Vazirlar Mahkamasida 1-fevral kuni “Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror qabul qilindi.
Hujjat Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish faoliyatini hamda “Halol” belgisi bilan tamg‘alangan mahsulot va xizmatlardan foydalanishni tartibga solish maqsadida qabul qilingan.
Nizomga ko‘ra, “Halol” talablariga muvofiq mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlash organlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Hujjat bilan uyidagilarni nazarda tutuvchi Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi:
- mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi;
- “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni davriy baholash.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda:
- a) olti oy muddatda:
- agentlik tizimidagi davlat muassasasida tashkil qilinadigan mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini xalqaro tan olingan tashkilotlarni jalb qilgan holda akkreditatsiyadan o‘tkazadi;
- mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirishda ishtirok etuvchi mutaxassislar malakasini oshirsin hamda ular uchun treninglar va seminarlar o‘tkazilishini tashkil etadi;
- “Halol” belgisi shakli hamda o‘lchamini belgilaydigan standart loyihani ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
- b) tashabbus ko‘rsatgan tadbirkorlik subyektlariga mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini tashkil etishda ko‘maklashib boradi.
Sertifikatlash va ularga qo‘yiladigan talablarni belgilashda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (CMIIC) tomonidan qabul qilingan va xalqaro miqyosda rasman tan olingan standartlarga ustuvorlik beriladi.
2025-yil 1-maydan boshlab CMIIC talablariga muvofiq sertifikatlangan mahsulotlar va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan markirovka qilishni boshlash rejalashtirilmoqda.
Ariza beruvchi sertifikatlash organiga arizani elektron tarzda topshiradi. Sertifikatlash organi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni uch ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Baholash ishlari sertifikatlash organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan baholash dasturiga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish joyida (obyektda) olib boriladi.
Agar baholash jarayonida ariza beruvchi tomonidan ishlab chiqarilayotgan yoki foydalanilayotgan mahsulotning tarkibi bo‘yicha shubhalar yuzaga kelsa, mahsulot namunalari ariza beruvchining ishtirokida olinadi va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablar hamda “Halol” talablariga muvofiq akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyasida sinovdan o‘tkaziladi.