Meksika va AQSh prezidentlari Klaudiya Sheynbaum hamda Donald Tramp Meksika tovarlarini AQShga import qilishda 25 foizli boj to‘lovlari joriy etishni kechiktirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Meksika yetakchisi o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.

Sheynbaumning so‘zlariga ko‘ra, ikki prezidentning “yaxshi kechgan” shaxsiy suhbati natijasida kelishuvga erishildi. Muddat bir oyga kechiktiriladi. Meksika, o‘z navbatida, AQSh bilan chegarada giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurashni kuchaytirish uchun 10 ming nafar Milliy gvardiya xodimini yuboradi.

Sheynbaumning ma’lum qilishicha, AQSh va Meksika rasmiylari 3-fevraldan xavfsizlik va ikki tomonlama savdo masalalari bo‘yicha birgalikdagi ishlarni boshlaydi.

Kelishuv, shuningdek, AQShning Meksika tomon qurollar savdosining oldini olish bo‘yicha harakat qilish majburiyatini o‘z ichiga oladi.

“Men Prezident Sheynbaum bilan muzokaralarda ishtirok etishni intiqlik bilan kutaman, chunki biz mamlakatlarimiz o‘rtasida “bitim”ga erishishga harakat qilamiz”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida.

“Biz mazkur bir oy ichida ishlashimiz va bir-birimizni bu eng yaxshi yo‘l ekaniga ishontirishimiz kerak”, — dedi Sheynbaum matbuot anjumanida.

  • Tramp 2-fevral kuni Kanada va Meksikadan tovarlar importiga 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qilgandi. Shu bilan birga, u Xitoydan keladigan tovarlarga 10% boj joriy etdi. Ushbu harakatlar “Meksika, Kanada va Xitoyni noqonuniy immigratsiyani to‘xtatish va zaharli fentanil va boshqa giyohvand moddalar oqimini to‘xtatish haqidagi va’dalarini bajarishga majbur qilish” zarurati bilan izohlangan.
  • Meksika prezidenti bunga javoban o‘z iqtisodiyot vaziriga javob choralarini, jumladan, tarif choralarini ko‘rishni topshirgandi.