Vazirlar Mahkamasida 31-yanvar kuni “Davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, 2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari va portallarini “Yagona darcha” tamoyili asosida o‘z ichiga oluvchi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasi ishga tushirilgan.

Qaror bilan “Uzinfocom” davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator" mas’uliyati cheklangan jamiyati yagona platforma operatori hisoblanadi.

Davlat organlarining yagona platformaga o‘tkaziladigan veb-saytlari faoliyatini texnik qo‘llab-quvvatlash hamda ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha sarf-xarajatlar belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarga muvofiq davlat organlari bilan platforma operatori o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida mazkur davlat organlarining budjetdan tashqari mablag‘lari, davlat budjeti mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Bunda davlat organlarining veb-saytlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ularga xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar operator tomonidan yagona platformani takomillashtirish, texnik qo‘llab-quvvatlash va axborot xavfsizligini ta’minlash uchun yo‘naltiradi.

2025-yil 1-martdan boshlab davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faqatgina yagona platformada yuritiladi. Bunda yangi tashkil etilgan davlat organlari o‘zlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini tashkil etilgan sanadan boshlab bir oy muddatda yagona platformada yo‘lga qo‘yadi.

Davlat organlari rahbarlari o‘z tuzilmasining rasmiy veb-sayti yagona platformada yuritilishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Davlat organlari:

  • rasmiy veb-sayt yagona platformaga o‘tkazilganidan so‘ng bir hafta muddatda eski rasmiy veb-saytlar domen manzillarini hamda veb-sayt va undagi ma’lumotlarni saqlab qolgan holda, yagona platformadagi rasmiy veb-saytlar manziliga yo‘naltiradi yoki ularning faoliyatini to‘xtatadi;
  • Yagona platforma operatori bilan yagona platformaga o‘tkazilgan veb-saytlar faoliyatini texnik qo‘llab-quvvatlash hamda ularga xizmat ko‘rsatishni, shuningdek, tomonlarning huquq va majburiyatlarini o‘z ichiga oluvchi shartnomani tuzish choralarini ko‘radi.

“Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda yagona platformani har olti oyda beg‘araz asosda kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazib borsin hamda kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha doimiy monitoringni amalga oshiradi.

Hujjat bilan davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini “Yagona darcha” tamoyili asosida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portalida yo‘lga qo‘yish, yuritish, ulardagi axborot dolzarbligi va xavfsizligini ta’minlash hamda hukumat portalida joylashtiriladigan axborotni davlat organlari tomonidan taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom ham tasdiqlandi.

Mazkur nizom “Yagona darcha” tamoyili asosida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasida davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarini joylashtirish, yuritish hamda ulardagi axborotning dolzarbligi va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasida joylashtirish uchun davlat organlari tomonidan axborotni taqdim etish tartibini belgilaydi.

Mazkur nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

  • tashkilot kabineti — davlat organining rasmiy veb-saytini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlarni shakllantirish va yuritish uchun yagona platformadagi sahifa;
  • texnologik yo‘riqnoma — axborot tizimlaridagi ma’lumotlarni (axborot resurslarini) o‘zaro almashishni integratsiya qilish orqali ma’lumotlarni taqdim etish va qabul qilishni tartibga soluvchi texnologik hujjat.
  • yagona platforma — O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasi;
  • yagona platforma operatori — “Uzinfocom” davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator" mas’uliyati cheklangan jamiyati;
  • yagona platformani yurituvchi — davlat organlarining yagona platformada joylashgan rasmiy veb-saytlarni yuritish uchun mas’ul xodimi.

Yagona platformada rasmiy veb-saytlarni yuritish

Davlat organining yagona platformada joylashtirilgan rasmiy veb-sayti Yagona platformani yurituvchi tomonidan yuritiladi.

Tashkilot kabinetida yagona platformani yurituvchi tomonidan rasmiy veb-saytlarda ma’lumotlarni joylashtirish uchun qo‘shimcha xodimlarga ishlash imkoniyati yaratilishi mumkin. Bunda joylashtiriladigan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ishonchligi uchun mas’uliyat yagona platforma yurituvchisi zimmasida bo‘ladi.

Davlat organlarining rasmiy veb-saytlarini yagona platformada yuritish uchun tashkilot platforma operatori tomonidan ishlab chiqiladigan va foydalanuvchi kabinetida joylashtiriladigan platforma bilan ishlash bo‘yicha yo‘riqnoma asosida amalga oshiriladi.

Davlat organlari o‘zlarining yagona platformada joylashtirilgan rasmiy veb-saytlaridagi ma’lumotlarning dolzarbligini muntazam ravishda ta’minlaydi.

Yagona platformada joylashtirilgan rasmiy veb-saytlar qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilgan holda yuritilishi hamda ularda joylashtirilayotgan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar bo‘lmasligi kerak.

Yagona platformani yurituvchi yagona platformada davlat organining rasmiy veb-saytini axborot xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda yuritish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishi va ta’minlashi lozim.

Yagona platforma operatori yagona platformaning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi davlat organlari tomonidan rasmiy veb-saytlar o‘z vaqtida yangilanib borilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi hamda o‘tkazilgan nazorat natijalarini tahlil kiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma tayyorlaydi, ularga tegishli choralarni ko‘rish bo‘yicha davlat organlariga kiritadi.

Yagona platformada axborotni joylashtirish uchun taqdim etiladigan ma’lumotlarni kelishish

Davlat organining axborot xizmati davlat organining ichki hujjatlarida belgilangan muddatlarda tarkibiy va hududiy bo‘linmalar tomonidan takdim etilgan axborotni ko‘rib chiqadi, umumlashtiradi hamda davlat organi rahbari bilan kelishgan (imzolangan) holda yagona platforma operatoriga takdim etib boradi.

Yagona platforma operatori davlat organi tomonidan takdim etilgan axborotni umumlashtiradi va tegishliligi bo‘yicha bosh vazir matbuot xizmati bilan kelishishga kiritadi.

Bosh vazir matbuot xizmati Yagona platforma operatori tomonidan yagona platformaga joylashtirish uchun kiritilgan axborotlarni bir ish kunida kelishib beradi. Yagona platforma operatori bosh vazir matbuot xizmati bilan kelishilgan axborotlarni yagona platformaning tegishli bo‘limlariga joylashtiradi.

Yagona platforma operatori tizimning ishlashi, axborot xavfsizligining ta’minlanishi, tizimdagi shaxsga doir ma’lumotlarga ruxsatsiz kirishning oldini olish uchun mas’ul hisoblanadi. Operator tizimning yagona funksionalligi, xavfsizligi va dolzarbligini ta’minlash uchun ishonchli texnik yordam va muntazam yangilanishlarni amalga oshirib boradi.