovya” loyihasi so‘roviga javoban Ukraina adliya vaziri Olga Stefanishina ma’lum qildi. Ularning joriy maqomiga aniqlik kiritilmagan.

“Harbiy asirlarning fuqaroligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘pincha ularning so‘zlaridan aniqlanadi, chunki buni tasdiqlovchi hujjatlar aksariyat hollarda mavjud bo‘lmaydi”, — deyiladi vazirning javobida.

Vazirlikning ta’kidlashicha, “uchastka va lagerlarida saqlanayotgan harbiy asirlar, fuqaroligidan qat’i nazar, bir xil huquqiy maqomga ega bo‘lib, bu xalqaro va milliy normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan”.

“Harbiy asirning fuqaroligi, shu jumladan, ikki fuqarolik, uning huquqiy maqomiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

  • 2023-yil iyun oyida BBC rus xizmati Rossiya qamoqxonalaridan Ukrainadagi urushga tushib qolgan mehnat muhojirlariga bag‘ishlangan tergovni e’lon qilgandi. Unda aytilishicha, Rossiya tomonidan urushda Markaziy Osiyo mamlakatlarining kamida 93 fuqarosi halok bo‘lgan: Qirg‘izistondan 19 nafar, O‘zbekistondan 34 nafar va Tojikistondan 40 nafar.
  • 2024-yil iyun oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Rossiya Ukrainadagi urushga Rossiya fuqaroligini olgan 30 mingdan ortiq odamni “ovlab”, harbiy ro‘yxatga kiritgani va ularning 10 mingga yaqinini urushga jo‘natganini ma’lum qilgandi.
  • 2024-yil dekabr oyida Andijon sudi Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi kurashgan O‘zbekiston fuqarosini 4 yil 2 oyga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilgan. Sudlanuvchi harbiy harakatlar davomida 10 dan ortiq ukrainalik askarni o‘ldirganini aytgan. Aybni bo‘yniga olib kelgani uchun hukm yengillashtirilgan.