“Insoniyatning eng katta muammosi sayyoramizni vayron qilmasdan, o‘ta qashshoqlikni yo‘q qilishdir. Bizning taraqqiyotimiz XXI asrda insoniyat taqdirini belgilaydi”.
Horst Kyoler, Germaniyaning to‘qqizinchi prezidenti.
Germaniyaning sobiq federal prezidenti Horst Kyoler 81 yoshida vafot etdi. U erta tongda oilasi qurshovida, qisqa, ammo og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi, deb xabar berdi 1-fevral, shanba kuni Berlindagi federal prezident idorasi.
U birinchi marta 2004-yilda Germaniya prezidenti etib saylangan va 2010-yilgacha bu lavozimni egallab, to‘satdan iste’foga chiqqan. Uning asosiy ichki siyosat masalalaridan biri Germaniyada barqaror ish o‘rinlarini yaratish va ta’minlash edi.
Germaniya rahbari lavozimida ishlashdan oldin u Xalqaro valyuta jamg‘armasini boshqargan (2000-yildan). 2017-yilda BMT bosh kotibining G‘arbiy Sahroi Kabir atrofidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha shaxsiy vakili etib tayinlangan. 2019-yilda Kyoler sog‘lig‘i tufayli bu lavozimni tark etgandi.
Prezident sifatida Kyoler hukumatga qarshi chiqishdan qo‘rqmadi, 2005-yilda yangi saylovlar o‘tkazish uchun parlamentni tarqatib yubordi va 2007-yilda o‘sha paytdagi kansler Angela Merkelni mamlakatni globallashuvga yetarlicha tayyorlamaganlikda aybladi, deb uning faoliyatiga nazar tashladi Reuters.
Nashr, shuningdek, uni “Afrikaga alohida qiziqish bildirgan” deya ta’rifladi.
“U hech qachon Afrika qit’asining global taraqqiyot uchun ahamiyati va salohiyatini ta’kidlashdan charchamagan. U Afrika bilan ishlash nafaqat oqilona va istiqbolli, balki axloqiy jihatdan ham zarur ekanini his qilgan: „Men uchun dunyomizning insoniyligi Afrikaning taqdiri bilan belgilanadi“, degan Horst o‘z lavozimiga kirishganida”, — deb eslaydi prezident idorasi.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Horst Kyoler vafot etarkan, Germaniya butun hayoti davomida adolatliroq dunyo uchun kurashgan yorqin, sodiq siyosatchini yo‘qotdi.
“Aynan uning mamlakatimiz qudratiga, xalqning g‘ayrati va ijodiga bo‘lgan ishonchi ko‘plab yuraklarni zabt etishga imkon berdi”, — dedi Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer shanba kuni o‘z bayonotida.
2010-yilgi iste’fo
2010-yil 31-maydagi bayonotida Horst Kyoler iste’foga chiqishining sababini davlat rahbari institutiga hurmatsizlik deb ko‘rsatgan. Uning fikricha, bu hurmatsizlik Germaniya muxolifatdagi siyosiy partiyalar tomonidan Kyolerning Afg‘onistondagi bundesver missiyasi haqidagi munozarali bayonotlaridan so‘ng namoyon bo‘lgan, deb yozadi Deutsche Welle.
2010-yil 22-may kuni Deutschlandfunk radiostansiyasiga bergan intervyusida Horst shunday degandi: “Juda bo‘lmaganda, bizning manfaatlarimizni, masalan, savdo yo‘llarini harbiy yo‘l bilan himoya qilish kerak”. Muxolifatdagi partiyalar bu iborani to‘g‘ridan-to‘g‘ri nemis askarlarining Afg‘onistondagi ishtiroki bilan bog‘lagan, chunki intervyuda asosan shu haqda gap borgan.
28-may kuni So‘l partiya, “yashillar” va sotsial-demokratlar (SDP) vakillari Kyolerni qattiq tanqid qilgan va Germaniya prezidenti haqiqatan ham Afg‘onistonda urush olib borishni mamlakatning iqtisodiy manfaatlari bilan oqlaganmi yoki yo‘qligini aniqlashtirishni talab qilgan.
So‘l partiya siyosatchilari Kyolerni millatga murojaat qilishda o‘z pozitsiyasini tushuntirishga chaqirgan. “Yashillar” u o‘z so‘zlaridan voz kechishini talab qilgan, SDP vakillari esa prezidentning bundesverning Afg‘onistondagi missiyasi haqidagi bayonotlari “xato va chalg‘ituvchi” ekanini aytgan.