O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Muhokama 9-fevralgacha davom etadi.
Konsepsiyasi loyihasini 31-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari birinchi o‘qishda qabul qilgandi. Majlisda konsepsiya loyihasi haqida ma’ruza qilgan deputat Jahongir Shirinov diniy sohadagi davlat siyosatini aniq ko‘rsatilmasligi uning aholi o‘rtasida turlicha tushunilishiga, dunyoviy davlat asoslarining buzib talqin qilinishiga, jamiyatda ziddiyatlarning kuchayishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Ma’ruzachi, shuningdek, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, ayrim davlat xizmatchilarining dunyoviy davlatchilik mohiyatini teran anglamasligi, jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur yetkazuvchi qonunga xilof g‘oyalar, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklashga qaratilgan g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchrayotganini qayd etdi.
“Bunday holatlar yagona O‘zbekiston xalqi, jamiyat va davlat hamjihatligiga xatar bo‘lib, qonun hujjatlariga rioya etilmasligiga, boshqa shaxslarning huquqlarini buzilishiga, fuqarolarning huquqiy tartibotga munosabati salbiy tomonga o‘zgarishiga, vatanparvarlik tuyg‘ulari yemirilishiga hamda oilaviy nizolarga olib kelishi mumkin”, — dedi Shirinov.
Uning ta’kidlashicha, konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etildi.
Konsepsiya 7 ta bob, 41 ta banddan iborat.
Umumiy qoidalar bobida dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar ham muhim o‘rin tutishi qayd etilgan.
“Diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda. Diniy e’tiqodlar va diniy bag‘rikenglik, dinlarning asl insonparvarlik mohiyati jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiluvchi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbaidir”, — deyilgan unda.
Konsepsiyada vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquqi dunyoviy davlatdagina to‘laqonli amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan. Dunyoviy davlat diniy qadriyatlarning, e’tiqodlarning hurmat va himoya qilinishi, izchil rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy muhit yaratadi, deyiladi unda.
Konsepsiyada quyidagi tushunchalarga izoh berib o‘tilgan.
- Vijdon erkinligi — fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqi;
- dunyoviylik - vijdon erkinligi, erkin fikrlash hamda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq insonparvar qadriyatlarga, umumjamiyat manfaatlariga asoslangan axloq va xulq-atvorni nazarda tutuvchi norma
va qarashlar tizimi; - dunyoviy davlat — har kim uchun vijdon erkinligi, mafkura va fikrlar xilma-xilligi kafolatlangan, davlat hokimiyati diniy-konfessiyaviy qarashlar va institutlardan ajratilgan hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda, qarorlar qabul qilishda va ularni ijro etishda Konstitutsiyaga va qonunlarga, umumjamiyat manfaatlariga asoslangan tarzda boshqariladigan davlat;
- dunyoviy qadriyatlar — vijdon erkinligiga, qonun ustuvorligiga, mafkura va fikrlar xilma-xilligiga, dinlararo bag‘rikenglik
va millatlararo totuvlikka asoslangan jamiyatdagi umuminsoniy prinsiplar, normalar va qarashlar majmui; - umumjamiyat manfaatlari — jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonun oldida tengligini ta’minlash, birgalikda tinch-totuv yashash, moddiy-ma’naviy ne’matlardan adolatli tarzda foydalanish hamda taraqqiy etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi jamiyatning ongli ehtiyojlari yig‘indisi.
Konsepsiyaning 2-bobida O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning qisqa tarixi haqida axborot berilgan.
Unda Markaziy Osiyoda diniy taassublar zamirida radikal, ekstremistik va terroristik guruhlarning qonunga xilof faoliyati jadallashishi, jumladan ularning klerikal davlat tuzishga bo‘lgan urinishlari fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqiga tahdidlarni yuzaga kelgani qayd etilgan. O‘sha sharoitda, ya’ni 1998-yil 1-mayda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.
“2000-yillarda jahon tarixida xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolari faoliyatining haddan tashqari faollashuvi kuzatildi. Mazkur jarayon O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Shunga qaramay vijdon erkinligiga nisbatan tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan choralar izchil amalga oshirilib, jamiyatda baraqarorlik muhiti saqlab qolindi”, — deya qayd etilgan konsepsiyada.
3-bobda O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari keltirilgan.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, fuqarolarning erkinligi va qonun oldida tengligini ta’minlash hamda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
- ko‘p millatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekiston xalqining birligi va birdamligini, urf-odatlariga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, ularning rivojlanishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
- fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
- fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
- davlat o‘zining ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda konstitutsiyaviy normalarga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
- Konstitutsiyaviy normalarga muvofiq davlat boshqaruvi, davlat xizmati, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyati hamda ijtimoiy munosabatlar dunyoviylik asosida tartibga solinishini ta’minlash;
- jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirish borasida fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- davlat xizmatchilarining o‘z kasbiy faoliyatida va funksional vazifalarni bajarishda biror-bir dinga yoki e’tiqodga ustunlik berishiga yoxud biror-bir dinni yoki e’tiqodni kamsitishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- jahon ilm-fani, madaniyati, san’ati va adabiyotining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish;
- fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa, jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga tahdid soluvchi radikallashuvga qarshi kurashish, ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Qonuniylik prinsipiga muvofiq diniy sohadagi davlat siyosati Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilingan qarorlarning Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmasligi ta’minlanishi qayd etilgan.
Dinning davlatdan ajratilganligi prinsipi diniy tashkilotlar va davlat organlari o‘zaro bir-birining faoliyatiga aralashmasligi, davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini yuklamasligi, diniy tashkilotlarning davlat funksiyalarini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymasligiga oid qoidalarni nazarda tutadi.
Konsepsiyada davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat, bag‘rikenglik ruhi o‘rnatilishini ta’minlaydi, radikallashuvga, ekstremizmga, terrorizmga, turli dinlarga mansub aqidalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga va keskinlashtirishga, shu asosda fuqarolar totuvligini buzishga, turli konfessiyalar ichida va boshqa konfessiyalar o‘rtasida adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi belgilangan.
4-bobda Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari keltirilgan.
Fuqarolarning vijdon erkinligiga, jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga tahdid soluvchi omillarga qarshi kurashish yo‘nalishida davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy mexanizmlari etib quyidagilar belgilangan:
- diniy radikallashuvga, ya’ni shaxsiy diniy qarashlar asosida ma’lum bir dinning yoki konfessiyaning boshqalariga nisbatan ustunligiga, uni talqin qilishda qonunchilik talablariga va boshqa fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqiga rioya etmaslikka chaqiruvchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
- radikal diniy oqimlar, ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyalariga qarshi kurashish va ularning mafkurasi tarqalishining oldini olish, bu maqsadda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining diniy tashkilotlar bilan samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
- radikal diniy oqimlar, ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan shaxslarni, ayniqsa, yoshlarni ijtimoiy moslashtirish, ularning jamiyatda hukm surayotgan tinchlik va totuvlik muhitiga integratsiyalashuvini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
- dinning insonparvarlik mohiyati, jamiyat va davlat hayotidagi muhim o‘rnini ochib berish bo‘yicha zamonaviy strategiyalarni amalga oshirishga qaratilgan davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi vakillari o‘rtasidagi samarali hamkorlik tizimini yaratish;
- axborot makonida dindan qonunga xilof ravishda va siyosiy maqsadlarda foydalanish hollarini aniqlash hamda ularga nisbatan qonunda belgilangan choralarni ko‘rib borish;
- axborot makonida diniy masalalarga bag‘ishlangan materiallarning milliy qonunchilik talablariga muvofiq holda yoritilishini ta’minlash;
- vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish hollariga o‘z vaqtida munosabat bildirish va adolatli huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash, huquqiy va profilaktik ta’sir ko‘rsatishning zamonaviy, ta’sirchan usullarini ishlab chiqish va joriy etish;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni, jumladan biror-bir dinga ustunlik berish yoki boshqa dinlarga nisbatan murosasizlik g‘oyalarini qo‘zg‘atishga turtki bo‘ladigan materiallar tarqatilgan, shu jumladan Internet tarmog‘ida tarqatilgan taqdirda, bunday axborot resurslaridan foydalanishni qonunda belgilangan tartibida cheklash;
- diniy taassublar (fanatizm) zamirida sodir etiladigan ekstremizm va terrorizmga oid jinoyatlarning barvaqt oldini olish va ularga chek qo‘yish choralarini ko‘rish.
5-bobda dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari va vijdon erkinligi uyg‘unligini ta’minlash haqida so‘z boradi.
Dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari quyidagilarni qamrab olishi ta’kidlangan:
- har bir insonning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda erkinliklarini tenglik va adolatlilik asosida ro‘yobga chiqarish;
- har bir shaxsning qonun asosida teng huquq, imkoniyat va himoyaga ega bo‘lishini ta’minlash, har bir inson qadrlanadigan, hurmat qilinadigan va fikri inobatga olinadigan ijtimoiy muhitni yaratish;
- moddiy ne’matlar va imkoniyatlarni mutanosib ravishda taqsimlashga, tizimli tengsizliklarni bartaraf etishga hamda barcha shaxslarning birlamchi ehtiyojlarini (ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va iqtisodiy imkoniyatlar) yetarli darajada qanoatlantirishga qaratilgan ijtimoiy adolatni ro‘yobga chiqarish;
- turli qarashlar va nuqtai nazarlarga ega ijtimoiy guruhlar o‘rtasida birdamlik hamda bag‘rikenglik, tinch-totuv yashash va hamjihatlik ruhini shakllantirish, ular o‘rtasida muloqot, o‘zaro tushunish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda bir-biri haqida yanglish tasavvurlar va adovat paydo bo‘lishining oldini oluvchi barqarorlik va totuvlik muhitini yaratish;
- biror-bir ijtimoiy guruhning manfaatlariga ustuvorlik bermagan holda, barcha fuqarolarning umumiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
- jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning diniy e’tiqodi va qarashlaridan qat’i nazar, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari asosida istisnosiz ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
- biror-bir diniy qarash asosida atrof-tabiiy muhit barqarorligiga putur yetkazuvchi qaror qabul qilishga yoki amaliyotlarga yo‘l qo‘ymaslik;
- jamiyatning har qanday tajovuzlardan, ijtimoiy va millatlararo nizolardan, turli konfessiyalar o‘rtasida adovat va nafrat uyg‘otishdan, favqulodda vaziyatlar va boshqa tahdidlardan himoyalanganligini ta’minlash.
Dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari va vijdon erkinligi uyg‘unligining asosiy shartlari quyidagilardan iborat:
- fuqarolarning o‘z shaxsiy makoni doirasida boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklariga va qonuniy manfaatlariga daxl qilmasdan, qonunchilik va jamoat tartibini buzmasdan xohlagan dinga e’tiqod qilishi yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmasligi;
- fuqarolarning diniy tashkilotlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlar o‘tkazilayotgan joylarda, qonunchilikda belgilangan tartibda, boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl etmagan holda o‘z diniy qarashlarini ifodalashi, ibodatlarni, rasm-rusumlarni yakka holda yoki guruh bo‘lib bajarishi;
- ijtimoiy-siyosiy makonda huquqiy tartibga solinadigan masalalar bo‘yicha din va dinsizlik bilan bog‘liq aqida va qarashlarni qonunga xilof ravishda tarqatishga hamda diniy belgilarga ko‘ra siyosiy partiyalarni va siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi ommaviy jamoat harakatlarini tashkil etishga va qarorlar qabul qilishga yo‘l qo‘yilmasligi.
6-bob dunyoviy davlatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida.
Xusasan, Davlat boshqaruvi yo‘nalishidagi dunyoviylik davlat boshqaruviga oid qarorlarni qabul qilish hamda amalga oshirishda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni va madaniy merosni hurmat qilgan holda, umumjamiyat manfaatlarini ko‘zlash, ilmiy asoslangan yondashuvlarga tayanishni nazarda tutadi.
Davlat organlari va tashkilotlari, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining diniy qarashlari ularning professional faoliyatiga va funksional vazifalarini amalga oshirishiga ta’sir qilmasligini ta’minlash, shular jumlasidan.
Iqtisodiyotni tartibga solish yo‘nalishidagi dunyoviylik esa davlat tomonidan iqtisodiyotni, iqtisodiyot subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda empirik dalillar, oqilona tahlil va obyektiv kuzatuvlarga asoslangan iqtisodiy qonuniyatlar, prinsiplar va institutlarga tayanish.
Ta’limda dunyoviy yondashuv ta’lim jarayoni, uni tashkil etish va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish diniy aqida va e’tiqodlardan xoli bo‘lgan ilmiy bilim va mantiqiy fikrlashga asoslanishini nazarda tutadi. U ta’lim oluvchilarda qarashlar xilma-xilligi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda ularning ijtimoiy taraqqiyotga qo‘shgan hissasiga nisbatan hurmatni shakllantirishga qaratilgan.
Bu har qanday asoslarga ko‘ra majburiy ta’lim olishdagi cheklovlarga yo‘l qo‘ymaslik, yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, milliy qadriyatlar va ijtimoiy axloq normalarini hurmat qilish, ta’lim tizimida diniy betaraflikni saqlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik va boshqalarni nazarda tutadi.
Tibbiyot sohasidagi dunyoviylik sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish, tibbiy xizmat ko‘rsatish va tibbiy madaniyatni ilmiy tadqiqotlar, dalillarga asoslangan tibbiyot, tibbiy etika va fuqarolarning sog‘liqni saqlash huquqlari ustuvorligi asosida shakllantirishdan iborat.
Tibbiyot amaliyotida faqat klinik va ilmiy jihatdan isbotlangan davolash usullaridan foydalanish, diniy e’tiqod asosida tibbiy aralashuvlarga to‘siqlarning oldini olish, fuqarolarda ilmiy bo‘lmagan davolash usullari zamonaviy tibbiy texnologiyalarni o‘rnini bosa olmasligi to‘g‘risidagi tushunchani shakllantirishni nazarda tutadi.
Madaniyat sohasidagi dunyoviy yondashuv jamiyatni insonparvarlik, tabiiy muhitga, milliy va umuminsoniy madaniy merosga hurmat tamoyillariga muvofiq rivojlantirishdan iborat. Bu an’analar, adabiy va musiqa san’ati, xoreografiya, teatr, kino va badiiy ijodning boshqa shakllarini qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘ladi.
Nikoh munosabatlarini tartibga solishda dunyoviylik fuqarolik va oila qonunchiligi asosida nikohni huquqiy tartibga solishni anglatadi. Bunda diniy marosimlarni o‘tkazishdan oldin nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, nikohga ixtiyoriy rozilik berish prinsipiga qat’iy amal qilish, ikki yoki undan ortiq xotin yoxud ikki yoki undan ortiq er bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilishni cheklash, milliy qadriyatlar va qonunchilikka muvofiq an’anaviy nikoh munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z bormoqda.
Ijtimoiy axloq va xulq-atvor normalarini shakllantirishda dunyoviylik shaxsning boshqa shaxslar va jamiyat bilan munosabatlarda, shaxsiy e’tiqodidan qat’i nazar, boshqalarning huquq va erkinliklarini, shu jumladan vijdon erkinligi huquqini hurmat qilgan holda o‘zini oqilona tutishi, insonparvarlik g‘oyalari, milliy va dunyoviy qadriyatlarga tayanishni nazarda tutadi.
Konsepsiyada nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish natijasida quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:
- fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
- jamiyatda qonun ustuvorligi mustahkamlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish samaradorligini oshirish;
- jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish imkoniyati yaratish;
- dunyoviylikni ta’minlashga doir qonunchilik yanada takomillashtiriladi, mavjud huquqiy bo‘shliqlar va ziddiyatlar bartaraf etiladi;
- dunyoviy davlat prinsipini ro‘yobga chiqarishga to‘siq bo‘luvchi omillar minimallashtirish
- dunyoviy davlatda diniy erkinliklarni ta’minlash shart-sharoitlari yaratish;
- O‘zbekiston Respublikasida davlat va konfessiyalar o‘rtasida diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashtirish;
- diniy va dinshunoslik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirishni nazarda tutadigan diniy sohada kadrlar tayyorlash tizimi takomillashishi;
- diniy sohadagi davlat siyosati axborot makonida tizimli ravishda yoritilishini ta’minlash uchun davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi vakillarining hamkorlik mexanizmlarini yaratish;
- diniy masalalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy loyihalarni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yish.
Konsepsiyada belgilangan maqsad va vazifalarning bajarilishini tashkil etish hukumat, barcha darajadagi davlat organlari, tashkilotlar va muassasalar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, shu jumladan davlat xizmatchilarining zimmasiga yuklatiladi.
Konsepsiyani amalga oshirishda keng jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlari, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qilinadi.
Oliy Majlis palatalarining qarori bilan konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlisning komissiyasi (parlament komissiyasi) tashkil etiladi.