O‘zbekistonda 2024-yilda “103” — tez tibbiy yordam xizmatiga 2713 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Yolg‘on chaqiriqlar 2023-yilgiga (3505 ta) nisbatan 792 taga kamaygan. 2022-yilda bunday chaqiriqlar 5446 tani tashkil etgan.

2024-yilning yanvar-dekabr oylarida eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Samarqand viloyatida kuzatilib, mazkur raqam 645 tani tashkil etdi. Keyingi o‘rinda Qashqadaryo viloyati qayd etildi — 436 ta. Shuningdek, Farg‘ona viloyatidan 259 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Sirdaryo viloyatida ro‘yxatga olindi — 17 ta.

Ma’lumot uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda maxsus xizmatlarni, jumladan, ichki ishlar organi, yong‘inga qarshi xizmat, tibbiy tez yordamni qasddan aldab chaqirganlik uchun BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 000 so‘mdan 1 125 000 so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.