️Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tugatilib, uning vazifa va funksiyalari boshqa tashkilotlarga o‘tkaziladi. Bu prezidentning yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Farmonga ko‘ra, qo‘mitasining yaylovlarni boshqarishga oid vazifa va funksiyalari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga o‘tkaziladi, pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini rivojlantirish — Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga.
Bundan tashqari, endi Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Veterinariya qo‘mitasi tizimida bo‘ladi.
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Farmon bilan, shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:
- ️Veterinariya qo‘mitasi muassisligida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari (hududiy yaylov xo‘jaliklari);
- ️Veterinariya qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi;
- ️Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi.
Hududiy yaylov xo‘jaliklari yaylov yerlarini boshqarish va ulardan foydalanish, o‘zlariga doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan yaylovlarni ijaraga berish sohasida o‘rmon xo‘jaliklari uchun belgilangan huquq va majburiyatlardan foydalanadi.
️Hujjatga ko‘ra, yaylovlar chorvachilik va boshqa xo‘jaliklarga respublika komissiyasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilishi mumkin. Yaylovlar 49 yilgacha ijaraga berilishi belgilangan.
Shu bilan birga, 2025-yil 1-dekabrgacha yaylovlardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi E-yaylov elektron platformasi ishga tushiriladi.