AQShning aktivlarni boshqarish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi Franklin Templeton kompaniyasi O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aktivlarini boshqaradi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi Franklin Templeton Asset Management MCHJ xususiy korxonasi va jamg‘arma o‘rtasida ishonchli boshqaruv shartnomasi imzolandi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Kompaniya jamg‘armaga o‘tishi kutilayotgan 18 ta davlat koxonasi va banki aksiyalaridan iborat investitsion portfelni boshqarib, ularning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan transformatsiya dasturlarini amalga oshiradi. Transformatsiya dasturlari amalga oshirilgandan keyin jamg‘arma hamda uning boshqaruvidagi korxonalar va banklar aksiyalari mahalliy va xalqaro fond birjalariga olib chiqiladi.

Buning uchun Franklin Templeton jamg‘armaga tegishli davlat korxonalari va tijorat banklari strategiyalarini qayta ko‘rib chiqib, ularda korporativ boshqaruv tizimi, moliyaviy samaradorlik, ichki audit va risklarni boshqarish tizimini jahon standartlariga moslashtiradi, xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan transformatsiya dasturlarini amalga oshiradi.

Vazirlik bu shartnoma O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro investorlarni jalb etish maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi prezidentning 2024-yil 27-avgustdagi qaroriga asosan 2024-yilning 24-dekabrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Unga kapitali davlatga tegishli 18 ta korxona va tijorat banklarining 20 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan aksiya paketlari o‘tkazilishi evaziga shakllantirilishi kutilmoqda. Jamg‘armaning yagona ta’sischisi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi.

Quyidagi korxonalar ulushlarini jamg‘arma ustav kapitalini shakllantirish uchun o‘tkazish belgilangan:

franklin templeton, ishonchli boshqaruv, ўзбекистон миллий investitsiya jamg‘armasi

Franklin Templeton

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Franklin Templeton Asset Management mas’uliyati cheklangan jamiyati xususiy korxonasi Singapurdagi Franklin Templeton Capital Holdings Private Limited kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Bu kompaniya esa dunyodagi eng yirik professional aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan, AQShda 1947-yilda tashkil topgan va bugungi kunda 30 tadan ortiq mamlakatda faoliyat yuritayotgan Franklin Templeton Investments, Inc.`ning sho‘ba korxonasi hisoblanadi.

“Dunyo miqyosida tan olingan Franklin Templeton kabi kompaniyaning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi — xorijiy investorlarning mamlakatimizga qiziqishini oshirib, investitsiyalarning ko‘payishiga xizmat qiladi”, — deya qayd etgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning 25-sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Franklin Templeton kompaniyasi bosh investitsiya direktori Manraj Sekxonni qabul qilib, O‘zbekiston Milliy investitsiya fondini rivojlantirish, strategik davlat korxonalarini transformatsiya qilish va ularning aksiyalarini fond bozorlariga joylashtirish masalalarini muhokama qilgandi.