Anqara shahrida 29-yanvar kuni O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, iqtisodiyot, savdo va transport vazirlarining ikkinchi uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Unda O‘zbekiston nomidan vazirlar Baxtiyor Saidov, Laziz Kudratov va Ilhom Mahkamov ishtirok etdi.
Uchrashuvda tashqi siyosat va mintaqaviy hamkorlik, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, transport tarmoqlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida uchrashuvning yakuniy hujjati bo‘lgan Anqara deklaratsiyasi qabul qilindi va imzolandi.
Anqara deklaratsiyasi nima haqida?
Deklaratsiyada davlatlar bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarining buzilmasligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi, deb xabar berdi Turkiyaning Anadolu axborot agentligi.
Hujjatda savdo, investitsiyalar, sanoat, energetika, transport va logistika, raqamlashtirish va aloqa sohalarida qo‘shma loyihalarning ahamiyati ortib borayotgani e’tirof etilgan.
Uch mamlakat chegaralaridan o‘tuvchi O‘rta koridorнинг ahamiyati ta’kidlanib, ushbu koridorning Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekiston tranzit salohiyatini oshirishda tutgan o‘rni qayd etildi.
Yevropa — Kavkaz — Osiyo transport koridori
Deklaratsiyada “Yevropa — Kavkaz — Osiyo” (TRASEKA) transport koridorini mustahkamlash, uning faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish yo‘llarini ko‘rib chiqish hamda mexanizmlarning to‘liq samaradorligini ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, uch mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning mavjud uch tomonlama shakli umumiy maqsadlarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan.
Suverenitetga tahdidlarga qarshi kurash
Deklaratsiyada umumiy mintaqaviy va xalqaro manfaat va ustuvorliklarni ifoda etuvchi masalalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.
Davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi birgalikda harakat qilish qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi.
Aloqani rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni ilgari surishni qo‘llab-quvvatlash
Deklaratsiyada iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar va tranzit tashuvlari sohasidagi hamkorlikning butun salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga qat’iylik bildirildi.
O‘rta koridorning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga urg‘u
Bayonotda boshqa mintaqaviy transport tashabbuslari bilan bog‘liqlikni ta’minlash uchun transport infratuzilmasini rivojlantirish, raqamlashtirishga ko‘maklashish va O‘rta koridor bo‘ylab savdo oqimini osonlashtirish bo‘yicha umumiy iroda ta’kidlandi.
O‘rta koridorning o‘tkazish qobiliyati va raqobatbardoshligini oshirish uchun yangi infratuzilma loyihalarini, ayniqsa, transport, chegara o‘tish joylari va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda Boku xalqaro dengiz savdo porti va Boku-Tbilisi-Kars temiryo‘li kabi loyihalarni ilgari surish to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bayonotda ta’kidlanishicha, logistika markazlari, tashuvchilar va stansiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida 2024-yil iyun oyida tashkil etilgan Logistika markazlari va yuk tashuvchilar uyushmasi transport infratuzilmasini rivojlantirish, davlat va xususiy tuzilmalar bilan hamkorlikda investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, tez, muntazam va arzon tashish bo‘yicha yechimlarni topishga yordam beradi.
Turkiy davlatlar va xususiy transport sektorining transport salohiyatini rivojlantirish maqsadida 2024-yil mart oyida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) transport assotsiatsiyalari rahbarlarining uchrashuvi mexanizmi yaratilgan.
Bayonotda Harakatlar rejasi qabul qilingani mamnuniyat bilan qayd etilib, u transport sohasidagi hamkorlikni yaxshilash, mintaqaviy aloqalar va barqaror transport tizimlarini mustahkamlashga qaratilgani ta’kidlangan.
Tomonlar BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasida Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari o‘rtasidagi transport hujjatlarini raqamlashtirish uchun eCMR tizimini joriy etish bo‘yicha boshlangan ishlarni qayd etdi.
Shuningdek, Turkiya va Ozarbayjon hamda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida sinov tariqasida elektron ruxsat berish tizimi joriy etilgani olqishlandi.
Tomonlar O‘zbekiston yuklarini O‘rta koridor orqali tashishni yengillashtirish uchun zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Mintaqaviy transport, kommunikatsiya va infratuzilmani rivojlantirish, temir va avtomobil yo‘llarini, logistika markazlari va aeroportlarni loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish sohasida tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurga investitsiyalar
Tomonlar Ozarbayjonning Qorabog‘ va Sharqiy Zangezur mintaqasidagi infratuzilma, ijtimoiy xizmatlar va “aqlli shahar” yechimlariga sarmoya kiritish orqali qayta qurish va tiklash, jumladan, minalardan tozalash borasidagi sa’y-harakatlariga qo‘shgan hissasi muhimligini tasdiqladi va ushbu mintaqalardagi investitsiya loyihalaridan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
TDT doirasidagi bitimlar
Tomonlar tashkilot doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlovchi huquqiy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida TDTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida soddalashtirilgan bojxona koridorini yaratish to‘g‘risidagi bitim, TDT savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha strategik hujjat va TDT mamlakatlari hukumatlari o‘rtasida raqamli iqtisodiyot sohasida sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan mamnunligini bildirdi.
Uchrashuv ishtirokchilari 2024-yilda TDT tomonidan ta’sis etilgan Turkiya investitsiya fondining to‘laqonli faoliyat yuritishi sanoat ishlab chiqarishi, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va turizm kabi o‘zaro manfaatli sohalarda savdo, infratuzilma va rivojlanish loyihalarini sezilarli darajada faollashtirishga imkon berishiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiy, savdo va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish
Deklaratsiyada qurilish, xaridlar va turdosh masalalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish, shuningdek, savdo, sanoat va iqtisodiy aloqalar muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, deklaratsiyada xususiy sektorlar o‘rtasida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, ishbilarmonlar, savdo-sanoat palatalari, biznes-assotsiatsiyalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, import va eksport uchun yanada keng imkoniyatlarni o‘rganishga tayyorlik bildirildi.
Deklaratsiyada ta’minot zanjiri ishtirokchilari va biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligi, yanada keng qamrovli hamkorlik doirasida idoralararo muvofiqlashtirishni yaxshilash va tashqi savdo operatsiyalarini osonlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Shuningdek, TDTning savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha strategik hujjatiga muvofiq savdoni jadallashtirish choralarini ko‘rish muhimligi ta’kidlandi, TDTning Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish qo‘mitasining 2025-yilga mo‘ljallangan harakatlar rejasi ma’qullandi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik
Deklaratsiyada oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va tegishli tadqiqot va ishlanmalar sohasida texnik hamkorlikni mustahkamlash muhimligi, shuningdek, qishloq xo‘jaligida barqaror va hayotiy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish zarurligi ta’kidlangan.
Mintaqaviy energetika xavfsizligini mustahkamlash uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga alohida e’tibor qaratgan holda, ushbu sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilishga qat’iylik bildirildi.
Transafg‘on temiryo‘li loyihasining ahamiyati
Tomonlar Afg‘onistonning mustahkam tinchligi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili ekaniga kelishib oldi.
Deklaratsiyada mintaqalararo transport va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydigan, savdo oqimini ko‘paytiradigan va mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan Transafg‘on temiryo‘li loyihasining ahamiyati qayd etilgan.
Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat asosida hal etishga da’vat
Bayonot G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi e’lonni olqishlaydi, barcha tomonlarni barcha hujumlarga chek qo‘yish va falastinliklarning gumanitar yordamdan to‘sqinliksiz foydalanishini ta’minlash uchun unga qat’iy rioya qilishga chaqiradi, shuningdek, Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat to‘g‘risidagi qaror asosida adolatli va mustahkam hal qilishga, shu jumladan, 1967-yil poytaxti Sharqiy Quddus chegaralarida mustaqil, suveren va geografik jihatdan integratsiyalashgan Falastin davlatini tashkil etishga chaqiradi.