AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada va Meksikadan import qilinadigan tovarlarga 25 foiz, Xitoydan import qilinadigan tovarlarga 10 foiz boj joriy qildi. Kanada energiya tashuvchilariga nisbatan pastroq — 10% tarif qo‘llanadi. Farmon 4-fevraldan kuchga kiradi.
Oq uy saytidagi bayonotda aytilishicha, bojlar “Meksika, Kanada va Xitoyni noqonuniy immigratsiyani va zaharli fentanil hamda boshqa giyohvand moddalar oqimini to‘xtatish haqidagi va’dalarini bajarishga majbur qilish” uchun joriy etilgan.
AQSh savdo vakili idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy, Meksika va Kanada AQShdagi eng yirik uchta tovar yetkazib beruvchi hisoblanadi. 2024-yilda Xitoy, Meksika va Kanadadan import AQSh umumiy importining 40% dan ortig‘ini tashkil etdi. Ularning mahsulotlari amerikaliklar tomonidan ishlatiladigan eng keng tarqalgan va muhim tovarlar qatoriga kiradi, jumladan, meva va sabzavotlar, go‘sht, benzin, avtomobillar, elektronika, o‘yinchoqlar, kiyim-kechak, yog‘och materiallari, pivo va spirtli ichimliklar. AQShning ushbu uch davlat bilan savdo urushi AQShda ham, xorijda ham iste’molchilar uchun narxlarning keskin oshishiga olib kelishi mumkin.
Farmonda, shuningdek, agar mamlakatlar javob choralarini ko‘rsa, AQSh bojlarni oshirishi yoki soliq solinadigan tovarlar ro‘yxatini kengaytirishi mumkinligi aytiladi.
Kanada va Meksika Trampning tahdidlariga qaramay, javob choralari ko‘rishini ma’lum qildi.
Kanadaning javobi
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo AQShdan import uchun 155 milliard dollargacha 25 foizlik javob bojlari joriy etilishini e’lon qildi. 30 mlrd dollarlik tariflar 4-fevraldan, qolganlari esa uch haftadan keyin kuchga kiradi.
Boj solinadigan tovarlar orasida ichimliklar, jumladan, alkogol va sharbatlar, kosmetika, qog‘oz mahsulotlari, yengil avtomobillar, yuk mashinalari va avtobuslar, po‘lat va alyuminiy mahsulotlari, ba’zi meva va sabzavotlar, aerokosmik mahsulotlar, mol go‘shti, cho‘chqa go‘shti, sut mahsulotlari va boshqalar mavjud.
“Bu — kanadaliklarga zarar keltiradigan tanlov, ammo Ciz, Amerika xalqi uchun ham haqiqiy oqibatlarga olib keladi. Bir necha bor ta’kidlaganimdek, Kanadaga qarshi tariflar Amerika avtomobil yig‘ish zavodlari va boshqa ishlab chiqarish quvvatlariga ta’sir qilib, ish joylaringizni xavf ostiga qo‘yadi. Tariflar siz uchun narxlarni, jumladan, do‘konlardagi oziq-ovqat mahsulotlari va yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxini oshiradi…”, — dedi Tryudo matbuotga bayonot berarkan.
Kanada bosh vazirining ta’kidlashicha, kanadaliklar va amerikaliklar “eng qorong‘i soatlarda birga jangga kirgan va birga halok bo‘lgan” hamda ikkala davlat “dunyo guvoh bo‘lgan eng muvaffaqiyatli iqtisodiy, mudofaa va xavfsizlik hamkorligini qurgan”. “Afsuski, bugun Oq uy amalga oshirayotgan harakatlar bizni bir-birimizga yaqinlashtirmayapti, aksincha, ajratmoqda”, — dedi u.
Tryudo, shuningdek, Kanada va AQSh chegarasi “hatto xavfsiz va ishonchli” ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fentanilning va AQShga noqonuniy kirayotgan migrantlarning 1% dan kamrog‘i Kanada hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, Tryudo vatandoshlarini “bir-birlari bilan birdam bo‘lishga” va Amerika mahsulotlari o‘rniga Kanada mahsulotlarini tanlashga chaqirdi.
Kanadaning ba’zi provinsiyalari allaqachon qarshi choralarni e’lon qilib ulgurdi. Shunday qilib, Britaniya Kolumbiyasi respublika shtatlaridan Amerika likyorini sotib olishni darhol to‘xtatishini e’lon qildi. Yangi Shotlandiya, Kvebek, Ontario va boshqalar ham AQShdan keladigan alkogolli ichimliklardan voz kechdi. Boshqa chora-tadbirlar qatorida AQShdan tijorat transportining o‘tishi uchun to‘lovni ikki baravar oshirish va amerikalik ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalarni qisqartirish turibdi.
Meksikaning javobi
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum o‘z iqtisodiyot vaziriga javob choralarini, jumladan, tarif choralarini ko‘rishni topshirdi. U Oq uyning Meksika hukumati jinoiy tashkilotlar bilan ittifoq tuzgani haqidagi ayblovlarini “bo‘hton” deb atadi va AQShni yirik shaharlar ko‘chalarida giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda ko‘proq harakat qilishga chaqirdi, uning so‘zlariga ko‘ra, ular “bunday qilmayapti”.
“Meksika qarama-qarshilikni istamaydi… Muammolar tariflarni joriy etish orqali emas, balki muzokaralar orqali hal etiladi”, — dedi Sheynbaum Trampga sog‘liqni saqlash va xavfsizlik jamoalari ishtirokida ishchi guruh tuzishni taklif etib.
Sheynbaum rejasi, Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, respublika shtatlaridan ma’lum Amerika tovarlariga bojlarni joriy etish va Meksikada ishlab chiqarilgan tovarlarni targ‘ib qilish kampaniyasini boshlashni o‘z ichiga olishi mumkin. Meksika hukumati, shuningdek, “karusel qasos” deb ataladigan yo‘lni ko‘rib chiqdi, bunda hukumat boj to‘lanadigan Amerika tovarlarini davriy ravishda almashtiradi. Bu AQSh eksport sektorlarida noaniqlikni keltirib chiqaradi va bojlar ta’siridagi sektorlar, masalan, qishloq xo‘jaligini Kongressni faol lobbi qilishga majbur etadi, deb ta’kidlaydi nashr.
Ushbu taktika 2018-yilda, AQSh bojlariga javoban, Meksika po‘lat, cho‘chqa go‘shti, pishloq, olma va burbon (viski) uchun o‘z bojlarini joriy qilganida ish bergan. Oxir-oqibat AQSh chekinishga majbur bo‘lgandi.
Xitoyning javobi
Xitoy Savdo vazirligi Trampning qarorini keskin tanqid qilib, Jahon savdo tashkilotiga shikoyat qilish va “tegishli qarshi choralar” ko‘rishga va’da berdi. Ular qanday bo‘lishi aniq emas.
Idora, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarni “boshqa mamlakatlarga boj to‘lash bilan tahdid qilmasdan, fentanil va boshqalar bilan bog‘liq o‘z muammolarini xolis va oqilona ko‘rib chiqishga hamda hal qilishga” chaqirdi.
Navbat — Yevropa Ittifoqiga
Tramp Xitoy, Meksika va Kanadadan keyin yangi tariflar Yevropa Ittifoqidan kelgan tovarlarga ta’sir qilishi mumkinligiga ishora qildi.
“Ular bizning avtomobillarimizni, qishloq xo‘jalik mahsulotlarimizni olishmayapti. Ular deyarli hech narsa olmaydi, biz esa hammasini olamiz: millionlab avtomobillar, juda ko‘p miqdorda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari”, — dedi AQSh prezidenti jurnalistlarga.
Muxbirning Yevropa Ittifoqidan tovarlarga qachon tariflar joriy etilishi haqidagi savoliga Tramp shunday javob berdi: “Men bizda qandaydir muddatlar bor deb aytmagan bo‘lardim, lekin bu tez orada sodir bo‘ladi”.
Tramp, shuningdek, Buyuk Britaniya “chegaradan chiqib ketganini” ta’kidladi, lekin uning so‘zlariga ko‘ra, u Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan “yaxshi munosabatda” va mamlakatlarning savdo muammolarini hal qilish mumkin.
Yevropa Ittifoqi, o‘z navbatida, Trampning Meksika, Xitoy va Kanadadan tovarlarga tariflarni joriy etish qarorini qoraladi. Blok agar AQSh prezidentining navbatdagi nishoniga aylansa, “qat’iy javob” berishini aytib ogohlantirdi.