Rossiya Saudiya Arabistoni va BAAni Vladimir Putin va Donald Trampning ehtimoliy uchrashuvi uchun joy sifatida ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi Reuters o‘z manbasiga tayanib.
Rossiya rasmiylari bir necha bor Tramp va Putin o‘rtasida joriy yil oxirida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvdan oldin telefon qo‘ng‘irog‘iga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rad etgan bo‘lsa ham, rossiyalik manbalarga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Saudiya Arabistoni va BAAga rossiyalik yuqori martabali amaldorlar tashrif buyurgan, deydi agentlik.
Bir manbaning aytishicha, ba’zi diplomatlar va razvedka rasmiylari Qirollik va BAAning Qo‘shma Shtatlar bilan yaqin harbiy va xavfsizlik aloqalariga ishora qilgani sababli Rossiyada bu g‘oyaga hali ham biroz qarshilik bor.
Shu bilan birga, hozirgi bosqichda Rossiya manbalari 2022-yil mart oyida Rossiya va Ukraina o‘rtasida muvaffaqiyatsiz tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilgan NATO a’zosi Turkiyani ehtimoliy joy sifatida rad etdi, dedi Reuters manbalari.
Reuters xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Tramp lavozimga kirishganidan keyin qo‘ng‘iroq qilgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘lgan. Putin, o‘z navbatida, 2023-yilda Saudiya Arabistoni va BAAga tashrif buyurib, AQSh va Rossiya o‘rtasida mahbuslar almashinuvini tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun Muhammad bin Salmondan minnatdorligini aytgan.
Ikki davlat rahbarlari — valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ham, BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon ham Ukrainadagi butun urush davomida betaraflikni saqlab, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmadi, deb ta’kidlaydi Reuters. BAA Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlarni ayirboshlashda vositachi sifatida ishtirok etgan. Ikki davlat rahbarlari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham muntazam muloqot olib borgan.
Bundan tashqari, ikki davlatning hech biri Putinni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sud a’zosi emas.
Kreml izoh berishdan bosh tortdi. Saudiya Arabistoni va BAA ham bu ma’lumotga izoh berish haqidagi so‘rovlarga javob bermadi, deb yozadi agentlik.
Yanvar oyida Tramp Saudiya Arabistoni va OPEK mamlakatlarini neft narxini pasaytirishga chaqirgandi. “Agar narx pasaysa, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush darhol to‘xtardi”, — degan u. O‘shanda u yana bir bor “bu [Rossiya-Ukraina] urushiga chek qo‘yish uchun prezident Putin bilan tez orada uchrashishni xohlashini” aytgan.
3-fevral kuni Tramp jurnalistlarga ma’muriyati Ukraina, Rossiya va “turli tomonlar” bilan uchrashuv va muzokaralarni rejalashtirganini bildirdi. Boshqa hech qanday tafsilotlarni keltirmadi. AQSh prezidenti aynan qaysi tomonlar nazarda tutilganiga aniqlik kiritmadi. Ikki kun avval Tramp Vashington va Moskva o‘rtasida muhokamalar ketayotganini yana bir bor aytib, ularni “juda jiddiy” deb atagan. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.