O‘zbekistonga dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan oyda 3 milliard dollar xorijiy investitsiya keldi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan aholi bandligini ta’minlash va investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xususan, bu yil 5 million 200 ming aholini band qilib, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish, 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni 30 milliard dollardan oshirish hisob-kitob qilingan.
Yig‘ilishda shu borada boshlangan ishlar va dastlabki natijalar haqida axborot berildi. Yanvar oyida 277 ming fuqaro ishli bo‘lgan. Shundan 91 ming nafari doimiy ishga joylashgan, 153 mingi tadbirkorlikka jalb qilingan.
Ta’kidlanishicha, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 32 ta yo‘nalishda yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Yaqinda vazirlik va hokimliklar mutaxassislaridan iborat guruhlar Xitoyga borib, tajriba almashib keldi. Endi joylardagi imkoniyatlar aholiga tushuntirilib, daromad topishga ko‘maklashiladi.
Ish o‘rinlari va investitsiya o‘zaro bog‘liq. Bu yil qariyb 14 milliard dollarlik 8 mingta loyihani amalga oshirib, 272 mingta doimiy ish joyi yaratish rejalashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan oyda yurtimizga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya kelgan. Fevral oyida ham shuncha investitsiya olib kelish, 623 ta loyihani ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda loyihalar bo‘yicha manzilli ishlab, sur’atni keskin oshirish zarurligi ta’kidlandi. Yil boshidan buyon eksport hajmi 1 milliard 300 million dollarga yetgan. Mutasaddilarga xorijiy hamkorlar bilan ishlab, tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishga ko‘maklashish, yangi korxonalarni eksportga jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 17-yanvar kuni aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgandi. O‘shanda prezident 2025-yil ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda hal qiluvchi yil bo‘lishini ma’lum qilgan.
Bu yil 5 million 200 ming fuqaroning bandligini ta’minlash va 1,5 million aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi qayd etilgan.
Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod odam biznesga jalb qilinadi. Shu maqsadda bu yil kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion so‘m kredit ajratiladi.
Turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta bo‘limlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambag‘al oila vakillari ishga olinadi. Umuman, 2025-yilda 6 ming 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalar amalga oshirilib, 210 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqariladi.