Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.

Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.

O‘zbekistonda hafta davomida quruq ob-havo muhiti kuzatilishi kutilmoqda. Yakshanba kuniga borib, g‘arbdan sovuq-nam havo oqimlari kirib kelishi sabab, joylarda yomg‘ir-qor yog‘ishini taxmin qilish mumkin.

Manba: NASAManba: NASA

Ish kunlaridagi ob-havoni Turkamanistondan asta-sekin kirib keluvchi iliq havo oqimlari belgilaydi. Havo harorati hafta oxiriga qadar asta-sekin ko‘tarilib boradi. Haroratning keskin ko‘tarilib borishi juma va shanba kunlari shimoli-g‘arbdan nam sovuq havo oqimlarini mintaqaga “torta boshlaydi”. Bu yakshanba va keyingi haftasi boshlari mintaqaga sovuq havo oqimlari kirib kelishidan darak.

Dushanba kuni janubiy viloyatlarda havo harorati +15 darajagacha ko‘tarilib, juma-shanba kunlarigacha harorat maksimumi hatto +20 darajagacha yetishi mumkin. Ammo tungi va tonggi harorat ish kunlari nol, ayrim hududlarda bundan biroz pastroq ham bo‘lishi mumkin. Faqat payshanba-shanba kunlari tungi haroratning noldan yuqori bo‘lishi kutilyapti.

Manba: Meteoinfo.ruManba: Meteoinfo.ru

Oddiy qilib aytganda, hafta asosan quruq o‘tadi — kunduzi issiqroq, tunda sovuqroq harorat saqlanadi. Yakshanbaga borib hududlarda yog‘ingarchiliklar (asosan yomg‘ir), beqaror ob-havo bo‘lishi kutiladi.

Seshanbadan boshlab vodiy viloyatlarida ham kunduzi haroratning +10 darajadan yuqori ko‘tarilishi asta-sekin gaz quvurlaridagi bosimni barqarorlashtirib, kunduzgi muddatlarda metan gaz-zapravkalari ishini normallashtirishi mumkin.

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 3-fevral kuni joylarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunduzi shimolda va tog‘larda +3…+8 darajagacha, boshqa hududlarda +12 daraja, janubiy viloyatlarda +15 darajagacha, tunda shimol va tog‘larda −0…−5 daraja sovuq, boshqa hududlarda +3 daraja iliqdan -2 daraja sovuq atrofida bo‘ladi. Joylarda tuman hodisalari kuzatilishi mumkin.

Sinoptiklar 4−6-fevral kunlari O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmasligini, 4-fevral kunduz kuni shimolda xuddi dushanba kunidagi kabi +8 darajagacha, boshqa hududlarda esa +13 darajagacha iliq bo‘lishini ma’lum qilgan. Ularning fikricha, janubiy viloyatlarda harorat maksimumlari +16 darajaga yetadi. 5−6-fevral kunlari respublikada harorat yanada ko‘tarilib, hatto shimolda ham harorat +10 darajaga yetadi, boshqa viloyatlarda esa harorat maksimumlari +13…+18 daraja oralig‘ida bo‘ladi.

Ushbu kunlari tungi haroratda dushanba kuniga nisbatan o‘zgarish bo‘lmasa-da, chorshanba kunidan boshlab, respublikaning katta qismlarida tungi harorat minimumlari nol darajadan yuqori ko‘tarila boshlaydi. Tog‘larda kunduzi +2…+7 daraja iliq, kechalari 0…-5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi. Ayrim hududlarga tuman tushishi ehtimoli bor.

Juma va shanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Yakshanba kuni respublikaga nam va sovuq havo oqimlari kirib kelayotganini aholi o‘z tanasida his qila boshlaydi. Bu hodisa shimol hududlarida shanba kunidan boshlanadi. Shimolda juma kuni, boshqa hududlarda shanba kuni haftadagi eng issiq harorat kuzatiladi. Yakshanba kuniga kelib esa hududlarda haroratning sezilarli pasayib borishi ro‘y beradi.

Shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.

“O‘zgidromet"ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta (3−9-fevral kunlari) davomida shimoliy hududlarda harorat shu davrga xos ko‘p yillik o‘rtacha iqlimiy muhitdan sovuq, respublikaning katta qismida esa me’yoriy harorat kutiladi. Tog‘lar va Farg‘ona viloyati janubiy tumanlarida esa biroz issiq harorat kutiladi. Yog‘ingarchilik bo‘yicha esa yangi hafta shu davr uchun xos iqlimiy muhitdan ancha quruq bo‘lishi, Surxondaryo viloyati va tog‘larda bu yanada quruqroq bo‘lishi ob-havo kartalarida ham ko‘ringan.

Shunday qilib, hafta davomida yog‘ingarchilik shu davr uchun xos me’yordan kam, harorat bo‘yicha esa me’yor atrofida bo‘lishi ma’lum qilingan.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Joriy hafta ob-havo muhiti ob-havo o‘zgarishlariga ta’sirchan kishilar salomatligiga u qadar xavf tug‘diradigan darajaga ega emas.

Faqat shimolda shanba kuni, boshqa hududlarda esa yakshanba kuni havo oqimlari o‘rin almashinishi vaqti haroratning keskin pasayishidan oldin kuzatiladigan shamol omili kuchsiz ko‘rinishdagi “barik tubsizlik” hodisasini keltirib chiqarishi mumkin.

“Barik tubsizlik” hodisasidan ta’sirlanuvchi va ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar oldingi materialdagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiqdir.

Bioiqlimiy sharoitlar

Dushanba va seshanba tunlari biroz sovuqroq bo‘lsa-da, haftaning boshqa ish kunlari tunda harorat biroz yuqori bo‘ladi, bu esa nafaqat kunduzi, balki kechki vaqtlarda ham bosh kiyimsiz yurish imkonini beradi. Ammo, shimolda shanba kuni, boshqa hududlarda yakshanba kuni sovuq va nam havo oqimining mintaqaga kirib kelishida nafaqat tunda, balki kunduz kuni ham kishilar qalin kiyimlar kiyib olishlari maqsadga muvofiqdir.

Kosmik ta’sirlar

O‘zbekistonliklar hafta davomida juda kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanmaslar-da, ammo dushanba-chorshanba kunlari 3−4 ballik “sariq” xavfga ega magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari ta’siriga tushishlari prognoz qilinmoqda.

Ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasida 2-fevral kuni M sinfli 4 ta chaqnash kuzatilganini ko‘rsatmoqda. Ushbu chaqnashlardan ajralgan plazma ikki yoki uch kunlarda sayyoramiz magnitosferasiga urilib, Yerda magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Manba: Xras.ruManba: Xras.ru

Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham ish kunlarining boshlarida ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar salomatlikka biroz xavf tug‘dir “sariq” darajadagi, ya’ni kuchsiz qo‘zg‘alishlar bilan ro‘baro‘ kelishi qayd etilgan.

Manba: Ionos.kzManba: Ionos.kz

Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Juma-shanba kunlari havo haroratining kunduz kunlari uchun biroz yuqori kutilishi pastdan yuqoriga ko‘tarma kuch hisobiga havoda mayda dispers zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish darajasi biroz ortishini keltirib chiqarish mumkin. Ammo boshqa kunlari ko‘p ehtimol havoning tabiiy ifloslanishi uchun ob-havo sharoiti u qadar qulaylik yaratish xususiyatiga ega emas.

Hafta davomida kuchli shamol kutilmalari mavjud emasligi sabab, yirik shaharlarda havodagi ifloslantiruvchi moddalarning atrofga chiqib ketishi uchun u qadar qulay sharoit yuz bermaydi.

Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.

Shunday qilib, 3-fevraldan 9-fevralgacha bo‘lgan yetti kunlikda ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar seshanba, chorshanba va payshanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilyapti.