Yanvar oyida O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan e’lon qilib boriladigan bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 0,28 foizga yoki deyarli 36,53 so‘mga — 12 920,48 so‘mdan 12 957,01 so‘mgacha oshdi. “Gazeta.uz” bu bo‘yicha Markaziy bank ma’lumotlarini o‘rgandi.
Oy davomida dollar kursi milliy valyutaga nisbatan mustahkamlanib, 23-yanvarda ilk bor 12 990 so‘mga yetdi. Biroq oyning so‘nggi haftasida so‘m kursi pasayishdan to‘xtadi va qisman tiklandi.
O‘tgan oyda Toshkent valyuta birjasidagi savdolar hajmi o‘tgan yilning yanvariga nisbatan atigi 0,4 foizga — 3,35 mlrd dollardan 3,36 mlrd dollargacha oshdi.
Agar dekabr oyi oxirida banklar dollarni 12 840 — 12 870 so‘m oralig‘ida sotib olib, aholiga 12 920 — 12 980 so‘mdan sotgan bo‘lsa, yanvar oyi oxirida xarid kursi 12 895 — 12 930 so‘mni, sotish kursi esa 12 960 — 13 020 so‘mni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, to‘rtinchi chorakda (oktabr-dekabr) Markaziy bank mahalliy ishlab chiqaruvchilardan oltin xarid qilish xarajatlarini 1,3 foizga oshirib, 29,9 trln so‘mga yetkazdi. Valyuta intervensiyalarining sof hajmi 3,5 baravarga — 6,9 dan 24,5 trln so‘mgacha oshdi.
Markaziy bank “intervensiyalar hajmining nisbatan qisqarishi” mavsumiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. IV chorakda chet el valyutasi oqimining ortishi uning valyuta bozorida yetarli darajada taklif etilishini ta’minladi.
Taqqoslash uchun, 2024-yil yanvar oyida AQSh valyutasining so‘mga nisbatan kursi 0,74 foizga (+91,28 so‘m) ko‘tarilgandi.
2024-yil yakuniga ko‘ra, Markaziy bank kursi bo‘yicha dollarning so‘mga nisbatan qiymati deyarli 582 so‘mga (+4,71 foiz) mustahkamlandi. Milliy valyutaning devalvatsiya sur’ati 2023-yilga nisbatan pastroq bo‘ldi. Dollarning o‘rtacha yillik kursi prognoz qilinganidan biroz yuqoriroq shakllandi.