3-fevral kuni prezident, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda mudofaa vaziri qo‘shinlar jangovar shayligi va salohiyatini oshirish, qism va bo‘linmalarni har tomonlama tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan hisobot bergan.
Shuningdek, u Mudofaa sanoati agentligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot bergan.
Mamlakat rahbariyati tomonidan armiyaning jangovar salohiyatini va shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy holatini har tomonlama mustahkamlash, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani modernizatsiya qilish, shuningdek, mudofaa sanoati korxonalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, davlat rahbari jangovar va tezkor tayyorgarlik tadbirlarini jadallashtirish, harbiy korxonalarning ofitser kadrlari va muhandis-texnik tarkibini professional o‘qitish tizimini takomillashtirish zarurligini qayd etdi.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbari Qurolli kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 20-noyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qilgan nuqtida dunyoda turli xatar va tahdidlar avj olib borayotgan hozirgi sharoitda O‘zbekiston Qurolli kuchlarining jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga e’tibor yanada kuchaytirilishini aytgandi. U xalqning tinch va erkin hayotini asrash eng muhim vazifa bo‘lib qolishini ta’kidlagan.
“Hech qachon unutmasligimiz zarur: mamlakatimiz xavfsizligi, yurtimiz mudofaasi nafaqat Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish idoralari, balki O‘zbekistonni o‘zi uchun ona vatan deb biladigan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha insonlarning muqaddas burchidir. Buning uchun yagona vatan, ko‘p millatli yagona ahil oila tuyg‘usi har birimizning qalbimiz, yuragimizdan chuqur joy olishi lozim”, — degandi prezident.