AQSh prezidenti Donald Tramp 1-fevraldan Kanada, Xitoy va Meksikadan olib kelinayotgan tovarlarga bojlarni joriy qilmoqda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt xabar berdi, deb yozmoqda CNN. U yangi tariflar qanday amalga oshirilishi haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Kanada va Meksika uchun boj miqdori 25%, Xitoy uchun 10% ni tashkil etadi.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Kanada AQSh joriy qilgan har qanday bojlarga “kuchli, ammo oqilona” javob choralarini ko‘rishini aytdi. Shu bilan birga, u mamlakat aholisi og‘ir vaqtlarga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“Men vaziyatga bo‘yoq berishni istamayman — yaqin kunlar va haftalarda mamlakatimiz qiyin davrlarga duch kelishi mumkin. Kanadaliklar tashvish va xavotirda bo‘lishi mumkinligini bilaman, lekin ular federal hukumat ularni qo‘llab-quvvatlashini bilishini xohlayman”, — deya Tryudoning so‘zlarini keltirmoqda The Guardian.
Kanada eksportining 75 foizi AQShga to‘g‘ri keladi.
Reuters manbalarining ta’kidlashicha, Tramp bojlarni joriy etishni 1-martgacha kechiktirishi mumkin. “Men bu xabarlarni ko‘rdim, bu yolg‘on”, — deya izoh berdi Oq uy matbuot kotibi. Dam olish kunlari Floridadagi mulkida ishlayotgan Tramp AQShning eng yaxshi uchta savdo hamkori tariflarning oldini olish uchun hech narsa qila olmasligini aytdi, deb yozadi Reuters.
The Guardian nashrining ta’kidlashicha, Kanada va Meksika allaqachon AQShga qarshi javob choralarini ishlab chiqqan, bu esa “halokatli savdo urushi ehtimolini oshiradi”.
Shu hafta boshida Tramp amerikalik iste’molchilar Shimoliy Amerikadagi ikki qo‘shnisi importiga tayanishi haqidagi fikrni rad etgandi, deb ta’kidlaydi CNN. “Bizga ular egalik qiladigan narsalar kerak emas”, — degan Tramp Kanada va Meksikaga ishora qilib.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham javob qaytarishini bildirdi, biroq u Trampning tarif qarorini “xotirjamlik bilan qabul qilishini” va u bilan chegara muloqotini davom ettirishga tayyorligini aytdi.
Xitoy esa o‘z savdo manfaatlarini himoya qilishga va’da berdi. Xitoy Trampning bu harakatlariga “qat’iyan qarshi”, deya qo‘shimcha qildi Pekinning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi: “Na tomonlar, na dunyo manfaatlariga xizmat qiladigan bunday savdo yoki tarif urushida g‘olib yo‘q”.
Iqtisodchilarning fikricha, cheklangan sharoitlarda tariflar iqtisodiy o‘sishning samarali vositasi bo‘lishi mumkin. Tramp tariflardan uchta asosiy maqsadda foydalanishga va’da bergan: daromadni oshirish, savdoni muvozanatga keltirish va raqobatchi mamlakatlarni muzokaralar stoliga olib kelish.
Tramp noyabr oyidayoq Xitoy, Meksika va Kanadadan keladigan tovarlarga boj joriy etish uchun barcha zarur hujjatlarni imzolashi haqida gapirgandi. U buni Meksika AQShga kelayotgan noqonuniy muhojirlarni, Kanada esa AQShga giyohvand moddalar, xususan, fentanil oqimini to‘xtatishi kerakligi bilan izohlagan. Xitoydan esa AQShga juda ko‘p miqdorda giyohvand moddalar, xususan, fentanil kelayotgani qayd etilgan.