Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni yirik transport infratuzilmasi loyihalari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Xabarda ta’kidlanishicha, davlat rahbarining 2023-yil 10-oktabrdagi qaroriga muvofiq, yo‘l xo‘jaligi sohasi takomillashtirilgan, yo‘l qurish, ta’mirlash va ulardan foydalanish ko‘lami oshgan.
Mazkur qarorda zamonaviy avtomobil yo‘llarini tashkil etish istiqbollari ham belgilangan edi. Jumladan, o‘tgan vaqtda Jahon banki ishtirokida “Toshkent — Andijon” muqobil yo‘li loyihalashtirildi.
Umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lgan bu tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkentdan Andijonga yetib borish vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirishi mumkin.
Yaqinda ushbu loyiha bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilindi. Qisqa vaqtda unga ko‘plab nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirdi.
Yig‘ilishda mazkur loyiha bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Transport vazirligiga yuklamasi ko‘p boshqa yo‘llarda ham muqobil magistrallar qurish, yo‘llarda qulaylik va xavfsizlikni kuchaytirish, turli pullik xizmatlarni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, loyihaning 1-bosqichi umumiy uzunligi 171 kilometrni tashkil etib, Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan avtomobil yo‘li va Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda tasdiqlangan.
Hukumat Jahon banki ko‘magida xususiy sherikni tanlashga yordam berish uchun loyihaning maslahatchisi sifatida Arup and Partner’s (Buyuk Britaniya), PWC va CMS Cameron (Buyuk Britaniya) konsultantlar konsorsiumini jalb qilgan.
10-oktabr kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li bo‘yicha Jahon banki bilan ishlab chiqilgan loyihaning asosiy jihatlari to‘g‘risida ma’lumot bergandi. Vazir o‘rinbosari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lning 64 foizi yangi qurilishi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Uzunligi 314 kilometr bo‘lgan I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘ladi. Yo‘lning qurilish muddati 6 yil 3 oyni tashkil etadi.
Yig‘ilishda, davlat rahbariga, shuningdek, BAAning AD Ports Group kompaniyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida “quruq port” tashkil qilish loyihasi to‘g‘risida ham axborot berildi. Shavkat Mirziyoyev Abu Dabiga tashrifi doirasida 14-yanvar kuni kompaniya rahbari Muhammad Juma al-Shamisiy bilan uchrashgan va amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olgandi.