Uzbekistan Airways aviakompaniyasi boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov 28-yanvar kuni kompaniyaning 33 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida jurnalistlarning Toshkentda aviatsiya muzeyini tashkil etish g‘oyasi qanchalik haqiqatga yaqin ekani haqidagi savollariga javob berdi.
“Bu haqiqat, uni qilish mumkin. Bu borada hech qanday to‘siq ko‘rmayapman. Uzbekistan Airways ushbu muzeyni 50 foiz bo‘lmasa ham, 30−40 foizga to‘ldirishi mumkin. Bizda juda ko‘p narsalar bor”, — deya ta’kidladi u.
Kompaniya rahbari O‘zbekiston aviatsiyasi boy tarixga ega ekani haqida gapirarkan, respublikada samolyotlar ishlab chiqarilgani, ko‘plab uchuvchilar tayyorlangani va arxivlarda juda ko‘p ma’lumotlar saqlanishini qayd etdi. O‘tgan yili O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining va Uzbekistan Airways Technics aviata’mirlash zavodining 100 yilligi nishonlandi.
“Loyiha joyida to‘xtab qolmagan, muhokama qilinmoqda. U Transport vazirligi tomonidan nazorat qilinadi, shuningdek, Uzbekistan Airways va uning tarkibiy bo‘linmalari, Mudofaa vazirligi hamda Transport instituti ishlab chiqish jarayonida ishtirok etadi. Joylashtirish masalasini ham hal qilish kerak bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“To‘laqonli muzey bo‘lishini istaymiz…Bu ma’lum xarajat va harakatlarni talab qiladi, albatta, bosqichma-bosqich ish olib boryapmiz. Umid qilamanki, shu yil bu masalani hal qilamiz”, — dedi aviakompaniya rahbari.
Avvalroq “Gazeta.uz” aviatsiya ishqibozi Abror Satimovning Toshkentda aviatsiya muzeyini ochish bo‘yicha taklifini bir necha bor e’lon qilgandi: 2023-yilning iyulida, 2024-yilning iyunida va 2024-yilning oktabrida. Maqolada O‘zbekiston poytaxti va viloyatlarida ko‘plab samolyotlar va boshqa aviatsiya texnikalari, jumladan, ularning noyob namunalari yomon holatda saqlanayotgani aytilgan.
2022-yilning yanvar oyida hukumat aeroportlarda aviaspottingga rasman ruxsat berdi. Qarorda Milliy aviatsiya muzeyini tashkil etish bo‘yicha taklif tayyorlash ham topshirilgan. Loyihaning holati haqida hozircha xabar berilmagan.