UzGasTrade sodir bo‘lgan avariyani bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar munosabati bilan magistral gaz quvurlarida bosim pasayganini ma’lum qildi. Bu haqda “Hududgazta’minot” kompaniyasi xabar berdi.

“Shu munosabat bilan birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa ekanligini inobatga olgan holda 3-fevral kuni ayrim ulgurji iste’molchilarga cheklovlar kiritildi”, — deyiladi xabarda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda favqulodda vaziyat bartaraf etilgan va gaz ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda.

Ulgurji iste’molchilarga yirik korxonalar (Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, Uzbekistan GTL, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati”, sement zavodlari, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa korxonalar) kiradi. Xabarda gaz ta’minotidan uzilgan korxonalar soni va ularning nomlari haqida ma’lumot berilmagan.

UzGasTrade 2022-yil iyun oyida gaz eksporti va importi, tabiiy gazni markazlashtirilgan tartibda xarid qilish va sotish bo‘yicha yagona operator sifatida tashkil etilgan. Shuningdek, u gaz taqsimlash tarmoqlariga ulangan maishiy iste’molchilarga gaz sotish, shartnomalar bo‘yicha magistral gaz quvurlariga ulangan iste’molchilarga gazni bevosita sotish bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, magistral gaz quvurlari “O‘ztransgaz” balansida, taqsimlash tarmoqlari esa “Hududgazta’minot”da.