Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Barqaror rivojlanishga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda “Olis va tog‘li hududlarda plastik chiqindilar” loyihasi doirasida mamlakatdagi plastik chiqindilarni inventarizatsiyadan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Loyiha Bazel, Rotterdam va Stokgolm (BRS) konvensiyalari — atrof-muhit hamda inson salomatligini zararli kimyoviy moddalar va chiqindilardan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan xalqaro shartnomalar kotibiyatlari ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Plastik ko‘p funksiyali va arzon material sifatida qadoqlash va to‘qimachilikdan tortib qurilish va tibbiyotgacha bo‘lgan keng sohalarda qo‘llanilmoqda. Biroq uning chidamliligi va uzoq muddat parchalanishi ekologik inqiroz sabablaridan biriga aylandi, deyiladi hisobotda.

O‘zbekistonda plastik chiqindilar muammosi iqtisodiyotning jadal o‘sishi, urbanizatsiya va turli sanoat tarmoqlarida plastikdan foydalanishning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlarga ega.

Plastik chiqindilarni inventarizatsiya qilish hozirgi holatni baholash va chiqindilarni boshqarish strategiyasini ishlab chiqish uchun asosiy vositalardan biridir. “Inventarizatsiya bozorga kiruvchi plastmassa hajmlarini, ulardan foydalanish va qayta ishlash usullarini, shuningdek, chiqindilarni hosil qilish ko‘lamini baholash imkonini berdi. Bu jarayon vaziyatni tahlil qilish va uzoq muddatli chiqindilarni boshqarish strategiyasini ishlab chiqishda muhim vositaga aylandi”, — deya ta’kidladi Ekologiya vazirligi.

Tadqiqot natijalari O‘zbekiston iqtisodiyotida ishlatiladigan plastik hajmi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatdi. Qadoqlash sektori plastikning eng yirik iste’molchisi bo‘lib qolmoqda. 2022-yilda uning ulushi bozorga kiradigan plastik umumiy hajmining 22,1 foizini tashkil etgan. Transport sektori 24,9 foiz ulushi bilan ikkinchi, qurilish sektori 22,2 foiz bilan uchinchi o‘rinni egallagan. Ushbu uchta sanoat mamlakatdagi barcha plastikning 69 foizdan ortig‘idan foydalanadi. Ushbu taqsimotning asosiy sabablaridan biri plastik uchun qo‘llanilishining keng doirasi: bir martalik qadoqlash va transport komponentlaridan tortib, bardoshli qurilish materiallarigacha.

Plastmassadan foydalanish ortib borishi bilan chiqindilar hajmi ham oshadi. 2022-yilda plastik chiqindilar miqdori 249 241 tonnaga yetgan, bu 2013-yilga nisbatan 147 foizga ko‘pdir. Chiqindilarning asosiy manbai qadoqlash bo‘lib qoladi, bu umumiy hajmning 192 115 tonnasini tashkil etadi. Bu qadoqlash materiallarining qisqa xizmat muddati bilan bog‘liq bo‘lib, ular ko‘pincha ishlatilgandan keyin darhol tashlanadi. Shu bilan birga, transport va qurilish sohalarida chiqindilar sekinroq ko‘paymoqda, chunki bu tarmoqlarda plastik mahsulotlar uzoq xizmat qilish muddatiga ega.

Ayni paytda O‘zbekistonda yiliga 10,2 mln tonna qattiq maishiy chiqindilar hosil bo‘lib, uning 10,3 foizini (1,05 mln tonna) plastik chiqindilar tashkil etadi.

Respublikaning deyarli har bir hududida plastmassa buyumlari, jumladan, idish-tovoq va qop ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud. Aholi orasida plastik mahsulotlar, jumladan, poliyetilen paketlardan keng foydalanilmoqda, deya qayd etdi Ekologiya vazirligi.

Bundan tashqari, mamlakatga plastik mahsulotlar importi eksportdan sezilarli darajada oshib, 2023-yilda 158,5 ming tonnani, 487,5 mln dollarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, 2023-yilda plastik import ulushi 2020-yilga nisbatan 54,6 foizga oshdi.

Vazirlikka ko‘ra, inventarizatsiya jarayonida plastik chiqindilarni samarali boshqarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar aniqlandi.

Birinchidan, mamlakatda qayta ishlash infratuzilmasi yanada rivojlantirish va takomillashtirishni taqozo etadi. Qayta ishlash korxonalarining cheklangan soni chiqindilarni, ayniqsa, poliyetilen, polipropilen va poliyetilen tereftalat (PET) kabi asosiy polimerlarni samarali qayta ishlash imkoniyatini kamaytiradi.

Ikkinchidan, chiqindilarni alohida yig‘ish tizimining yo‘qligi qayta ishlash korxonalarining mavjud quvvatlaridan samarali foydalanishni sezilarli darajada murakkablashtiradi. Aholining ekologik madaniyati yetishmasligi esa muammoni yanada kuchaytiradi: ko‘pchilik chiqindilarni saralashning ahamiyati va plastik ifloslanishning salbiy oqibatlari haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas, deya ta’kidladi Ekologiya vazirligi.

Hisobotda aytilishicha, plastik chiqindilarni samarali boshqarish uchun infratuzilmani rivojlantirish zarur. Qayta ishlash korxonalari, xususan, poliyetilen, polipropilen va PETni ko‘paytirish poligonlarga jo‘natiladigan chiqindilar hajmini sezilarli darajada kamaytiradi va qayta ishlashning iqtisodiy samaradorligini oshiradi.

Chiqindilarni alohida yig‘ish tizimini ishlab chiqish qayta ishlangan xomashyo sifatini oshirish, saralash xarajatlarini kamaytirish va qayta ishlash jarayonini tezlashtirish imkonini beradi, deya bildirdi Ekologiya vazirligi.

Bundan tashqari, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish zarur. Bunga axborot dasturlari, maktablar va korxonalarda chiqindilarni saralash dasturlari kabi amaliy tashabbuslar ham kirishi mumkin.

Hisobotda qayd etilganidek, qonunchilik bazasini takomillashtirish ham muammoda muhim rol o‘ynaydi:

  • plastikni qayta ishlash uchun majburiy kvotalar va bir martalik mahsulotlardan foydalanishga cheklovlar joriy etish;
  • plastik mahsulotlar va idishlarni, ayniqsa, tarkibida turli zararli kimyoviy moddalar va bo‘yoqlar bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish va import qilishni bosqichma-bosqich taqiqlash;
  • ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarning kengaytirilgan majburiyatlari tizimini joriy etish;
  • plastik mahsulotlar va idishlar o‘rnini bosuvchi ekologik toza tovarlarni (biologik parchalanadigan, qog‘oz, trikotaj, paxta va boshqalar) ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarni rag‘batlantirish.

Qayta ishlash sanoati sarmoyadorlari uchun qulay shart-sharoit yaratilayotgani, Ekologiya vazirligi ta’kidlaganidek, sohani rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.

Hisobotda qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekistonda vaziyatni yaxshilash choralari ko‘rilmoqda: chiqindilarni alohida yig‘ish yo‘lga qo‘yilmoqda, plastikning ayrim turlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga cheklovlar joriy etilmoqda, qayta ishlash quvvatlari rivojlanmoqda.

Plastik chiqindilarni inventarizatsiya qilish natijalari Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari kotibiyatining rasmiy veb-saytiga yuklanadi: https://www.brsmeas.org/.