Qo‘shma Shtatlar Ukrainada saylovlar o‘tkazilishini istaydi, ayniqsa, agar Kiyev yaqin oylarda Rossiya bilan sulh tuzishga rozi bo‘lsa. Bu haqda prezident Donald Trampning Ukrainadagi yuqori martabali amaldori Reuters agentligiga xabar berdi.
Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog intervyuda Rossiya bilan urush davrida to‘xtatilgan Ukraina prezidenti va parlament saylovlari “o‘tkazilishi kerak”ligini aytdi.
“Aksariyat demokratik davlatlarda urush davrida saylovlar bo‘lib o‘tadi. Menimcha, bu juda muhim, bu demokratiya uchun yaxshi. Mustahkam demokratiyaning go‘zalligi shundaki, sizda bir nechta nomzod bo‘ladi”, — dedi Kellog.
Tramp va Kellogning ikkisi ham 2022-yil fevral oyida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini bilan boshlangan urushni tugatish uchun yangi ma’muriyatning dastlabki bir necha oylarida kelishuv tuzish rejasi ustida ishlayotganliklarini bildirdi.
Ular Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng halokatli mojaroni tugatish strategiyasi va bunday rejani qachon oshkor qilishlari haqida juda kam ma’lumot bergan, deb ta’kidlaydi Reuters.
Agentlikka ko‘ra, Trampning rejasi hali ham rivojlantirib borilmoqda va siyosiy qarorlar qabul qilinmagan, ammo Kellog va Oq uyning boshqa rasmiylari so‘nggi kunlarda Ukrainani Rossiya bilan dastlabki sulh doirasida saylovlarga rozi bo‘lishga undashni muhokama qildi, bu suhbatlardan xabardor bo‘lgan ikki kishi va AQShning sobiq amaldori saylov taklifi haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, agar Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilsa, g‘olib Moskva bilan uzoq muddatli kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun javobgar bo‘lishi mumkin.
Trampning bunday taklifi Kiyevda qanday kutib olinishi noma’lum. Prezident Zelenskiyning aytishicha, agar janglar to‘xtasa va Rossiyani jangovar harakatlarni davom ettirishdan to‘xtatish uchun kuchli xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lsa, Ukraina bu yil saylovlar o‘tkazishi mumkin.
Manbalarning aytishicha, Tramp ma’muriyati hali Ukrainadan prezidentlik saylovlarini yil oxirigacha o‘tkazishni rasman so‘ramagan.
- O‘tgan yilning noyabr oyida bir necha OAV Ukrainada prezident saylovi uchun “ma’lum tayyorgarliklar” boshlangani, muhokama qilinayotgan sana — 2025-yil 25-may ekani haqida yozgandi. Ukraina prezidenti ofisi buni rad etgan.
- Ukrainada prezidentlik saylovi 2024-yil 31-mart kuni o‘tkazilishi kerak edi, biroq mamlakatda harbiy holat joriy qilingani sababli bunday bo‘lmadi. Zelenskiy 2024-yilning noyabr oyida “hozir saylovlar vaqti emas”, “hozir mudofaa vaqti, jang vaqti” degandi. Ukrainaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, aholining aksariyati urush tugagunga qadar saylovlarni o‘tkazishga qarshi.
- 2025-yil yanvar oyida Zelenskiy “Ukrainada prezidentlik saylovi harbiy holat tugaganidan so‘ng darhol o‘tkaziladi”, — degandi. “Yoki parlament qonunchilikni o‘zgartirishi kerak”, — degan prezident qonun urush sharoitida saylov o‘tkazishni taqiqlashiga ishora qildi va jamiyat bunga qarshi ekanini bildirgan.