O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi tashkil etiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni qabul qilgan.

Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishda, tajriba-sinov tariqasida, ijaraga oluvchilarning mustaqilligi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizim yaratiladi.

Yangi tizim doirasida:

  • yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda “E-auksion"da savdolarga chiqariladi;
  • elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyidan, tashkiliy-huquqiy shaklidan, boshqa yer uchastkasi bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin.

Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g‘olibi — ijaraga oluvchi Yer kodeksida belgilangan huquqlar va majburiyatlar bilan birga quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi, jumladan:

  • yer uchastkasidan 49 yil ijara huquqi asosida foydalanish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini mustaqil ravishda belgilash;
  • yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish;
  • dala chetida 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni joylashtirish.

Farmonga ko‘ra, yer uchastkalarini ajratish ishlari 2025-yil 1-martgacha to‘liq yakunlanadi.

Yangi tizim birinchi bosqichda 2025-yil bahorgi ekish mavsumigacha belgilangan hududlarda tuman hokimliklari tasarrufida turgan, 2025-yil va undan keyingi yillar hosili uchun paxta va g‘alla ekinlarini yetishtirish nazarda tutilmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarida joriy etiladi.

Yangi tizim samaradorligini muntazam ravishda tahlil qilgan holda, zaruratga ko‘ra, uni 2025-yilgi kuzgi ekish mavsumi va undan keyingi davrlarda boshqa hududlarga ham tatbiq etish bo‘yicha taklif kiritib boriladi.

Quyidagilar tashkil etiladi:

  • “Qishloq xo‘jaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi”;
  • belgilangan hokimliklar huzurida “Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” davlat korxonalari.

Organik mahsulotlar yetishtirish uchun Global G.A.P, GMP, FSCC, HACCP, Halal, Organic va boshqa xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlarni olgan dehqon, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun 2028-yil 1-yanvargacha yer solig‘i 50 foiz miqdorida to‘lanadi.