O‘zbekistonda palma yog‘i hamda tarkibida shunday yog‘ va transyog‘lari bo‘lgan mahsulotlarni majburiy laboratoriya sinovidan o‘tkazish talabi joriy etilmoqda. Bu haqda prezidentning 30-yanvardagi qarorida aytilgan.

1-martdan boshlab mamlakatga olib kiriladigan palma yog‘i, shuningdek, tarkibida palma yog‘i va yog‘ kislotalari transizomerlari (transyog‘lar) bo‘lgan mahsulotlar, shu jumladan, sut va sut mahsulotlari uchun sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirishda akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda majburiy sinovdan o‘tkazilishi kerak.

Tekshiruvlar amaldagi texnik reglamentlar va standartlar asosida o‘tkaziladi.

Mamlakat ichkarisida oziq-ovqat mahsulotlarida palma yog‘idan foydalanish ustidan nazorat yanada kuchaytiriladi. Nazorat organlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda ham tekshiruvlar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston qancha palma yog‘i import qiladi?

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 2024-yil 10-dekabr kuni prezident bilan uchrashuvidan so‘ng qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar 2022-yilda Indoneziya va Malayziyadan palma va kokos yog‘i, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan boshqa xomashyo importini boj to‘lashdan ozod qilishni so‘raganini ta’kidlagandi.

O‘shanda prezident ushbu imtiyozlar berilishini tasdiqlagandi, ular 2025-yil 1-yanvarda tugaydi. Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozlarni yana ikki yilga uzaytirish taklifini ma’qulladi, degandi Vahobov.

Palma yog‘ini O‘zbekistonga olib kirish 2000-yillarda boshlangan. Dastlabki yetkazmalar taxminan 5000 tonnani tashkil etgan. 2016−2018-yillarda yiliga qariyb 50 ming tonna mahsulot import qilingan bo‘lsa, 2019-yilning yanvar-may oylarida bu ko‘rsatkich 31 ming tonnani tashkil etdi.

Lekin hozir ko‘rsatkichlar pastroq. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha import hajmi qariyb 40 foizga — 39,7 ming tonnadan 24,2 ming tonnagacha kamaydi, yetkazib berish qiymati esa 27 million dollargacha (-46 foiz) kamaydi. Kungaboqar yog‘i importi ham 3,5 foizga — 294,1 ming tonnagacha qisqardi, yetkazib berish qiymati esa 265,2 million dollarni tashkil etdi.

Palma yog‘ining zarari

“Yuksalish” umummilliy harakati Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi agentligi (EFSA) va Oziq-ovqat qo‘shimchalari birlashgan ekspert qo‘mitasi (JECFA)ga tayanib, palma yog‘i qay darajada xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan. Gidrogenizatsiya yo‘li bilan olingan (vodorod atomlarini qo‘shish orqali suyuq yog‘larni qattiq yog‘larga aylantirish) palma yog‘lari eng arzoni hisoblanadi, u mum yoki parafinni eslatadi. Bu yog‘ tarkibida foydali komponentlar yo‘q, shuningdek yog‘ yuqori haroratda qayta ishlanganda unda ko‘p miqdorda zararli moddalar hosil bo‘ladi.

Palma moyi tarkibida 45 foizgacha palmitin kislotasi mavjud. Bu moddani ko‘p miqdorda iste’mol qilish tomirlarning yog‘ pilakchalari bilan tiqilib qolishiga va ateroskleroz boshlanishiga olib keladi. Ateroskleroz o‘z navbatida yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Palma yog‘i arzonligi tufayli muzqaymoq, qandolatchilik mahsulotlari, sariyog‘ va boshqa mahsulotlarga qo‘shiladi.