Samarqand shahrida yo‘l patrul xizmati xodimining ustiga mashiga haydagan haydovchi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyat YHXB.

Holat 31-yanvar kuni shaharning Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. YPX inspektori davlat raqami bo‘lmagan Onix avtomashina haydovchisiga to‘xtash ishorasini bergan. Biroq haydovchi uning talabiga bo‘ysunmay mashinani xodimning ustiga haydagan va jarohat yetkazib qochib ketan.

Videoda haydovchi inspektorni mashina kapoti ustida bir muddat sudragani ko‘rinadi. Xodim yiqilgach, haydovchi voqea joyidan qochib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi (Haqorat qilish) va 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.