Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash va sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

2025-yilda qariyb 3,19 mln tonna chorva go‘shti, 1 mln tonna parranda go‘shti, 13,12 mln tonna sut va 10,5 mlrd dona tuxum yetishtirish reja qilinmoqda. Ushbu yilda parranda go‘shti eksporti prognozi 180 mln dollar, jumladan, parranda go‘shti 95 mln dollar, tuxum 69 mln dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, asosan parrandachilik xo‘jaliklari va aholi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hisobiga parrandachilik sohasida 1 mln kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvargacha chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizini qaytarish (keshbek) mexanizmim joriy etiladi. Bunda xo‘jaliklarning go‘sht, sut, tuxum va parranda go‘shtni sotishdan tushgan tushumi ularning umumiy daromadining kamida 90 foizini tashkil qilishi kerak.

Shuningdek, 2025-yil 1-fevralga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining (mamlakat suveren jamg‘armasi) 50 mln dollari miqdoridagi mablag‘lari “Mikrokreditbank”ning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar 1 mln ish o‘rni yaratishga mo‘ljallangan “Parranda boqish — daromad topish” loyihasi doirasida parrandachilik tarmog‘idagi xonadonlar bilan hamkorlikni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Ushbu loyiha aholi bandligini ta’minlash maqsadida kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, tijorat banklari balansidagi xo‘jaliklarni salohiyatli yirik korxonalarga biriktirish, ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlari o‘rtasida kooperatsiya tizimini tashkil etish hamda yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga amalga oshiriladi.

2028-yil 1-yanvarga qadar parrandachilik-naslchilik korxonalarining jo‘jalarni yetkazib berishda foydalaniladigan motorli transport vositalari uchun import bojxona boji 5 foizga pasaytiriladi va dvigatelning har bir kub sm uchun 1,2 dollar etib belgilanadi.

Naslchilik xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq imtiyozlari 2028-yilgacha uzaytirildi. Shu sanaga qadar ular foyda, mulk, yer va suv resurslari uchun soliqlarni 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘lashda davom etadi.

Shuningdek, veterinariya dori vositalarini, davlat veterinariya laboratoriya tekshiruvlarida qo‘llanadigan tashxis test tizimlarini olib kirishda veterinariya dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazganlik guvohnomasini berish bepul bo‘ladi.

Prezident qarorida yaylovlar degradatsiyasining oldini olish va qorako‘lchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro donorlardan 50 mln dollar mablag‘ jalb etish belgilangan.

2025-yilda yaylovlarni tiklash hamda ularda sug‘orish inshootlarini (quduqlarni) barpo etish dasturini ishlab chiqish reja qilingan. Quduqlarni muqobil energiya manbalari qurilmalari va suv hisoblagichlar bilan ta’minlash belgilangan.