Andijon viloyati Asaka tumanida erkak 13 yoshli qo‘shni qiz bilan jinsiy aloqa qilmoqchi bo‘lib, 100 ming so‘m pul taklif qilgan va bu uchun atigi 5 sutka ma’muriy qamoqqa hukm qilingandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning yozishicha, hozirda Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan mazkur sud hujjatlari o‘rganilmokda.

Eslatib o‘tamiz, Nemolchi.uz'ning yozishicha, holat 2024-yil noyabrida yuz bergan — 1987-yilda tug‘ilgan Bahodir Ortiqov rafiqasi bilan bo‘lgan intim ehtiyojlarini qondira olmagan va unga qo‘shnisi M.ni (2011-yilda tug‘ilgan) olib kelishini aytgan.

Voyaga yetmagan M. sudda o‘sha kuni qo‘shnisi uni uyiga olib kelib, eri bilan jinsiy aloqada bo‘lishini aytganini ma’lum qilgan. Ayol, shuningdek, o‘smir “hech narsani ko‘rmasligi va og‘riqni his qilmasligi” uchun ko‘zini bog‘lab qo‘yishini aytgan va buning uchun 50 ming so‘m taklif qilgan. Qizcha rad etgach, suhbatga Ortiqov aralashgan va agar u rozi bo‘lsa, 100 ming so‘m to‘lashni aytgan. Qizcha qo‘rqib ketib, qochib ketgan.

Sudda jabrlanuvchining onasi qizida jarohat va zo‘ravonlik izlari yo‘qligini, ammo erkak va ayol harakatlarida jinoyat belgilari bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Ammo birinchi instansiya sudi ham, appelyatsiya sudi ham uning shikoyatini qanoatlantirmagan. Erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (“Shahvoniy shilqimlik”) bilan 5 sutka ma’muriy qamoq, xotini esa davlat foydasiga 750 ming so‘m jarima jazosini olgan.

BP xabarida qo‘shimcha qilinishicha, mazkur masala Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.